Qidirish

21:31 / 2025-12-16 148 0 Jamiyat

Tadbirkorlik sohasida 1 600 dan ortiq ma’muriy talablar bekor qilindi

Hukumat qaroriga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatiga oid 1 600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilinib, biznes yuritishdagi byurokratik to‘siqlar sezilarli darajada qisqartirildi.

world-news

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qonunchilikdagi tadbirkorlikka oid 1 600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilindi. Bunday katta hajmdagi cheklovlarning bekor qilinishi mamlakat amaliyotida ilk bor kuzatilmoqda.

Xususan, veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1 568 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha mahsulotga muvofiqlik sertifikati olish talabi bekor qilindi. Shuningdek, turizm xizmatlarini ko‘rsatishda faoliyatga xos bo‘lmagan talablar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan ayrim ortiqcha cheklovlar olib tashlandi.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan importni amalga oshirishda tovar qiymatiga qo‘yilgan 5 000 AQSH dollarlik cheklov, turistlarga uy-joyni 30 kungacha ijaraga berish hamda yog‘ochdan mebel tayyorlashga doir talablar bekor qilindi.

Qabul qilingan qaror natijasida tadbirkorlarning ma’muriy organlar bilan munosabatga kirishishida ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqarib, ularning vaqti, xarajatlari va resurslari tejalishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytda Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga 36 mingdan ortiq talablar kiritilgan bo‘lib, Adliya vazirligi tomonidan ularni qayta ko‘rib chiqish va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Mazkur o‘zgartishlar Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 15 dekabrdagi 791-son qarori bilan tasdiqlangan.

Izohlar 0

Fikr bildirish