So`ngi yangiliklar
Istanbul 18–21 sentyabrda Bosfor Kubogi 2025 qayiqlar poygasiga mezbonlik qiladi
Hamyurtimiz “Yuksak ehtirom” xalqaro esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Farg‘ona dehqon bozoridagi narx-navo xalq uchunmi yoki…
Sentyabrdan boshlab migrantlar ilova orqali kuzatiladi
Kasb va xorijiy tillarga oʻqitish uchun vaucher berish tartibi belgilandi
Kasb va xorijiy tillarga oʻqitish uchun vaucher berish tartibi belgilandi
Fargʻonada uy bogʻchasida 43 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq berib kelingani aniqlandi
Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida 15 ta hujjat imzolandi
“Sabrning ham chegarasi bor”: Samarqandlik tadbirkorning yillar davomida hal qilinmayotgan murojaati…
Sabrning ham chegarasi bor. Ayrim odamlar haqiqatni bilib turib ham tan olmasligi, jamiyatimizda ildiz otayotgan illatlardan biriga aylanib borayotganini koʻrib, koʻz yuma olmaymiz. Bu holat ayrimlarning qon-qoniga singib ketgan, desak aslo mubolagʻa emas. Nima uchun bu gaplar yozilayotganini maqola davomida bilib olasiz.

Tahririyatimizga minglab murojaatlar kelib tushar ekan, biz har bir murojaatni diqqat bilan oʻrganib, asl muammo nimada ekanligini anglashga harakat qilamiz. Bu galgi murojaat ham bizdan chetda qolmadi. Gap shundaki, samarqandlik tadbirkor Aziz Ibodullayevning ancha yillardan beri yechimi topilmayotgan muammosi haqida.
Yuqorida koʻzingiz tushgan boʻlsa, biz tadbirkorning dastlabki muammosi haqida saytimizga koʻplab maqolalar joylagan edik.
Murojaatchining aytishicha, Samarqand viloyat iqtisodiy sudining kassatsiya instansiyasi sudlov hayʼatining 2019-yil 5-dekabrdagi 4-1401-1903/785-sonli ishi boʻyicha qabul qilingan qarorida kollej oʻz hududida inshootni qonuniy qurdirganligi koʻrsatilgan.
Shunga koʻra, sobiq Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kolleji (buyurtmachi) hududida joylashgan yozgi futbol maydoni oʻrniga, yilning toʻrt fasliga moʻljallangan ikki zamonaviy yopiq mini-futbol maydonlari 2017-yil “Mustaqillik” bayramiga qurib bitkazilgan.
Shundan soʻng, kollej maʼmuriyati 2013-yil 8-iyundagi 25-sonli xati bilan Boshqarmadan yozgi futbol maydonini “Yoshlar” MCHJga zamonaviy yopiq mini-futbol maydon qurishi (qurilishga sarflangan xarajatni ijara haqi hisobidan qoplash sharti bilan) va foydalanishi uchun ijaraga berishga ruxsat soʻragan.
Vaholanki, Samarqand viloyat oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi Boshqarmasi 2013-yil 14-iyundagi 06-09/20-1034-sonli xati orqali bu taklifga qarshi emasligini bildirgan.
Bundan tashqari, quyidagi hujjatlar ham mavjud:
2013-yilda tuzilgan uch tomonlama ijara shartnomasi;
“Memorqurilishloyiha” MCHJning loyiha va smetasi;
Kelishilgan qoʻshimcha bino qurilish tavsifnoma taklifi;
Samarqand shahar IIB YOXB tomonidan berilgan xulosa;
Samarqand shahar DSENMning xulosasi;
Samarqand shahar bosh arxitektori nazorat varaqasi;
Samarqand shahar hokimining “Qurilishga ruxsat berish” toʻgʻrisidagi qarori;
Samarqand shahar bosh arxitektori bilan kelishilgan proyekt;
Samarqand viloyat bosh arxitektori tomonidan tasdiqlangan Genplan;
Samarqand shahar arxitektura-rejalashtirish toʻplami;
2017-yilda tuzilgan uch tomonlama ijara shartnomasi;
dalolatnoma (bajarilgan ishni topshirish va qabul qilish);
Samarqand viloyat davlat ekspertiza boshqarmasining yigʻma ekspert xulosasi va kollejning yer, bino-inshootlar kadastr hujjatlari toʻplamini tuzish uchun Samarqand shahar hokimiga 2018-yil 26-iyundagi 24-sonli yoʻllagan xati ham mavjud.
Bu hujjatlar qurilishning har tomonlama qonuniy ekanini koʻrsatadi. Ammo, barcha zarur hujjatlar mavjud boʻlishiga qaramasdan, Samarqand shahar “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” davlat korxonasi Samarqand shahar filiali ijrochilari Sh. Avazov va A. Tursunov masʼul xodimlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi 95191 harbiy qismi sobiq komandiri Isrofil Ibragimov bilan til biriktirib, kollejning kadastr hujjatiga qurilgan inshootni kiritmaslikka harakat qilgan.
