So`ngi yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi
Toshkentda giyohvandlik moddalari muomalasi bilan shug‘ullangan ikki talaba qo‘lga olindi
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Qora dengiz: Turkiyaning yashil marvaridi
Turkiyaning Qora dengiz mintaqasi musaffo havosi, zumrad yashil togʻ yonbagʻirlari va qoʻl tegmagan plyajlari bilan barchani oʻziga rom etmoqda.
Ammo asl xazina mintaqaning shamolli platolarida yashirin. Issiq oylarda tashrif buyurganlar anʼanaviy yogʻoch uylarda tabiat qoʻynida oʻziga xos dam olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, Turkiyaning Qora dengiz hududi tarixiy maskanlari, yashirin soʻqmoqlari, oʻziga xos turmush tarzi, mahalliy taomlari va mazali choyi bilan mashhur.
Tabiat va madaniyat uygʻunligi
Qora dengizga sayohat Istanbuldan atigi toʻrt soatlik masofada joylashgan Bolu shahridagi yam-yashil Yedigoʻller milliy bogʻi, Goʻynuk va Mudurnu kabi Cittaslow shaharlaridan boshlanadi. Karabuk yaqinida joylashgan Safranbolu ham YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, ham Cittaslow shahri hisoblangan Turkiyadagi yagona manzil boʻlib, u tarixiy yogʻoch uylari bilan dunyoga mashhurdir. Kastamonu esa oʻzining nafis saroylari, YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan Oʻrta asr Onadoʻlisining yogʻoch gipostil masjidlaridan biri Mahmut Bey masjidi va sokin Cittaslow shaharchasi Daday bilan ajralib turadi. Mintaqaning yagona tabiiy porti Sinopda tashrif buyuruvchilarni Turkiyaning eng shimoliy nuqtasi boʻlgan Injeburun, shuningdek, Sinop qalʼasi va Gerze oʻziga tortadi. Mustaqillik urushi boshlangan Samsun shahridagi Qizilirmak deltasida qushlar qoʻriqxonasining boy biologik xilma-xilligini koʻrish mumkin.
Qora dengizda hordiq chiqaring…
Sharqiy Qora dengiz mintaqasi oʻzining qoʻl tegmagan yassitogʻliklari va plato madaniyati bilan eʼtiborni tortadi. Ordu va Giresun shaharlari Nufuzli Lonely Planetning “Best in Travel 2025” roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, Orduning Chambashi, Pershembe va Keyfalan kabi mashhur platolari toza havosi va suvi bilan oʻziga jalb qiladi. Cittaslow shahri boʻlgan Pershembedagi Yason Burnida qadimgi dunyoning eng mashhur afsonalaridan biri — Yason va Argonavtlarning Qora dengiz boʻylab Oltin yungni izlagan sayohati aynan shu yerda yuz bergan. Kumbet, Bektosh va Sis betakror platolari Giresunda joylashgan. Shaharning Kushkoʻy qishlogʻida tashrif buyuruvchilar nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan antiqa hushtak ovozini ham eshitishlari mumkin.
Madaniy va tabiiy boyliklar markazi Trabzon va yam-yashil vodiylari hamda soylari bilan mashhur Rize bebaho tabiiy goʻzalligi bilan maftun etadi. Machka-Solma, Erikbeli, Lyustra va Karester yassitogʻliklari Trabzonda kashf qilinadigan eng yaxshi platolar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Sumela monastiri, (Maryam ona monastiri), Trabzon qalʼasi va Ayasofya masjidi shaharning tarixiy diqqatga sazovor joylaridan biridir. Rizening Ayder yaylasi va Firtina daryosiga qaraydigan tarixiy Zil qalʼasi kabi yam-yashil dam olish maskanlari rafting sarguzashtlari uchun juda mos keladi. Sharqiy Qora dengiz mintaqasidagi soʻnggi bekat Artvin boʻlib, u yashil vodiylar va baland togʻlar oʻlkasi sanaladi. YUNESKOning Inson va Biosfera Dasturi (MAB) doirasiga kiruvchi Jamili biosfera qoʻriqxonasi va Shavshat Cittaslow shaharchasi unutilmas taassurot qoldirishiga shak-shubha yoʻq.
Qora dengizning ajoyib oshxona anʼanalari
Qora dengiz mintaqasi, shuningdek, boy oshpazlik anʼanalariga ega. Nonushtadagi eng mashhur taom kuymak boʻlib, u makkajoʻxori unini sariyogʻ va maxsus pishloqda qovurib tayyorlanadi. Karalahana (karam turi) va baliq kabi mintaqaviy mahsulotlar, xususan, mashhur Qora dengizning mayda shoʻr baliqlaridan tayyorlangan taomlarning taʼmi noyobdir. Dunyodagi “eng tabiiy choy” sifatida tanilgan qimmatbaho Rize choyi kundalik hayot va madaniyat markazida turadi va hatto mehmonlar yashil yaylovlardagi choy yigʻim-terim ishlarida ham qatnashishadi. Ordu va Giresunda dunyoning eng yaxshi funduklari ishlab chiqariladi. Samsunning mahalliy pidelarini (goʻshtli non), Safranbolu lokumini yoki Trabzondagi Hamsikoy sutlachini (guruch pudingini) tatib koʻrishni unutmang!