Qidirish

19:57 / 2026-01-18 198 0 Maqolalar

Non chiqindiga tashlanayotgan dunyoda — ochlikdan oʻlayotgan insoniyat

Bugun dunyoda bir vaqtning oʻzida ikki manzara mavjud. Bir joyda insonlar bir burda non uchun navbat kutayotgan boʻlsa, boshqa joyda oʻsha non chiqindi qutisiga tashlanmoqda.

world-news

Bu — oddiy holat emas. Bu — insoniyatning vijdoni oldida turgan ogʻir savoldir.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekistonda 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻlgan. Faqat Toshkent shahrining oʻzida har kuni 3–3,5 ming tonna chiqindi yigʻib olinadi.

Eng alamlisi — ushbu chiqindilarning 0,1 foizi, yaʼni kuniga 3–3,5 tonnasi non va oziq-ovqat mahsulotlari ekanidir.

Bu — raqam emas. Bu — chiqindiga aylanayotgan rizq.

Aynan shu paytda esa dunyoning boshqa bir burchagida bolalar och qorin bilan uxlab qolmoqda. Ona esa farzandiga nima deb javob berishni bilmaydi. Chunki uyida bir burda non ham qolmagan.

Xalqaro tashkilotlar maʼlumotlariga koʻra, bugun dunyo boʻyicha 730 milliondan ortiq inson doimiy ochlik xavfi ostida yashamoqda. Har kuni 25 mingga yaqin odam ocharchilik va toʻyib ovqatlanmaslik oqibatida hayotdan koʻz yumadi. Ularning katta qismini bolalar tashkil etadi.

Ular aybdor emas.

Lekin ular oʻlyapti…

Eng ogʻriqli tomoni — dunyoda oziq-ovqat yetarli. Ammo u adolatsiz taqsimlanyapti va isrof qilinyapti.

Bir joyda non topilmaydi. Boshqa joyda esa non tashlanadi.

Oʻzbek xalqi esa azal-azaldan nonni muqaddas deb bilgan xalq. Yerga tushgan nonni olib koʻzga surtish, uni uvol qilmaslik — bu bizning qonimizga singgan qadriyatdir.

Shuning uchun ham nonni chiqindiga tashlash — shunchaki beeʼtiborlik emas.

Bu — milliy qad riyatlarga xiyonat,

shukr tuygʻusining yoʻqolishi,

vijdonning sukutidir.

Qurʼoni Karimda esa bunga ochiq-oydin ogohlantirish bor:

«Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmas» (Aʼrof surasi, 31-oyat).

Bugun dasturxonimizda non bor ekan — bu oddiy hol emas.

Bu — neʼmat.

Bu — omonat.

Bu — shukr talab qiladigan baxt.

Chunki shu paytda kimdir bir burda non uchun duo qilib oʻtiribdi.

Balki biz chiqindiga tashlayotgan oʻsha non — kimningdir hayotini saqlab qolishi mumkin edi…

Shuning uchun ham bugun bizdan talab qilinayotgan ish ulkan emas.

Faqat nonni qadrlash. Faqat isrof qilmaslik.

Faqat insonligimizni unutmaslik. Nonni uvol qilmaylik. Rizqni chiqindiga aylantirmaylik. Chunki ochlik — kimni tanlamaydi.

Muallif:Bazarboyev Diyorbek

Izohlar 0

Fikr bildirish