Qidirish

03:04 / 2025-08-15 1195 3 Maqolalar

Murojaatlar Prezidentgacha yetib bormayapti, yoxud yengilgan kurashga toʻymas…

Samarqandlik tadbirkor Aziz Ibodullayev qurgan mini-futbol stadioni boʻyicha xarajatlarni qoplash masalasida Saida Mirziyoyevaga amaliy yordam soʻrab, takroriy ravishda murojaat yoʻlladi.

world-news

“Yengilgan kurashga toʻymas” deganlaridek, inson tirik ekan, haqiqat qaror topishi uchun oxirigacha kurashishga majbur boʻladi. Buni tadbirkor – Aziz Ibodullayev misolida koʻrish mumkin.

Xabaringiz bor, samarqandlik tadbirkor Aziz Ibodullayev huquqlari buzilgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva nomiga murojaat yoʻllagan.

Ammo joriy yilning 4-iyulidagi 6-sonli shikoyat arizasiga kelgan javobdan norozi boʻlib, boshqa iloji yoʻqligi sababli “Yoshlar” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari takroran murojaat yozishga majbur ekanligini aytmoqda.

Murojaatda keltirilishicha, yillar davomida yechilmay kelayotgan muammolar Prezidentga yetib borishi uchun bir qancha tashkilotlarga murojaatlar yoʻllangan. Ammo, nomaʼlum sabablarga koʻra uning fikrlarini hech kim tinglamayapti, eshitmayapti.

Tadbirkorning aytishicha, murojaatlari xalq dardini oʻylaydigan va uning oilasining yillar davomida koʻrgan azob-uqubatlarini his qiladigan birorta jonkuyar mansabdor stoliga yetib bormayapti, ish choʻzilyapti.

“Oilamiz moliyaviy sharoiti yaxshi boʻlganida, toʻlanmasdan qolgan pullardan voz kechgan boʻlardik, afsuski, shunga qarab qolganmiz”, — deydi murojaatchi.

U, shuningdek, qurilishni yakunlash uchun qilgan xarajatlari borligini, farzandlari oliygohda tahsil olishi uchun sharoit yaratish va otalik burchini bajarishi zarurligini taʼkidlaydi.

Bundan koʻrinib turibdiki, Aziz Ibodullayev haqiqatan ham moliyaviy yordamga hamda huquqiy himoyaga muhtoj. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur obyekt tufayli sogʻligi yomonlashib, tadbirkorlik faoliyatini davom ettira olmay, yetti yildan beri sarson boʻlib, koʻplab qiyinchiliklarni boshidan kechirgan.

Shuningdek, tadbirkor oʻz murojaatida Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kollej maʼmuriyati oʻz hududida qurdirgan obyekt Samarqand viloyati hokimligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi ruxsati bilan barpo etilganini qayd etgan.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu inshoot bugungi kungacha davlat tashkilotiga xizmat qilib kelmoqda, yaʼni Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi uni oʻz ehtiyojlariga moslashtirib, ikki tomonidan eshik ochtirib, qalin asfalt yotqizib, harbiy avtomobil texnikalari uchun foydalanib kelmoqda.

Ushbu yoʻllangan takroriy shikoyatda tadbirkor yuqori tashkilotlardan iqtisodiy sud tomonidan qonuniy deb topilgan, Xadicha Sulaymonova nomidagi Sud-ekspertiza markazi xulosasi berilgan inshoot qurilishiga sarflangan xarajatning qolgan 50 foiz qismini toʻlash masalasini Respublika miqyosida koʻrib chiqish va ishning hal boʻlishiga amaliy yordam berishlarini soʻragan.

Shu oʻrinda, murojaatning ijro muddati kuni oʻtib ketgan, yaʼni 11.08.25 sanagacha chiqishi kerak boʻlgan javob xatining bugungi 15.08.25 kunga qadar daragi boʻlmagan.

Eng achinarlisi shundaki, tadbirkor PM.GOV.UZ sayti orqali Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga takroriy shikoyat ariza yuborgani holatida ushbu shikoyat Administratsiya tomonidan Oliy sudga yoʻnaltirilgan boʻlsa-da, murojaatning ijro muddati nega haligacha oʻtkazilmayotganidan chuqur qaygʻuda.

Aytish joizki, tadbirkor Oliy sud raisiga oʻtkazib yuborilgan muddatni uzrli sabablarini koʻrsatib bersa-da, ishni taftish tartibida koʻrib chiqishlari uchun Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov tomonidan reaksiya boʻlmayotganidan xavotirda.

Shundan kelib chiqib, tadbirkor holatga mutasaddi tashkilotlar, jumladan Adliya vazirligi yoki Oliy sud tomonidan munosabat bildirishini soʻramoqda.

Maqola muallifi: Gulbibi Eshmatova

Izohlar 2

Rafikova shirin
2025-Aug-15 20:32
Biz sizga iwonamiz Saida opa tadbirkorlarga yordam Bering
Ибадуллаев Самандар
2025-Aug-16 13:55
Хамин тадбиркорба ёрдам натиян агар ёш тадбиркороя а инхел корхо дилаш мемонат.Ман уйла мукунамки албатта ёрдам митиян.
Fikr bildirish