Qidirish

21:34 / 2025-04-16 420 0 Maqolalar

Vijdon erkinligi...

Mazkur maqola vijdon erkinligining insoniyat tarixidagi oʻrni, uning ahamiyati va jamiyatda erkinlikni taʼminlashdagi rolini tahlil qiladi. Vijdon erkinligi faqat qonuniy huquq sifatida emas, balki insoniyatning asosiy qadriyatlaridan biri sifatida koʻrib chiqiladi.

world-news

Maqola Oʻzbekistonning konstitutsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlar asosida vijdon erkinligi qanday taʼminlanganini va uning ahamiyatini yoritadi. Shuningdek, maqola vijdon erkinligining dunyo boʻylab muammolarga sabab boʻlgan diniy repressiyalar, qatagʻonlar va zulmlar kontekstida qanday qoʻllab-quvvatlanishini koʻrsatib beradi.

Insoniyat yaralibdiki dunyoda insonlar koʻplab bosqichlarni boshlaridan oʻtkazgan. Tarixdan maʼlumki, olamda koʻplab dinlar mavjud. Din tushunchasiga oddiygina bir misol qiladigan boʻlsak, tong – erkinlikning eng halol ifodasidir, u hech kimdan soʻramaydi, hech kimga boʻysunmaydi.

Uni toʻxtatib boʻlmaydi, lekin hurmat qilgan qalblarga nur olib kiradi. Xuddi vijdon singari. Yillar davomida insoniyat moddiy taraqqiyotga intildi – osmonni zabt etdi, sunʼiy aql yaratdi, qitʼalarni bogʻladi, osmonda parvoz qilish yoʻlini topdi, yer qarini ham egalladi.

Ammo inson qalbining eng chuqur burchagida yotgan bir neʼmat bor – u vijdondir. U texnologiya bilan, pul yo boylik bilan, hech qanday qimmatbaho buyum bilan oʻlchanmaydi, lekin u yoʻqolsa, insoniyat yoʻqoladi. Vijdon erkinligi – insoniylikning yuragi. Vijdon – bu shunchaki ong emas balki, bu insonga yoʻl koʻrsatuvchi , ichki haqiqat, yashirin ovoz deyish mumkin. Biz vijdonni, eʼtiqodimizni tanlar ekanmiz uni ruhan ham qonunan qabul qilamiz. Osuda va farovon yurtimizda tinchlik hukm surar ekan biz oʻz yoʻlimizni oʻzimiz tanlaymiz. Demokratik va mustaqil ona vatanimiz Oʻzbekistonda asosiy qonunimiz Konstitutsiya bizni bu erkinligimizni taʼminlaydi.

1992-yil 8-dekabrda 12-chaqiriq XI-sessiyasida bizning osuda hayotimiz, erkinliklarimiz, haq-huquqlarimizni asosiy sababchisi Konstitutsiya qabul qilingan. Ammo biz yaqindagina yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qonuniy asoslarga tayanib qabul qildik. Hamda yangi tahrirdagi konstitutsiyamizning 35-moddasida vijdon erkinligi va eʼtiqod erkinligi haqida bejizga aytilmagan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi.”[1] Bu – juda sodda jumla boʻlib tuyuladi, ammo uning zamirida butun boshli tarix, kurash, harakatlar va saboqlar yashiringan. Chunki vijdon erkinligi bor joyda – hurmat, bagʻrikenglik, ijtimoiy tinchlik, jamiyat barqarorligi mavjud. Eʼtiqod erkinligi yoʻq joyda zulm boʻlgan, diniy taʼlimlar majburan sindirilgan yo boʻlmasa oʻz dinlaridan tonishga majbur qilinganlar.

Insoniyat aynan vijdon ustidan oʻrnatilgan nazoratlar, talablar va qoʻrqitishlar sababli eng dahshatli fojialarni boshdan kechirgan. Oʻrta asr Inkivizitsiyasi – kim dinni “boshqacharoq” tushunsa oʻtda yoqildi. (Inkivizitsiya oʻzi nima degan savolga javob beradigan boʻlsak, “inkvizitsiya (lotincha inquizitio – tekshiruv, qidiruv) – katolik cherkovi tomonidan erkin fikrli shaxslarga, papa hokimiyatining gʻoyaviy dushmanlariga qarshi kurashish maqsadida XIII asrda tuzilgan maxsus sud muassasasi”[2]). Sovet davrida koʻplab musulmonlar, ruhoniylar, eʼtiqodli odamlar “xalq dushmani” tamgʻasi bilan tosh turmalarga yuborildi. Natsistlar Germaniyasida yahudiylar faqat dinlari tufayli millionlab insonlarni yoʻq qildilar. Bu fojialarning ildizi bitta — inson yuragidagi tanlov hurmat qilinmagan.

