Qidirish

16:31 / 2024-11-27 1791 0 Jamiyat

Xivadagi dehqon bozori chiqindixonaga aylangan. Bozor maʼmuriyatiga chora koʻrilgan

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatlarda ekologiyani yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish hamda oʻrmon xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanishni taʼminlashga doir oʻrganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi, IIB va Soliq organlari masʼullari tomonidan Xorazm viloyatida nazorat reyd tadbirlari oʻtkazilgan.

Reyd davomida Xiva shahrida joylashgan Dehqon bozori hududida belgilanmagan joyga chiqindi tashlash va noqonuniy chiqindixona tashkil etish bilan bogʻliq holatlar aniqlandi. Shuningdek, “Xiva shahri Dehqon bozori” AJ maʼmuriyati tomonidan bozor hududida chiqindi toʻplash maydonchasi va maxsus chiqindi qutilari oʻrnatilmagani kuzatilgan.

Holat yuzasidan mansabdor shaxs bozor AJ rahbari D.M. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtK. ning 91¹-moddasi 3-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish maqsadida Sud organlariga yuborilgan.

Shu bilan birga, ushbu dehqon bozori hududi “Eko klaster” MCHJ sanitar korxonasiga biriktirilgan boʻlib, bozor maʼmuriyati va ular oʻrtasida xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma mavjudligi, biroq maʼmuriyat MCHJdan 5 mln soʻm miqdorida qarzdor ekanligi maʼlum boʻldi. Bozor maʼmuriyati rahbari esa bu qarzdorlik bartaraf etilishini taʼkidladi va bozor hududida chiqindi qutilari oʻrnatildi.

Jarayonda Xiva shahri Ekologiya boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan bozorda faoliyat olib borayotgan sotuvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi “Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 787-son qaroriga koʻra qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va vaqtincha saqlash uchun moʻljallangan maxsus chiqindi qutilarining majburiy ravishda oʻrnatilishi lozimligi boʻyicha tushuntirish berildi.

Maʼlumot uchun, poligonlarga joylashtirilishi kerak boʻlgan maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash mansabdor shaxslar uchun BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (7 mln 500 ming soʻmdan 11 mln 250 ming soʻm) miqdorida jarimaga sabab boʻladi. Ushbu holat bir yil davomida qayta sodir etilsa, BHMning 30-50 baravari miqdorida jarima belgilanadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish