Qidirish

16:35 / 2025-10-28 1864 0 Maqolalar

Oʻzbekistonda majburiy avto sugʻurta tizimidagi yangiliklar: 2026-yildan nimalar oʻzgaradi va haydovchilar uchun eslatmalar

world-news

Avtomobil soni ortib borar ekan, xavf-xatar ham ortadi

Oʻzbekistonda avtotransport vositasiga egalik qilish nafaqat qulaylik, balki masʼuliyat hamdir. Yildan-yilga aholi farovonligi oshib, bu esa yoʻllardagi transport vositalari sonining jadal oʻsishiga sabab boʻlmoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil 1-iyul holatiga mamlakatda jismoniy shaxslar tomonidan 4 million 612,7 mingta avtotransport vositasi roʻyxatdan oʻtgan. Bu 2024-yilga nisbatan 441,5 mingtaga koʻp — yaʼni, bir yilda qariyb yarim million yangi avtomobillar qoʻshilganini anglatadi (manba: Zamin.uz, 2025-yil 17-iyul).

Majburiy avto sugʻurta tizimi va uning ahamiyati

Yoʻl harakati jarayonida uchinchi shaxslarga yetkazilishi mumkin boʻlgan mulkiy yoki jismoniy zararni qoplash maqsadida davlat tomonidan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish” tizimi (qisqacha — majburiy avtosugʻurta) joriy etilgan.

Bu tizim 2008-yil 21-apreldagi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 26-iyundagi 141-sonli qarori asosida amalga kiritilgan boʻlib, uning maqsadi — YTH natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash orqali fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashdir.

Nima uchun islohot zarur boʻldi?

Soʻnggi yillarda sugʻurta tashkilotlari tomonidan tovonlarning oʻz vaqtida toʻlanmasligi va zararlarni qoplash limitlarining yetarli emasligi yuzasidan koʻplab murojaatlar boʻlganligi sir emas.

2019-yildagi 56 ming soʻmlik sugʻurta mukofoti amalda zararlarni qoplashga yetarli boʻlmagani sababli, ayrim hududlarda sugʻurta kompaniyalari tomonidan ushbu sugʻurta turini raqobat muhitida koʻrsatish yuzasidan qiziqish pasaygan. Yuqoridagi hamda boshqa bir qator omillar sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi qarori bilan majburiy avtosugʻurta tizimini isloh qilish chora-tadbirlari belgilandi.

Toshkent shahar hududi bilan bogʻliq sugʻurta bozoridagi holat

2023-yilda Toshkent shahri boʻyicha 865,0 mingdan ortiq sugʻurta polisi rasmiylashtirilib, 80,5 mlrd. soʻm sugʻurta mukofoti yigʻilgan, 10,6 mingta sugʻurta daʼvosi yuzasidan murojaatlar boʻlib, 77,9 mlrd. soʻm sugʻurta tovoni toʻlangan.

2025-yilning 9 oyida esa 1,54 mln. dona sugʻurta polisi rasmiylashtirilib, 129,5 mlrd. soʻm sugʻurta mukofoti yigʻilgan. Ushbu davir mobaynida 12,5 mingta sugʻurta murojaatlar yuzasidan 108,4 mlrd. soʻm miqdorida sugʻurta tovoni toʻlanganligi qayd etilgan.

Bunday oʻsish, avvalo, aholining “avtoparki” kengayishi, “qimmatbaho” avtomobillar ulushining ortishi va taʼmirlash narxlarining oʻsishi bilan bogʻliq deb qarash mumkin.

2026-yildan yangi limitlar va tariflar

2026-yil 1-yanvardan sugʻurta puli 80,0 mln. soʻm etib belgilanadi:

  • Mol-mulkka yetkazilgan zarar uchun — 28,0 mln. soʻm;
  • Hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun — 52,0 mln. soʻm.

Bu amaldagi limitlardan ikki barobar yuqori. Solishtirish uchun:

2019–2025-yillarda amalda boʻlgan shartlarga koʻra sugʻurta puli 40,0 mln. soʻmni tashkil qilgan. Shundan:

  • Mol-mulkka yetkazilgan zarar uchun —14,0 mln sum;
  • Hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun—26,0 mln.sum.
  •  

2026-yildan amalda boʻladigan sugʻurta javobgarligi limiti 2019-yilgacha amalda boʻlgan javobgarlik limitlaridan 6,67 barobar yuqori.

2019-yilgacha amalda boʻlgan shartlarga koʻra sugʻurta puli 12,0 mln. soʻmni tashkil qilgan. Shundan:

  • Mol-mulkka yetkazilgan zarar uchun —4,2 mln sum;
  • Hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun—7,8 mln.sum.

Shu bilan, 2019-yilgacha boʻlgan davrga nisbatan javobgarlik limiti 6,7 barobarga oshadi, sugʻurta mukofoti esa 1,2 barobarga oʻsganligini koʻrishimiz mumkin.

Yangi sugʻurta tariflari asosida hisoblangan sugʻurta mukofoti (01.01.2026-yildan)

soʻmda

Ushbu sugʻurta turining rivojlanishining turli bosqichlari uchun dinamika misoli.

Misolimizni shartli parametrlari:

  • - transport vositasi: Lasetti rusumidagi yengil avtomobil;
  • - haydovchi yoshi — 22 yosh;
  • - haydovchilik staji — 2-yil;
  • - roʻyxatdan oʻtgan hudud — Toshkent shahri;
  • - sugʻurta polisi: haydovchilar soni cheklangan va cheklanmagan koʻrinishda.

Keltirilgan misolimizda (jadvaldan) koʻrinib turibdiki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish (majburiy avto sugʻurta) boʻyicha sugʻurta puli (javobgarligi limiti) sezilarli darajada oshirilmoqda.

Sugʻurta puli (javobgarligi limiti) 2019-yilgacha boʻlgan davrga nisbatan 6,7 barobarga oshgan (12,0 mln. soʻmdan 80,0 mln. soʻmgacha).

Bu oʻzgarish fuqarolarning mol-mulki va hayoti/sogʻligʻi uchun kompensatsiya hajmini ancha oshirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, sugʻurta mukofoti (tarif) sugʻurta javobgarligiga nisbatan moʻtadil oʻsgan — faqat 1,2 barobarga (161,7 ming soʻmdan 192,0 ming soʻmga).

Bu sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchi oʻrtasidagi manfaatlar muvozanatini saqlagan holda ijtimoiy adolat prinsipiga mos ravishda belgilanganini koʻrsatadi.

Sugʻurta qildiruvchilarga mazkur sugʻurta turi bilan bogʻliq bir qator foydali eslatmalarni yozishni lozim deb topdik.

Majburiy avto sugʻurta boʻyicha muhim oʻzgarishlar rivojlanish bosqichlari toʻgʻrisidagi fikrlarimiz yakunida haydovchilar uchun majburiy ushbu sugʻurta turi bilan bogʻliq, kundalik sugʻurta bilan bogʻliq jarayonlarda duch kelishlari mumkin boʻlgan masalalarda eslatmalar bermoqchimiz.

Ushbu eslatmalarga amal qilishingiz, sugʻurta xizmatlari isteʼmolchisi sifatida manfaatlaringizni himoya qiladi.

Oʻmumiy masalalar:

  • Polislar elektron koʻrinishda rasmiylashtiriladi. Telefon raqamingizni kiriting — SMS orqali polisni olasiz.
  • Barcha maʼlumotlar Yagona axborot tizimi orqali IIV maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilingan.
  • “Cheklangan” va “cheklanmagan” shartlardagi polislar boʻyicha javobgarlik summalari bir xil, farq — sugʻurta polisiga kiritilgan transport vositasini boshqarishga kiritilgan haydovchilar sonida.
  • Polis faqat uchinchi shaxsga yetkazilgan zararni qoplaydi, oʻz avtomobilingiz zarari bu polisning javobgarlik doirasiga kirmaydi.

Ijtimoiy imtiyozlar:

Sugʻurta mukofotining 50% miqdorida siylov quyidagilari shaxslarga beriladi:

urush faxriylari, mehnat fronti qatnashchilari, nogironligi boʻlgan shaxslar, pensionerlar, Chernobil fojiasidan jabrlanganlar va boshqalar.

Sugʻurta polisi boʻlmasa jarima miqdori:

Majburiy sugʻurta talabini bajarmaslik BHMning 1 baravaridan 3 baravari miqdorigacha jarimaga sabab boʻladi.

Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish tartibi (Europrotocol)

Yoʻl-transport hodisasi (YTH) yuz berganda, agar hodisa tan jarohatisiz va faqat ikki avtomashina ishtirokida boʻlsa, haydovchilar YTH haqidagi xabarnomani mustaqil ravishda tuzishlari mumkin. Bu jarayon quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1-bosqich. Hodisa vaqtida — haydovchilar amalga oshiradi

  • Tan jarohatisiz va ikki avto ishtirokidagi YTH boʻlsa, ikki nusxada xabarnoma tuziladi.
  • Hodisa joyi, avtomashinalarning shikastlangan qismlari foto va video orqali qayd etiladi.
  • Hodisa vaqti, joyi va vaziyat haqidagi maʼlumotlar aniq yozib qoʻyiladi.

2-bosqich. Hodisadan keyingi dastlabki choralar — haydovchilar va tibbiyot organlari ishtirokida

  • Hodisadan keyin 4 soat ichida mastlik holati tekshiriladi.
  • Agar jabrlanuvchi boʻlsa, u 3 ish kuni ichida mustaqil ekspertizadan oʻtishi mumkin.
  • Haydovchilar 3 ish kuni ichida xabarnoma va barcha hujjatlarni oʻz sugʻurtalovchisiga taqdim etadi.

3-bosqich. Sugʻurtalovchi tomonidan koʻrib chiqish va ekspertiza

  • Sugʻurtalovchi xabarnoma va hujjatlarni qabul qiladi, avtomashinani koʻzdan kechiradi.
  • Zarur hollarda ekspertiza tayinlanadi.
  • Sugʻurtalovchi 15 ish kuni ichida qaror qabul qiladi — tovon toʻlash yoki rad etish haqida.
  • Qaror qabul qilinganidan soʻng 5 ish kuni ichida toʻlov amalga oshiriladi.

4-bosqich. Huquqiy va regress tartiblari

  • Agar haydovchilar oʻz vaqtida hujjatlarni taqdim etmasa yoki mastlik holati tekshiruvi oʻtkazilmasa, sugʻurtalovchi toʻlangan tovonni regress tartibida aybdordan undirishi mumkin.
  • Agar YTHda jinoyat alomatlari aniqlansa, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

Hurmatli haydovchilar!

Majburiy avto sugʻurta nafaqat talab, balki himoyadir. Sugʻurta polisini oʻz vaqtida rasmiylashtiring, qonun talablariga rioya qiling va yoʻllarda xavfsizlikka eʼtiborli boʻling!

Izohlar 0

Fikr bildirish