Qidirish

21:05 / 2025-12-05 127 0 Jamiyat

Toshkent yo‘llarida tirbandliklarga qarshi yangi tizim joriy qilinadi

Toshkentda yil sayin ortib borayotgan transport yuklamasi va uzoq tirbandliklarga barham berish maqsadida davlat darajasida yangi choralar belgilandi. Prezident tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, poytaxt transport tizimini 2030 yilgacha tubdan isloh qilish, jamoat transportini rivojlantirish va “aqlli” boshqaruv tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

world-news

Toshkent shahrida so‘nggi yillarda aholi va transport vositalari soni oshishi oqibatida yo‘l infratuzilmasiga tushayotgan bosim keskin kuchaydi. Ayniqsa, markaziy va asosiy transport yo‘laklarida tirbandliklar deyarli kundalik holatga aylanib, ba’zi vaqtlarda 7–8 ballgacha yetib bormoqda.

Shu bois, 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahrida harakat xavfsizligini oshirish va tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan muhim qaror imzolandi. Hujjatda poytaxt transport tizimini tubdan takomillashtirish va uni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich rivojlantirish vazifalari belgilab qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, yaqin yillarda jamoat transportidan foydalanuvchilar ulushini 60 foizga yetkazish, elektrobuslar sonini ko‘paytirib, ularning ulushini 50 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi 24 km/soatga yetkazilishi, metropoliten tarmog‘i esa yangi yo‘nalishlar hisobidan 103 kilometrgacha kengaytirilishi belgilangan.

Shahar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 1000 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi, 150 ming o‘ringa ega to‘xtab turish joylari tashkil etiladi hamda 16 ta yo‘l o‘tkazgich va tonnellar quriladi. Bundan tashqari, 2600 ta avtobus bekati namunaviy loyiha asosida to‘liq rekonstruksiya qilinadi.

Qaror Yo‘l harakatini zamonaviy boshqarishni ham nazarda tutadi. Jumladan, yagona boshqaruv tizimiga bog‘langan 700 ta “aqlli” chorraha barpo etilib, ular intellektual svetoforlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, 200 kilometr piyodalar yo‘laklari va 170 kilometr velosiped yo‘laklari tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Yangi hujjat bilan Toshkent shahrida yagona Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil qilinadi. Ushbu markaz intellektual transport tizimini boshqaruvchi asosiy operator sifatida faoliyat yuritadi va harakat oqimlarini tahlil qilish hamda muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida shaharda transport harakati ancha ravonlashadi, yo‘l-transport hodisalari kamayadi va havoga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori qisqaradi. Eng asosiysi esa — aholi kundalik qatnovda kamroq vaqt sarflab, yanada qulay va xavfsiz harakat muhitiga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish