Qidirish

15:21 / 2025-12-04 196 0 Jamiyat

Prezident «Sirdaryo» EIZdagi yirik korxona faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan «Invest Asia» korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish salohiyati, yangi loyihalar va eksport hajmlari bilan yaqindan tanishdi. Markaziy Osiyoda yetakchi sanaladigan korxona faoliyati mamlakat sanoati va bandlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan «Invest Asia» korxonasida bo‘ldi.

Mazkur korxona qadoqlash materiallarini ishlab chiqarish borasida Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayni paytda mamlakat ichki bozoridagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, shuningdek, stretch plyonkalarning 40 foizi ushbu korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.

60 gektar hududda joylashgan ishlab chiqarish majmuacida hozirda qariyb 2,5 ming kishi mehnat qilmoqda. Korxona mahsulotlari oziq-ovqat, farmatsevtika, sanoat, qurilish hamda maishiy kimyo sohalarida keng qo‘llaniladi. Bunday mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va ichki bozor barqarorligiga xizmat qiladi.

«Invest Asia»ning ahamiyatli jihatlaridan biri — mamlakatda bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqarayotgan yagona korxona ekanidadir. Ushbu material o‘zining yengil va mustahkamligi bilan ajralib turadi hamda eng talabgor qadoqlash turlaridan biri hisoblanadi.

Joriy yilning o‘tgan o‘n oyida korxonada 1,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 23 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ishlab chiqarish jarayonlarida Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSHda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalardan foydalanilmoqda.

Davlat rahbari korxonadagi texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishib, ishchilar bilan muloqot qildi va kelgusi loyihalar bo‘yicha ma’lumot oldi.

Ma’lum qilinishicha, yil yakunigacha bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun — noto‘qima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu turdagi mahsulotlar tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalarda keng qo‘llaniladi.

Barcha loyihalar to‘liq amalga oshirilganidan so‘ng ish o‘rinlari soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati esa 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida Prezident hududda faoliyat olib borayotgan xorijiy investorlar bilan ham uchrashdi. Aholi bandligini ta’minlash, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan har bir tashabbus davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Investorlar esa O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhiti va biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlarni yuqori baholab, ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirishdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish