Qidirish

09:20 / 2025-09-14 821 0 Biznes

Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi sarmoya bozorida yetakchilik qilmoqda

O‘zbekiston bozoriga xorijiy sarmoyadorlar qiziqishi ortib bormoqda. Avgust oyida 300 dan ziyod yangi xorijiy kompaniya ochildi, ularning yarmidan ko‘pi Xitoy sarmoyadorlariga tegishli bo‘lib, mamlakat sarmoya bozorida Xitoy yetakchilikni mustahkamladi.

world-news

O‘zbekistonda xorijiy sarmoya ishtirokida tashkil etilgan kompaniyalar soni yildan-yilga ortmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra mamlakatda 16 ming 946 ta xorijiy kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Joriy yil avgust oyida ularning soni 337 taga ko‘paygan. Shulardan 50 tasi qo‘shma korxona, 287 tasi esa to‘liq xorijiy sarmoya asosidagi kompaniyalardir. Bu tendensiya O‘zbekiston bozoriga investorlar qiziqishi oshib borayotganidan dalolat beradi.

Eng ko‘p kompaniya tuzgan davlat sifatida Xitoy yetakchilikni mustahkamladi — bir oy ichida xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida 170 ta yangi shirkat ochildi. Jami hisobda esa ularning soni 4420 taga yetdi, shulardan 681 tasi qo‘shma korxonadir.

Rossiya 3141 ta kompaniya bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Turkiya (2025 ta), Qozog‘iston (1151 ta) va Afg‘oniston (682 ta) esa birinchi beshlikdan joy olgan. Janubiy Koreya 628 ta kompaniya bilan oltinchi o‘ringa tushib qolgan. Shuningdek, AQSH, BAA, Hindiston va Tojikiston ham yirik sarmoyadorlar qatorida bo‘lib, masalan, AQSH ishtirokidagi kompaniyalar soni 340 taga yetgan.

Faoliyat sohalari bo‘yicha savdo (6000 dan ortiq kompaniya), sanoat (3500) va qurilish (1282) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, IT va telekommunikatsiya sohalaridagi 1239 ta kompaniya raqamli iqtisodiyotga qiziqish ortayotganini ko‘rsatmoqda.

Hududlar kesimida esa Toshkent shahri yetakchi hisoblanadi — poytaxtda 10,8 ming xorijiy kompaniya joylashgan. Samarqand va Farg‘ona viloyatlari ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega.

Izohlar 0

Fikr bildirish