Qidirish

08:30 / 2025-08-30 584 0 Dunyo

Istanbul 18–21 sentyabrda Bosfor Kubogi 2025 qayiqlar poygasiga mezbonlik qiladi

Uch tomondan ajoyib moviy dengizlar bilan o‘ralgan Turkiya jahon miqyosidagi suv sporti tadbirlari bilan dunyoning turli burchaklaridan dengiz ixlosmandlarini o‘ziga jalb qilmoqda. 

world-news

Bosfor kubogi mamlakatning yelkanli sport musobaqalari bo‘yicha eng uzoq davom etgan musobaqa hisoblanadi. Shuningdek, bu ikki qit’a o‘rtasida o‘tkaziladigan dunyodagi kam sonli poygalardan biridir.

Ushbu hayajonli poyga qariyb chorak asr davomida Istanbulning yuragiga yaxtachilik ruhini olib keldi. Bu yil 18-21 sentyabr kunlari Istanbulda 24-marta bo‘lib o‘tadigan Bosfor kubogi Turkiyaning yelkanli sport musobaqasi sifatida o‘z merosini davom ettiradi.

Bosfor uchun “olovli jang”

Tasavvur qiling-a, rang-barang yelkanlar floti bu betakror shaharning osmoni uzra ko‘tarilib, ularning aksi Bosforning yaltirab turgan suvlari bo‘ylab raqsga tushmoqda. Istanbulning jozibali Bosfor bo‘g‘ozi har yili bir hafta oxirida hayratlanarli tomoshalar hamrohligida shiddatli, ammo do‘stona raqobat ruhida o‘tadigan Bosfor kubogi musobaqasining sahnasiga aylanadi.

Odatda tijorat kemalaridan tashqari hammag ayopiq bo‘lgan Bosfor bo‘g‘ozida poyga o‘tkazish uchun berilgan maxsus ruxsat bilan dunyoning turli burchaklaridan kelgan 85 ga yaqin qayiqdagi dengizchilar yagona maqsad ostida Istanbulda to‘planishadi: qit’alarni ajratib turuvchi va imperiyalarning yuksalishi hamda qulashiga guvoh bo‘lgan dunyodagi yagona tabiiy bo‘g‘ozda o‘z mahoratlarini sinab ko‘rish.

18 sentyabr kuni ochilish kuni va ertasi kuni ilk qayiq poygalari Jaddebostan sohillarida bo‘lib o‘tadi. 20 sentyabr kuni 10 ta davlatdan 900 ga yaqin dengizchilar Bosfor kubogi-2025 ning umumiy g‘olibini aniqlash uchun murakkab kurash olib boradigan eng muhim sana hisoblanadi. Shahardagi uchta osma ko‘prik va sohillardagi qariyb bir million tomoshabinning diqqatli nigohlari ostida uzunligi 25 futdan 86 futgacha (taxminan 7,7 metrdan 26,5 metrgacha) bo‘lgan qayiqlar g‘alaba uchun shiddatli raqobatga kirishadi.

Shamollar teatri

Bosfor kubogi nafaqat musobaqaning hayajonga boyligi, balki shaharni qamrab olgan festival muhiti bilan haqiqatdan ham unutilmas onlar baxsh etadi. Bu – Sharq bilan G‘arbning, tarix bilan zamonaviy dunyoning to‘qnashadigan poygasidir. Istanbulliklar yilda bir marta Bosforni bezaydigan ko‘zni qamashtiruvchi dengiz tomoshasiga guvoh bo‘lish uchun shahar sohillariga to‘planishadi.

Bu yil bu ajoyib tomosha Istanbul Tasviriy san’at akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hamda shaharning mashhur shamollarini jonlantiradigan “Shamollar teatri” badiiy spektakli bilan kengayadi. Bosfor bo‘g‘ozidagi poyga soat 12:00 dan 17:00 gacha o‘tkaziladi va qatnashchilar tushdan keyingi kun davomida Bosfor sohillarida hashamatli ziyofatdan bahramand bo‘ladilar.

Izohlar 0

Fikr bildirish