So`ngi yangiliklar
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Samarqandlik ota-bolaga IIB xodimlari nega kuch ishlatdi?
“Vaʼda boshqa, amal boshqa. Mamlakatda jurnalistika, blogosfera butkul oʻlimtik ahvolga keltirildi” – Ilyos Safarov
Jurnalist Ilyos Safarov Oʻzbekistonda jamoatchilik faollari, OAV xodimlari va blogerlarga nisbatan boʻlayotgan bosim, tahdidlar haqida post joyladi.

Kecha Sudyalar oliy kengashi rahbari Xolmoʻmin Yodgorov EFFECT.UZ saytini tanqidiy maqola uchun sudga berib, BHMning 30 baravari miqdorida jarimaga torttirdi. Avvalroq “Mening yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora Gʻofurova oʻzi tayyorlagan reportaj uchun maʼmuriy ishga jalb qilingandi.
Shu kunlarda Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov oʻziga nisbatan qilinayotgan bosimlarga javoban yozgan maqolasi uchun Mirobod tuman sudida javob bermoqda. Bloger Otabek Bakirov ustidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan shikoyat kiritilgan.
Jahongir Toʻlaganov ishi sudda, Zohid Jumayev ishi sudda, yaqinlariga koʻra, butun boshli tirik jon, bloger Zafarjon Jaqinov shu kunlarda tag-tugi bilan yoʻqolgan, topilmayapti. Jurnalist Anora Sodiqova oʻziga nisbatan davom etib kelayotgan haqorat, shantajlardan toʻyib, jurnalistlar kiritilmayotgan sudlardan adolat izlab yuribdi. Mediasi esa yopilish arafasida emish.
Boshqa nashrlarda ham shunga oʻxshash holat. Kuzating, mamlakat ichki hayotiga oid tahliliy, tanqidiy, oʻtkir maqolalar deyarli toʻxtagan, topolmaysiz. Tahlillar esa maishiy, xavfsiz mavzular va asosan okean ortidagi siyosat tahliliga qaratilmoqda. Bu masalada biroz ortga qaytish, masalan, Rossiya yoki Xitoy siyosatiga oid tahlillarda ham oʻta ehtiyotkorlik talab qilinmoqda. Sababi, bu mamlakatlarga oid maqolalarga ozgina erkin yondashish orqali ham bosh (boshlar) ketishi mumkin.
Bu – bugungi oʻzbek mediasi atrofida uzoq emas, yil emas, shu kunlarda roʻy berayotgan voqealar xolos. (Balki, kartinani hududlarda davom etayotgan necha-necha sudlar va ularda qamalayotgan jurnalist, blogerlar ishi yanada toʻldirar, hammasini bilmaymizku). Yaʼni, tan olishadimi, yoʻqmi, mamlakatda jurnalistika, blogosfera butkul oʻlimtik ahvolga keltirildi.
Ammo shu oʻlimtik holatida ham sohalar kimlarnidir qoʻrqityapti shekilli, yaqinda “Blogerlik faoliyati haqida” qonun qabul qilisharmish. Eshitishimcha, unda blogerlarni soliqqa tortish tartiblari ham belgilanadi. (Koʻngillari kimnidir javobgarlikka torttirishni istab qolsa, bu ham bitta maʼmuriy richagda. Oʻzi har qanaqa ogʻir sharoitga kirib borishdan avval qonunchilik mustahkamlanadiku.)
8-yildan beri aytiladigan va necha-necha rasmiy chiqishlarda vaʼda berilgan jurnalist faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi oʻzgartirishchi, deysizmi? Shaxsan men yaqin yillarda uning qabul qilinishiga ishonmayman. Vaʼda boshqa, amal boshqa boʻlib turarkan, qabul qilinganda ham nima oʻzgarardi?!



