Qidirish

23:40 / 2025-08-14 1271 0 Maqolalar

Tergovchi va sudyaning xatosi – “xato”, oddiy fuqaroniki esa – “jinoyat”mi?

Har kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari yoki adolat uchun kurashayotgan ayrim advokatlarning pora bilan qoʻlga olingani haqida guvoh boʻlmoqdamiz.

world-news

Shu bilan birga, ushbu tizimlar har kuni “Korrupsiyaga qarshi kurash“ shiori ostida yigʻilish va majlislar oʻtkazmoqda. Bu holatlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilmoqda. Ammo bu harakatlar hozircha koʻzga koʻrinadigan natija bermayapti.

Nega?

Chunki korrupsiyani faqat pora olganlarni ushlash bilan bartaraf qilib boʻlmaydi. Pora olish — korrupsiyaning faqat bir koʻrinishi, xolos. Korrupsiya — mansab yoki vakolatdan shaxsiy yoki boshqalar manfaati yoʻlida foydalanish bilan bogʻliq keng qamrovli muammodir.

Baʼzi hollarda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan gʻayriqonuniy harakatlarni yashirish uchun sudlar asossiz, qonunga zid va adolatsiz qarorlar chiqaradi. Bu ham korrupsiyaning bir turi hisoblanadi.

Albatta, pora oluvchilarni fosh qilish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim qadam, lekin bu yetarli emas. Bu holat — kasallikni yengish emas, balki simptomlarni davolashga oʻxshaydi.

Kasallikning ildizi qayerda?

Mening fikrimcha, sud tizimi — huquq sohasidagi korrupsiyaning ildizidir. Bu sohadagi poraxoʻrlikning avj olishiga sud tizimining shaffof emasligi katta taʼsir koʻrsatmoqda va korrupsiya uchun qulay sharoit yaratmoqda. Jamiyatda sudga ishonch past boʻlgani uchun fuqarolar muammolarini pora bilan hal qilishga urinmoqda.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror faoliyatida xato qilish ehtimoli mavjud, lekin sud — inson taqdiriga daxl qiluvchi organ sifatida xato qilish huquqiga ega emas, deb hisoblayman.

Sud zali — faqat hukm chiqaradigan joy emas, balki inson taqdiri, jamiyatning axloqiy yuzi va adolat mezonlari sinovdan oʻtadigan muqaddas maskan boʻlishi kerak.

Afsuski, ayrim sudyalar oʻzlarining asossiz qarorlari bilan butun sud tizimida halol va adolatli ishlayotgan sudyalar obroʻsiga putur yetkazmoqda.

Sudga ishonch – jamiyat asosidir

Qonunga koʻra, har bir sud qabul qilgan qarorini asoslashi shart. Bu — sud qarorining qonuniy, asosli va adolatli ekanini dalillar va qonun normalari asosida tushuntirishni anglatadi. Sud faqat qonun moddasini emas, balki uning mazmunini ham izohlab berishi, dalillarni baholashi va qaysi birini rad etgani yoki qabul qilganini mantiqiy tushuntirishi kerak.

Ammo sudlarda shaffoflikning yetishmasligi tufayli bu talablar koʻpincha bajarilmaydi. Negaki, koʻp qarorlar asosli ham, qonuniy ham emas. Koʻpincha “oʻzim xon — koʻlankam maydon” tarzida ish yuritiladi.

Bu esa jazoning muqarrarligi prinsipini buzadi. Asossiz qaror chiqargan sudyalar jazodan qutulib ketmoqda. Aksincha, ular baʼzan yuqori lavozimlarga ham tayinlanmoqda.

Mening shaxsiy misolim:

Sud- huquq sohasida qirq yillik tajribaga ega inson sifatida, qanday harakat jinoyat hisoblanishini juda yaxshi bilaman.

Bir necha marta ayrim sudyalarning jinoiy hatti harakatlari ustidan shikoyat qilganman. Biroq bu sudyalar ustidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi rad qilinmoqda. Nima uchun? Chunki bu sudyalarning harakatida jinoyat alomatlari bor.

Yaqinda ham tergov organining harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud boʻlmagan himoyamdagi shaxsni jinoiy taʼqib qilgan jinoyat ishini koʻrgan bir sudya tergov organini jinoyatlarini berkitish evaziga sud majlisi bayonnomasini soxtalashtirganini dalillar asosida isbotlab, yuqori sudiga shikoyat berdim.

Ne koʻz bilan koʻrayki, ishimni koʻrayotgan sudlov hayʼati aʼzolaridan birining (maʼruzachi) ustidan bundan 10-yillar oldin ham bir emas, ikki marta hujjatlarni soxtalashtirgani ustidan shikoyat qilgan edim. Vaholanki, Navoiy viloyat prokurori oʻshanda bu sudyaning qonunsiz qarori ustidan meni shikoyatim asosida protest kiritishi oqibatida uning adolatsiz sud qarori bekor qilingan edi. Lekin bu sudya jazosiz qutulib qolgan.

Men ushbu sudyaning xolisligiga shubha bildirib, raddiya berdim, ammo u asossiz ravishda rad etildi. Hatto sud tergovi oʻtkazilmasdan, mening shikoyatim qanoatlantirilmay qoldirildi. Bunday holda sudya jinoyatni yashirgan hamkasbining sherigiga aylandi.

Mamlakatimizda halol va pok yashashni oʻz hayotining maʼnaviy tamal toshi deb biluvchi insonlar koʻp. Biroq afsuski, bunday insonlar koʻpincha qiyinchilikka duch keladi. Bu insonlarning irodasi kuchli boʻlishi lozim.

Nega halol insonlar koʻpchilikni tashkil qilsa-da, oʻz manfaatini birinchi oʻringa qoʻyadiganlardan magʻlub boʻladi?

Sababi — halollar orasida ham befarqlar bor. Befarq inson esa dushmandan ham xavfliroq. Ming afsus, prezidentimiz tomonidan sud-huquq tizimida qonun ustuvorligi, inson huquqlari, adolat va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan qarorlar qabul qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar ayrim mansabdorlar tomonidan oʻz manfaatlarini ustun qoʻyish orqali qadrsizlantirilmoqda.

Bu esa jamoatchilikda sud-huquq islohotlariga nisbatan ishonchsizlikka sabab boʻlmoqda. Bunday amalparastlarning faoliyatiga huquqiy baho berish va ularning javobgarligini taʼminlash — davlat va davr talabi.

Advokat Ishmuratov E.I.

Izohlar 0

Fikr bildirish