Hayriyatki ona yurtimizda bugungi kunga kelib bu muammolardan yiroqlashdik. Vijdon erkinligi – bu Oʻzbekistonning ichki ishi emas, balki butun insoniyat tan olgan qadriyati hisoblanadi, negaki davlatimiz bu erkinliklarni hatto xalqaro hujjatlarda ham qabul qilgan. Quyidagi hujjatlar bunga asos boʻla oladi: ,,Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiʼʼ (1948), 18-modda: “Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq oʻz dini yoki eʼtiqodini oʻzgartirish erkinligini va taʼlimotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusm hamda marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, oʻz dini yoki eʼtiqodiga yakka oʻzi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini oʻz ichiga oladi”[3], Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt (1966): “Hech kim oʻzining eʼtiqodidan voz kechishga yoki uni qabul qilishga majburlanmasligi kerak ”[4], Oʻzbekistonning “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni: “Diniy eʼtiqodni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Har bir fuqaro oʻz eʼtiqodini erkin tanlash huquqiga ega”[5]. Bu huquqiy asoslar – inson qalbiga suyanadigan hujjatlar desak mubolagʻa boʻlmaydi. Negaki biz aynan mana shu qonun hujjatlari orqali oʻzimizning vijdon hamda diniy eʼtiqodimizni qoʻrquv va majburiyatlarsiz tanlay olamiz. Ular qonun tilida yozilgan, ammo aslida bu ustuvor qonunlar bagʻrikenglik, iymon, insonparvarlik va ongga, iymonga hurmat timsolidir.

Eʼtiqod – bu shaxsiy sayohat, shaxsiy fikr va shaxsiy tanlov. Kimdir uni masjidda, kimdir qogʻozda, kimdir kitobda, kimdir shunchaki ogʻizda va yana kimdir sanʼatda topadi. Kimdir Allohga suyanadi, yana boshqa kimdir faqat oʻz aqliga. Har ikkisi ham vijdon tanlovi. Har ikkisi ham, davlat tomonidan teng himoyalanishi kerak boʻlgan huquqdir.

Bizning ona vatanimizda taxminlarga koʻra deyarli 80% odam Islom dinini qabul qilgan muslim va muslimalar ekan. Bu tanlov bizning azal-azaldan shakllanib kelgan tariximiz bilan bogʻliq albatta. Bu dinga baʼzilar ota meros boʻlib oʻtsa, baʼzilar tanlov yoʻli bilan oʻtadi. Bilamizki, muqaddas Islom dinida namoz bu farz. Siz namoz oʻqiysizmi? Oʻqing. Oʻqimaysizmi? Oʻz qaroringiz. Oʻz tanlovingiz, oʻz fikringiz.

Ammo siz boshqa birovni oʻqishga yoki oʻqimaslikka majburlayapsizmi? Unda siz vijdonni emas, zoʻravonlikni tanlagansiz. Negaki bu har bir insonning tanlovi va xohish-irodasiga bogʻliq boʻlgan tushuncha. Agar siz zoʻravonlikni tanlasangiz albatta qonun oldida javob berasiz. Chunki bu harakatlar qonunga xilof va bu uchun jazo muqarrar. ,,Jinoyat kodeksining 2443-moddasi koʻra diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Bunda diniy mazmundagi materiallar deganda, turli xildagi diniy adabiyotlar, (kitob, qoʻlyozma, risola va h.k.) diniy varaqa va plakatlar, diniy mazmundagi video, audio materiallarni hamda diniy mazmundagi Internet-saytlarni tushunish lozim”[6]. Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 19-moddasiga binoan diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari diniy maqsadlarga moʻljallangan buyumlar, diniy adabiyotlar va diniy mazmundagi boshqa axborot materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda ishlab chiqarishga, eksport va import qilishga hamda tarqatishga haqlidir.[7] Shuningdek, chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish, ularning mazmuni qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 145-moddasiga koʻra, voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, xuddi shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga oʻqitish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi[8]. Demak, diniy qadriyatlarni majburan singdirib boʻlmaydi va qonunga xilof tarzda ularni tarqatish darsliklar chiqarish ha mumkin emas.

Jamiyatimizda vijdon erkinligi bugungi kundagi holatga koʻra – koʻp millatli va koʻp konfessiyali davlat. Bugun yurtimizda: 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 300 dan ortiq diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda[9]. Eʼtiqodli va eʼtiqodsiz insonlar oʻz huquqlaridan teng foydalanmoqda; Masjid, cherkov, sinagogalar yonma-yon faoliyat yuritmoqda. Bu faqat qonuniy asoslar natijasi emas, balki bagʻrikenglik tarbiyasi, madaniyat, vijdoniy ijtimoiy muvozanatning mevasidir. Yuraklardagi jim ibodatda shunday savol bor, dindormanmi?

