Qidirish

02:18 / 2025-09-26 2329 0 Maqolalar

Doʻstlikdagi bozor taqdiri: Hokimlik tadbirkorlar eʼtirozlariga javob berdi…

Jizzax viloyati, Doʻstlik tumanidagi 50-yildan ortiq tarixga ega eski dehqon bozori buzilishi arafasida turibdi. EFFECT.UZ tomonidan tayyorlangan reportaj katta muhokamalarga sabab boʻldi.

Oradan koʻp oʻtmay tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Ammo hokimlik bayonoti tadbirkorlar shubhalarini tarqata oldimi?

Hokimlikning pozitsiyasi

Hokimlikka koʻra, eski bozor 1970-yillarda ochilgan, oʻsha paytda aholi soni 25–30 ming atrofida boʻlgan. Bugun esa tumanda aholi 70 mingdan oshgan, talab va ehtiyoj butunlay oʻzgargan.

– Xalq arzon va sifatli mahsulotgina emas, balki zamonaviy va qulay savdo maskanlariga ham ehtiyoj sezmoqda, – deyiladi bayonotda.

Hokimlik eslatadi: Prezidentning 2024-yil 31-dekabrdagi PQ–468-son qarorida “Chinobod” mahallasidagi eski bozor oʻrnida kichik sanoat zonasi tashkil etish koʻzda tutilgan. Bu – davlat siyosatida aholini ish bilan taʼminlash va yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish maqsadida qilingan qadam ekani taʼkidlanadi.

Hozirda esa Gʻafur Gʻulom mahallasida savdo kompleksi qurilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Loyiha yakuniga yetganda ikki mingga yaqin ish oʻrni yaratilishi, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar, xaridorlar uchun esa qulay sharoitlar taʼminlanishi vaʼda qilingan.

Tadbirkorlarning daʼvosi

Biroq eski bozor tadbirkorlari boshqacha gap qilmoqda. Ularga koʻra, qarorlar hech kim bilan maslahatlashmasdan qabul qilingan.

– “Biz bilan maslahatlashishmadi. Yillar davomida ishlab turgan doʻkonlarimiz taqdiri bir kunda hal qilinyapti,” – deydi bozorchilar.

Bu yerda savol paydo boʻladi: agar hokimlik haqiqatdan ham tadbirkorlar bilan bir necha marotaba maslahatlashgan boʻlsa, nega bozor ahli bundan bexabar qolgan? Yoki maslahatlashuvlar cheklangan doirada, faqat tanlab olingan tadbirkorlar bilan oʻtkazilganmi?

Ikki tomon, ikki munosabat

Hokimlik “asossiz xabarlarga ishonmang” deb chaqiriq qilmoqda. Biroq tadbirkorlar yoki OAV uchun bu masala hech qanday asossiz emas: ularning kundalik tirikchiligi, yillar davomidagi mehnati va oilasi taqdiri xavf ostida.

Eng muhimi, aholi uchun ham savol ochiq qolmoqda:

Yangi kompleksdagi narx-navo qay darajada boʻladi?

Haqiqatan ham ikki mingta ish oʻrni yaratiladimi?

Bozorni buzish va yangi loyihalarga sarflanadigan mablagʻning manbai qayerdan topiladi?

Xulosa oʻrnida

Hokimlik – zamonaviy savdo maskanlari va sanoat zonalari tarafdori. Tadbirkorlar esa – tarixiy bozor va oʻz mehnati himoyachisi. Masalaning eng muhim jihati esa hali ham ochiq qolmoqda: qarorlar qanchalik shaffof qabul qilindi va haqiqatan ham xalq manfaati ustuvor qilindimi?

Doʻstlik tumanining obodonchiligi va rivoji aholi roziligisiz amalga oshishi mumkin emas. Savol shu yerda: bu loyihalar aholi roziligi bilanmi, yoki roziligisiz qabul qilinadimi?

Izohlar 0

Fikr bildirish