Natijada, “Samarqand shahar, Nor Yoqubov koʻchasi, 2-uy manzilda joylashgan Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kolleji oʻquv va yordamchi binolari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 26-iyundagi 1063/6-sonli maʼlumoti (inventarizatsiya xulosasi) da yopiq mini-futbol maydonlari ataylab koʻrsatilmagan.
Shunga koʻra, Samarqand shahar hokimining 2018-yil 29-iyundagi 1159-Q-sonli qarorida inshoot qayd etilmasdan qolgan. Shundan keyin eng qizigʻi, Milliy gvardiyaning 95191 harbiy qismi 2019-yil 23-aprelda 493-sonli daʼvo arizasi bilan Samarqand shahar iqtisodiy sudiga murojaat qilib, mazkur obyektni noqonuniy qurilish deb baholagan va 2690,37 kv.m imoratni MCHJ hisobidan majburiy buzishni soʻragan va hal qiluv qarori chiqqan.
Biroq, tadbirkor Aziz Ibodullayev advokat yollab, kollejga borib qurilishga oid barcha hujjatlar nusxalarini olib sudga taqdim etgan. Samarqand viloyat iqtisodiy sudining kassatsiya instansiyasi sudlov hayʼati inshoot qonuniy qurilganini inobatga olib, 2019-yil 5-dekabrda Milliy gvardiyaning daʼvosini rad etgan.
Shundan keyin, Milliy gvardiyaning Samarqand shahar, viloyat va Respublika iqtisodiy sudlariga qilgan shikoyatlari qanoatlantirilmagan va qaror oʻz kuchida qolgan. Shuningdek, Samarqand shahar qurilish boʻlimi bosh arxitektorining 2023-yil 17-martdagi 383-sonli xatida ham inshoot shaharsozlik hujjatlari asosida qonuniy qurilgani yana bir bor tasdiqlangan.
Biroq, tadbirkorning taʼkidlashicha, MIB Samarqand shahar boʻlimi sud hujjatlari ijrosini hanuzgacha taʼminlab bermagan. Uning aytishicha, 785-sonli apellyatsiya instansiya qarori hozirda ham qonuniy kuchga ega.
Shunday qilib, barcha dalillarga qaramay, MIB Samarqand shahar boʻlimi yillar davomida ikkita ijro varaqalari ijrosi taʼminlanmaganidan tadbirkor taajjubda.
Aziz Ibodullayevning maqsadi – hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi foydalanayotgan inshoot uchun toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻning qolgan 50 foiz qismini undirish. U insonparvarlik tamoyillariga tayanadi va yuqori tashkilotlardan amalda yordam berishlarini, murojaatga qonunan, vijdonan yondashishlarini soʻramoqda.
Ushbu voqea orqali bir narsa oydin koʻrinadi: hujjatlar qonuniy toʻplangan, sud qarorlari tadbirkor foydasiga chiqarilgan, hatto shahar va viloyat arxitekturasi ham inshootning qonuniyligini tasdiqlagan.
Ammo amalda esa, sud hukmi ijro etilmayapti. Bu holat mamlakatimizda qonun ustuvorligi masalasiga jiddiy savol qoʻyadi.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish davlat siyosati darajasida eʼlon qilingan. Biroq, amaliy hayotda tadbirkorning mehnati, sarmoyasi va huquqi hali ham turli byurokratik toʻsiqlarga uchrayotgani afsuslanarli hol. Agar qonun hukmi ishlamasa, tadbirkorning ishonchini qanday saqlab qolish mumkin?
Jamiyatda adolat tantana qilishi uchun qonun hujjatlari qogʻozda emas, amalda ishlashi shart. Agar sud qarorlari bajarilmasa, tadbirkorning mehnati va orzusi puchga chiqishi mumkin. Bu esa nafaqat bir tadbirkorning, balki butun jamiyatning ishonchini yoʻqotadi.
Aziz Ibodullayevning murojaati orqali biz yana bir bor qonun ustuvorligini taʼminlash, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish qanchalik dolzarb masala ekanini koʻrib turibmiz.
Zero, adolat bor joyda taraqqiyot boʻladi. Agar tadbirkorning qonuniy haq-huquqi himoya qilinsa, u yanada koʻproq ishlab chiqaradi, yangi ish oʻrinlari yaratadi va mamlakat ravnaqiga hissa qoʻshadi.
Demak, bu masala bir insonning muammosi emas, balki butun jamiyat uchun dolzarb masala hisoblanadi. Buning uchun Milliy gvardiya qoʻmondoni Rustam Joʻrayev va masʼul idoralargacha hamma tashkilotlar qonun va vijdon asosida harakat qilishlari zarur.
Muallif: Gulbibi Eshmatova



