Qidirish

10:41 / 2026-01-21 48 0 Siyosat

5G, sunʼiy intellekt, superkompyuterlar — Mirziyoyev Oʻzbekistonning raqamli yoʻlini belgilab berdi

Oʻzbekistonda raqamli transformatsiya yangi bosqichga chiqmoqda: 2030-yilgacha minglab startaplar, milliardlab investitsiyalar, sunʼiy intellekt asosidagi davlat xizmatlari va 5G texnologiyalarini joriy etish rejalari Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda 2030-yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani taʼkidlandi.

Shu maqsadda xalqaro tajriba asosida startaplarni qoʻllab-quvvatlashning toʻrt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. Gʻoya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qoʻshma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yoʻnaltiriladi. Elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi.

Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qoʻyish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sugʻurta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.

Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda.

Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.

Mamlakat hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmogʻini kengaytirish, maʼlumotlar xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash zarurligi qayd etildi. Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada barqaror oʻsish surʼatlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan-yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani taʼkidlandi.

2026-yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sunʼiy yoʻldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish