Qidirish

11:05 / 2026-01-21 79 0 Hodisalar

Namanganda hokim yordamchisi va kadastr xodimi pora bilan qoʻlga olindi

Namangan viloyati Pop tumanida yer maydonlarini noqonuniy ravishda xususiylashtirib berish bilan bogʻliq ikki holat fosh etildi.

world-news

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida mahalliy hokimiyat va kadastr tizimiga aloqador shaxslar pora olish va firibgarlikda gumonlanib qoʻlga olindi.

DXX axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Namangan viloyati Pop tumani hokimining mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi yordamchisi 1988-y.t. fuqaroga 49-yil muddatga dehqon xoʻjaligi bilan shugʻullanish uchun ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini oʻzining mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib, uning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan.

Shundan soʻng, Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda hokim yordamchisi oldindan 1000 AQSH dollarini oʻzining 1990-y.t. tanishi orqali olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Davlat kadastrlari palatasining Pop tuman filiali ishchisi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni oʻzining mansabdor tanishlari orqali shaxsiy mulk sifatida fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSH dollari va 4,8 mln soʻm olgan vaqtida ushlangan. Hozirda kadastr ishchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish