Qidirish

22:42 / 2025-07-08 159 0 Maqolalar

“Gʻalabaning nomi — Turkiya”dir: 15-iyuldagi dramatik tun nimalar bilan yodda qolgan?

2016-yil 15-iyul kechasi nafaqat Turkiya, balki butun jahon demokratiyasida tarixiy burilish boʻldi. Oʻsha mashʼum tun, demokratik qadriyatlarga raxna solmoqchi boʻlgan fitnaning naqadar vahshiy va qonli tus olishi mumkinligini butun dunyoga yaqqol namoyon etdi.

world-news

Demokratiyaga boʻlgan chuqur ishonchi, bukilmas irodasi va jasorat bilan fitnachilarga qarshi bosh koʻtargan turk xalqi, bu muqaddas diyorda milliy iroda hech qachon zoʻravonlik va tajovuz oldida tiz choʻkmasligini yana bir bor butun bashariyatga qatʼiy ohangda eʼlon qildi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻanning chaqirigʻi bilan xalqimiz, siyosiy qarashlaridan qatʼi nazar, Vatanini, ozodligini va demokratiyasini himoya etib, jahonga ibrat boʻladigan birdamlik va matonat namunasi koʻrsatdi.

“Fathullohchi terror tashkiloti” (FETO) tomonidan puxta rejalashtirilgan va bir vaqtning oʻzida mamlakatning bir qancha yirik shaharlarida amalga oshirilgan bu xoinona hujum, davlatimizning asosiy ustunlariga zarba berib, Turkiyani notinchlik va tartibsizlik girdobiga tortishni koʻzlagan edi. Ammo xalqimiz oʻz irodasi va birligi bilan tarixiy sabr-toqat va jasorat koʻrsatdi.

Bu muqaddas kurash — turk millati uchun shunchaki siyosiy qarshilik emas, balki demokratiya, milliy iroda va mustaqillikni himoya qilish yoʻlida ado etilgan vatanga sadoqat burchi, muqaddas bir vazifa edi. Ushbu dahshatli toʻntarish urinishida 252 yurtdoshimiz shahid boʻldi, 2740 nafar qahramonimiz esa gʻoziylik sharafiga muyassar boʻldi. Xalqimizning bu jasorati va fidoyiligi hech qachon unutilmaydi; jon va qon evaziga qoʻlga kiritilgan bu gʻalaba avloddan avlodga oʻtadigan sharaf timsolidir.

Toʻntarish urinishidan soʻng Turkiya jamoat tartibini yanada barqaror va mustahkam shaklda tiklash yoʻlida qatʼiyatli kurash olib bordi. Mamlakatimiz kelajagiga tajovuz qilganlarga nisbatan qonun ustuvorligini buzmasdan sud-huquq jarayonlarini boshladi va shu orqali demokratiyasini yanada mustahkamladi.

Shuni ochiq va qatʼiy taʼkidlash joizki, bugungi kunda demokratiyaga boʻlgan tahdidlar alohida davlatlarning emas, balki butun bashariyatning umumiy muammosiga aylangan. Asl sinov esa— bu xavfga qarshi yelkama-yelka, qatʼiy iroda bilan bir safda turishga qodir boʻlishdir.

Maʼlumki, FETO yetakchisining oʻlimi bu tashkilot ichida yemirilish jarayonini tezlashtirdi va terror tuzumining qulashini yanada jadallashtirdi. Afsuski, ayrim xorijiy kuchlarning ushbu tuzilmaga hanuzgacha yashirin yoki oshkora koʻmak koʻrsatayotganini bilamiz. Ana shunday yordamlar qarshisida xalqaro bosimni kuchaytirish zarur.

Shu munosabat bilan yana bir bor taʼkidlayman: terrorchi tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlovchi, ularga panoh beruvchi yoki hamdardlik bildirayotgan davlatlar eshitib qoʻysinlar: Turkiya — oʻz yoʻnalishini terror tashkilotlari, qoʻgʻirchoqlar va vositachilar orqali belgilaydigan mamlakat emas. Turkiya oʻz demokratik tuzumiga va milliy birdamligiga raxna soluvchi hech qanday tuzilmaga loqayd qaramaydi. Terrorizmga qarshi kurashimiz ham sahnada, ham diplomatik maydonda qatʼiyat bilan davom etadi. Bu borada hech kimda shubha boʻlmasin.

Prezident rahbarligida davlatimiz, mamlakatimiz ichida ham, xalqaro maydonda ham terrorga qarshi kurashda bir qarich ham ortga chekinmay terrorizmga qarshi kurashni qatʼiyat bilan davom ettirmoqda. Biz esa, Turkiya Respublikasi Kommunikatsiya Boshqarmasi sifatida, 15-iyul kechasi xalqimiz yozgan dostonni; FETO tashkilotining zulmatga burkangan basharasini, jinoyatlarini va buzgʻunchi faoliyatlarini milliy va xalqaro miqyosda har tomonlama yoritishda davom etyapmiz.

Xulosa qilib aytganda, 15-iyuldagi qonli toʻntarish urinishining bartaraf etilishi, xalqimiz tomonidan global ekspluatatsiya va terror tuzumiga qarshi koʻrsatilgan ulkan qarshilik, jasoratli pozitsiyasini ochiqcha namoyish etishdir. Bugun Turkiya oʻz demokratiyasini qanday himoya qilayotgan boʻlsa, xuddi shunday qatʼiyat bilan global adolatni ham himoya qilmoqda. Bu kurash xalqimiz irodasi va Prezidentning qatʼiy rahnamoligi bilan tobora mustahkamlanib bormoqda.

Endi butun dunyo ochiq-oydin anglab yetmoqdaki, Turkiya mintaqaviy va global masalalarda nafaqat maydonda, balki muzokara stolida ham yetakchi soʻz egasidir. Yurtimiz nafaqat oʻz manfaatlari uchun, balki mintaqa va butun insoniyat uchun tinchlik va barqarorlikni himoya qiluvchi kuchli va faol siyosiy aktyordir. Turkiyaning ziddiyat va inqirozlarni bartaraf etishdagi vositachilik roli — sinov va toʻqnashuvlar girdobida qolgan mazlum xalqlar uchun chinakam umid manbaiga aylanib bormoqda.

Unutmasligimiz kerakki, demokratiya faqatgina bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy qadriyatidir. 15-iyul ruhi — istiqbol sari yoʻl ochuvchi maʼnaviy mayoq boʻlib, demokratiyaga boʻlgan sadoqatimizni yana bir bor tasdiqlamoqda.

Erkinlik va demokratiya yoʻlida jonini fido qilgan shahidlarimizning muqaddas xotirasi — bugun xalqimizni demokratik qadriyatlarga sadoqatda bardavom tutayotgan eng kuchli maʼnaviy ilhom manbalaridan biridir. Turkiya kecha qanday qilib oʻz demokratiyasi, erkinligi va mustaqilligini mardonavor himoya qilgan boʻlsa, bugun ham xuddi shu jasorat va qatʼiyat bilan uni asrab-avaylashda davom etmoqda. Aynan shu sababli ham: “Gʻalabaning nomi — Turkiya”dir.

Professor Faxriddin Altun, Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari

Izohlar 0

Fikr bildirish