Ha. Lekin bu yuraklar oʻz eʼtiqodimni hayqirib aytmaydi. Chunki haqiqiy eʼtiqod – bu yurakda sodir boʻladigan jim ibodatdir. Siz eʼtiqod qilmaydigan odamlarni ham hurmat qiling. Chunki sizda bu narsa haqida hukm qilish uchun huquq yoʻq. Eʼtiqod – nafaqat oʻzining yoʻlini topish, balki boshqaning yoʻliga toʻsiq qoʻymaslikdir.

Vijdon erkinligini hurmat qilish – milliy taraqqiyot kalitidir. Bugun dunyoda koʻplab mojarolar, muammolar aynan diniy sabablarga bogʻlanmoqda. Shunday bir davrda biz uchun vijdon erkinligini nafaqat qonunlarda, balki yuraklarda saqlashimiz muhim. “Hurmat bilan qurilgan jamiyat kuchli boʻladi. Tanlovga asoslangan eʼtiqod esa – sadoqatli boʻladi.”

Biz vijdonimizni himoya qiluvchi davlatda yashayotganimizdan faxrlansak arziydi. Vijdon – yuragimdagi jim ovozdir. Uni na majbur qilish, na oʻchirish mumkin. Uni faqat eshitish mumkin xolos. Immanual Kantning fikricha “Vijdon bilan bekinmachoq oʻynab boʻlmaydi, uni aytganingga koʻndira olmaysan. Uni uxlatib qoʻyish ham mumkin emas, ertami-kechmi uygʻonadi-da, qilgan qilmishingga javob berishga majbur etadi”. Bu fikrlar alohida bir mavzu.

Vijdon bu — koʻrinmaydigan, lekin inson hayotini boshqaradigan eng katta kuch. U yurakning ovozi, insonning oʻziga boʻlgan halolligi. Inson vijdoniga qarshi chiqsa, eng avvalo oʻzini yoʻqotadi. Shu bois ham jamiyatda vijdon erkinligi boʻlishi – bu shunchaki huquq emas, balki insoniylikning yaqqol timsoli. Bugungi Oʻzbekistonda bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Konstitutsiyamizda ham, boshqa qonunlarda ham insonning oʻz eʼtiqodini tanlashi, unga amal qilishi yoki qilmasligi aniq kafolatlangan. Bu degani, davlat hech kimning qalbiga aralashmaydi, ammo har kimning ishonchi, qarashi hurmat qilinadi. Bu juda katta qadriyat. Vijdon erkinligi – bu insonni majbur qilmaslik, unga bosim oʻtkazmaslik, balki uni tushunishga urinishdir. Har kim eʼtiqodli boʻlishi ham, dunyoviy fikrlashi ham mumkin. Asosiysi – bu tanlov erkin va ixtiyoriy boʻlishi muhim.

Chunki tanlovsiz eʼtiqod – chin yurakdan boʻlmaydi. Majburiy dinga ergashish – eʼtiqod emas, shunchaki qoʻrquvdan tugʻilgan odat boʻlib qoladi. Vijdon erkinligini hurmat qilgan jamiyatda mehr bor, tushunish bor, taraqqiyot bor. Shuning uchun biz bugun bor kuchimiz bilan bu huquqni himoya qilishimiz, avvalo oʻzimiz bu erkinlikka nisbatan ongli yondashishimiz kerak. Chunki qonunlar bu huquqni kafolatlaydi, lekin uni asl maʼnoda yashatadigan – bu odamlarning oʻzaro munosabati, madaniyati, vijdoni va yuragi.

Vijdon erkinligi bu — shunchaki bir tushuncha emas. Bu – insoniylikni saqlab qolishning, bir-birimizni hurmat qilishning, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning asosi. Har kim oʻz yoʻlini tanlaydi, lekin bu yoʻl yurakdan boʻlsa, jamiyatda ham haqiqat, ham hurmat, ham tinchlik boʻladi.

Biz mana shunday berilgan tanlovdan, huquqda toʻgʻri foydalanib imkonni qadrlash, asrash va kelajak avlodlarga sogʻlom ruhda yetkazish — barchamizning eng muqaddas burchimizdir. Zero, inson yuragidagi eng jim, ammo eng halol ovoz — bu vijdondir. Uni tinglaylik, uni himoya qilaylik, uni eʼzozlaylik.

Izohlar 0

Fikr bildirish