Qidirish

10:18 / 2025-12-09 117 0 Siyosat

Davlat xizmatini boshqarishda yangi tizim: 33 ta hududda natijaga asoslangan model joriy etiladi

Prezidentning yangi farmoniga muvofiq, 2026 yildan boshlab 33 ta tuman va shaharda davlat organlari faoliyati natijaga asoslangan boshqaruv tizimi asosida tashkil etiladi.

world-news

Prezidentning “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–243-sonli farmoni 2025 yil 6 dekabr kuni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi.

Farmonda belgilanishicha, 2026 yil 1 yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta hududda tajriba-sinov tariqasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Yangi model davlat organlari faoliyatini aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar asosida baholashni nazarda tutadi.

Ushbu ko‘rsatkichlar Agentlik tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Agentlik shuningdek:

— natijaga asoslangan boshqaruv modelini tayyorlash va uni joriy etishni uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;
— maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish darajasini “samaradorlik.gov.uz” platformasi orqali baholashni yo‘lga qo‘yadi;
— vazifalarni bajarish va ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi;
— davlat fuqarolik xizmatiga tanlovlarni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etgan holda, zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha bosqichlar joriy qiladi.

Farmonning amalga oshirilishi davlat xizmatida shaffoflik, samaradorlik va natijadorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi belgilangan.

Izohlar 0

Fikr bildirish