Qidirish

15:51 / 2025-12-09 104 0 Jamiyat

Toshkentda xususiy klinikada burun operatsiyasi vaqtida 31 yoshli erkak vafot etdi

Poytaxtning Olmazor tumanidagi xususiy tibbiyot muassasasida burunni tuzatish uchun operatsiyaga kirgan 31 yoshli erkak jarrohlik amaliyoti paytida hayotdan ko‘zyumdi. Bu haqda “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida xabar berildi. Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergov boshlangan.

world-news

Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan xususiy klinikalardan birida 31 yoshli bemor burun operatsiyasi paytida vafot etgani haqida “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida ma’lum qilindi. Marhumning yaqinlari ta’kidlashicha, u nafas olishdagi muammolar tufayli jarrohlik amaliyotiga rozilik bildirgan va Qoraqamish hududidagi xususiy klinika haqida ijobiy fikrlar eshitganidan so‘ng ushbu muassasani tanlagan.

Operatsiyadan oldin bemor zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan va shifokorlar tomonidan amaliyotga ruxsat berilgan. Ammo 12 noyabr kuni taxminan soat 11:30 da boshlangan operatsiyadan ko‘p o‘tmay bemorning yuragi to‘xtagani aytiladi. Yaqinlariga o‘lim haqida bir necha soat o‘tgach ma’lum qilingan.

Marhumning otasi operatsiya xonasidagi sharoitlardan qattiq norozilik bildirgan. Uning aytishicha, o‘g‘li amaliyot chog‘ida maxsus tibbiy kiyimda emas, balki oddiy kiyimda bo‘lgan, zarur apparatlar ham ko‘rinmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bemor anafilaktik shokka uchragan, yuragi esa noma’lum sabab bilan ishdan to‘xtab qolgan. Yaqinlar esa narkoz miqdori noto‘g‘ri berilishi mumkinligini iddao qilmoqda.

Rasmiy manbalar klinika nomini ochiqlamagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda kechayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya Olmazor tumanidagi “Ibotov” klinikasida o‘tkazilgani aytilmoqda. Marhumning qarindoshlari klinika voqeadan so‘ng haligacha ta’ziya bildirmagani va o‘z faoliyatini davom ettirayotganidan e’tiroz bildirmoqda.

Ayni vaqtda Olmazor tumani prokuraturasi ushbu holat yuzasidan tergov harakatlarini olib bormoqda.

So‘nggi yillarda burun plastikasi bilan bog‘liq o‘lim holatlari bir necha bor qayd etilgan. 2025 yil aprelida Farg‘onada, iyun oyida Samarqandda, avgustda Toshkentda shunga o‘xshash holatlar sodir bo‘lgan. 2023 yilda bloger Farhod Mannopov ham burun operatsiyasidan keyin vafot etgan edi.

Izohlar 0

Fikr bildirish