Qidirish

19:42 / 2025-12-17 84 0 Siyosat

Konstitutsiyaviy shikoyat instituti samaradorligi oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida sud ishida qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaga zid deb topilganda sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish, «konstitutsiyaviy shikoyat» instituti samaradorligini oshirish hamda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirishga oid takliflar taqdim etildi.

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 dekabr kuni fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani ta’kidlanib, bu yo‘nalishda islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Jumladan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash bo‘yicha kiritiladigan taklif va tavsiyalarni amalga oshirish samaradorligini oshirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha sansalorliklarni bartaraf etish nazarda tutilgan.

«Konstitutsiyaviy shikoyat» instituti samaradorligini oshirish maqsadida, agar sud ishida qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilsa, tegishli sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish taklif qilindi. Bu murojaat etuvchilarning sud orqali huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish orqali aholi uchun qulayliklar yaratish masalalari muhokama qilindi. Xususan, sud majlislarida onlayn ishtirok etish, majlislarni internet orqali jonli translyatsiya qilish, shuningdek, vazirlik va idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Taqdimotda Konstitutsiyaviy sudning xalqaro nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy sudlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligi ham qayd etildi. Sudning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasiga raisligi doirasida mamlakatimizda va xorijda xalqaro tadbirlar o‘tkazish rejalari ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan boshqa tashabbuslar, jumladan, iqtisodiy va ma’muriy sudlarni aholi va tadbirkorlarga yanada yaqinlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sudlarga murojaat qilishda eksterritorial tegishlilikni avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali belgilash taklifi ilgari surildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sifatli va tizimli amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish