Qidirish

15:25 / 2025-08-26 272 0 Dunyo

Burdur: tarix, madaniyat va tabiat gavhari

Koʻllar hududining durdonasi boʻlmish Burdur viloyati Turkiyaning Oʻrta yer dengizi mintaqasida joylashgan.

world-news

U koʻplab tarixiy va madaniy boyliklar, jumladan, qadimiy shaharlar, tepaliklar, karvonsaroylar, qasr va masjidlar, shuningdek, tabiiy goʻzalliklari, jumladan, koʻllar, gʻorlar, qoʻriqxonalar, bogʻlar va platolar bilan mashhurdir. Viloyat tarixda Frigiya, Rim, Pergamon qirolligi va Vizantiya davrlarini boshdan kechirgan. Insuyu gʻori Turkiyada sayyohlar uchun ochilgan ilk gʻor boʻlib, taxminan 600 metr uzunligi, piyoda yurish yoʻli, stalaktitlar va stalagmitlari bilan noyob tajriba maskanidir.

Sagalassos qadimiy shahri

Aglasun tumanida joylashgan Sagalassos shahri 2009-yilda YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va uning tarixi qadimiy Rim davriga borib taqaladi. 9000 kishini sigʻdira oladigan dunyodagi eng baland qadimiy teatr joylashgan ushbu shahar qadimiy haykaltaroshlikning eng yaxshi namunalarini namoyish etadi. Sagalassos qadimiy shahridagi eng nodir inshootlar orasida Antonin favvorasi, shuningdek, Rim vannalari, kutubxona, turar joylar, ibodatxonalar va Heroon mavjud.

Lisinia tabiat bogʻi

Burdur koʻli qirgʻogʻida joylashgan Lisinia tabiat parki tabiatga yoʻnaltirilgan loyiha sifatida eʼtirof etilgan va Turkiyaning birinchi yovvoyi tabiatni qayta tiklash markazlaridan biri hisoblanadi.

Burdur muzeyi

Burdur muzeyida 66 000 dan ortiq asarlar, jumladan, Xojilar, Kuruchay, Hoʻyucek tepaliklari, Bubon, Sagalassos, Kibyra va Kremnadan topilgan topilmalar mavjud. 1969-yilda tashkil etilgan bu muzey 2008-yilda Yevropa muzeylar forumi tomonidan “Ziyorat qilishga arziydigan muzey” mukofotiga sazovor boʻlgan.

Mehmet Akif Ersoy madaniyat uyi

Mehmet Akif Ersoy madaniyat uyi Turkiya madhiyasi muallifi Mehmet Akif Ersoy Turkiya Buyuk Millat Majlisida Burdur deputati boʻlgan davrida istiqomat qilgan tarixiy Chelikboshlar saroyida joylashgan. Ilk jumhuriyat davriga oid ikki qavatli inshoot tosh poydevori, yogʻochdan yasalgan yuqori qavati va ikkinchi qavatidagi balkonli derazasi bilan anʼanaviy turk uyining oddiy namunasi sifatida ajralib turadi.

Tashrif buyuruvchilar sensorli ekranlarda Ersoyning hayoti, ijodi va Mustaqillik urushidagi sheʼrlarini tinglashlari mumkin. Gologramma taqdimotida Akif kutubxonasi, shaxsiy maktublar, Turkiya Buyuk Millat Majlisi hujjatlari kabi tarixiy manbalar ham namoyish etiladi.

Salda koʻli

Oppoq qumlari va firuza suvlari bilan butun dunyoga mashhur Salda koʻli Turkiyaning eng hayratlanarli goʻzal maskanlaridan biridir. Qushlarni kuzatish kabi faoliyat uchun mos boʻlgan koʻl tarkibida magniy, soda va loy borligi sababli sogʻlomlashtirish turizmi uchun ayni muddaodir.

Qadimgi Kibyra shahri

2016-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Kibyra arxeologik yodgorligi Lidiya va Rim sivilizatsiyasining muhim shaharlaridan biri sifatida tanilgan. Dunyoning eng katta teatriga ega boʻlgan 3000 oʻrinli qadimiy shaharda 2006-yildan beri qazish ishlari davom etmoqda. Qazishmalar natijasida agora, hammom, bazilika, suv kanallari va monumental qabristonlar topildi, bu esa ziyoratchilarga oʻtmishdan hozirgi kungacha boʻlgan shahar hayoti haqida yaxlit tushunchaga ega boʻlish imkonini berdi.

Burdur Yaren kechasi

Turli yoshdagi odamlar yigʻiladigan Yaren kechasi nafaqat qiziqarli tadbir, balki anʼana va urf-odatlar, jumladan, toʻgʻri oʻtirish va tik turish, kichiklarga hurmatni oʻrgatish anʼanasidir. Burdurda, shuningdek, echki va qoramol qovurgʻalaridan tayyorlangan geografik koʻrsatkichga ega Burdur shish kabobi, yongʻoq pastasi, Goʻlhisar kavurmasi (qovurilgan goʻsht turi) va Burdur oshxonasiga xos boʻlgan boshqa turli xil lazzatlarni tatib koʻrish mumkin.

Izohlar 0

Fikr bildirish