Qidirish

19:29 / 2022-12-09 91 0 Maqolalar

“Insonni boshiga keladigan har qanday fojia, avomligi yoki bilimsizligidan boʻlar ekan…” — Alisher Qodirov

world-news

Xabaringiz bor, 2022-yilning 1-2-iyul kunlari Qoraqalpogʻistonda ommaviy tartibsizliklar kelib chiqqan edi.

Oqibatda 245 nafar shaxs, jumladan 38 nafar organ xodimi jarohatlanib, 18 fuqaroning hayotiga nuqta qoʻyilgan.

2022-yil 28-noyabr kuni soat 10.00 dan Buxoro viloyat sudi binosida “Qoraqalpoq voqealari”ga doir jinoyat ishi yuzasidan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni boshlandi.

Dastlab, namoyishlar boʻyicha jami 516 kishi qoʻlga olingan edi. Mustaqil komissiyaning maʼlum qilishicha, ularning 100 dan ortigʻi jamoat kafilligi asosida va qamoq ehtiyot chorasi uy qamogʻiga almashtirilishi natijasida oilasi bagʻriga qaytarilgan, qolganlari esa maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Sud majlisida ayblanuvchi Dauletmurad Tajimuratov bir nechta iltimos bilan murojaat qildi. Xususan, Dauletmurad Tajimuratov suddan himoyachisi bilan gaplashib olish uchun imkoniyat berishni soʻradi, bu iltimosnoma sud tarafidan qanoatlantirildi va sudlanuvchi va himoyachisi gaplashib olish uchun imkoniyat berildi

U, shuningdek, sodir etilgan holatga guvoh boʻlgan fuqarolarni ham sud ishiga taklif qilinishini soʻradi. Uning bu iltimosi inobatga olindi va asosiy guvohlar soʻroq qilingach, qoʻshimcha guvohlar soʻroq qilinishi belgilandi.

Shuningdek, Tajimuratov “qalbining tozaligini isbotlash uchun” Qurʼoni Karimni keltirishni soʻradi. Cud bu soʻrovni rad etdi, chunki bu kabi yuridik mexanizm qonunchilikda mavjud emas.

Mazkur voqeaga Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, deputat Alisher Qodirov munosabat bildirdi.

“Bugun Qoraqalpogʻistondagi tartibsizliklar boʻyicha sud, sudlanuvchilarni tinglashda davom etdi. Barcha sudlanuvchilar video chaqiriqlarga aldanganini, xato xulosa qilganini, xatoni tez anglab yetgani va kech boʻlsada, tuzatishga harakat qilganini, chin dildan pushaymon ekanligini gapirmoqda.

Hamma koʻrsatma berayotganlar Tajimuratovga nafrat sochayapdi. Sudya koʻrsatma berayotganlarni ogohlantirib charchadi, lekin foydasi boʻlmayapdi.

Tajimuratov sudyadan uning koʻrsatma berish navbatini sogʻligi bilan bogʻliq muammo sababli kechiktirishni soʻradi. Sudya Tajimuratovni bironta ham iltimosini rad etmayapdi…

Uzr, bitta iltimosini rad etibdi: sudda adolatni taʼminlash uchun Qurʼoni Karimni ushlab qasam ichish soʻrovi qabul qilinmadi”, — deb yozdi Qodirov oʻzining Telegram kanalida.

Prokuratura ayblovida keltirilgan maʼlumotlarda, Dauletmurat Tajimuratov, uning izdoshlari Azamat Turdanov, Lolagul Qallixanova va boshqalar Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgan.

Shu jumladan, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari oʻzgartirilishiga qarshiliklarini bildirib, internet tarmoqlarida keng tarqatgani va aholini shunga targʻib qilgani, uning ortidan namoyishlar boshlanib ketgani aytilgan.

Ilk kundagi sud majlisida davlat ayblovchisi tomonidan oʻqib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmuniga koʻra:

Tajimuratov uyushgan guruh tashkil kilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining amaldagi hukumatini agʻdarib, oʻzini Joʻqorgʻi Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida tartibsizliklarni tashkillashtirgan;

Qallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;

Turdanov esa Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarning ishtirok etishini taʼminlagan va Tajimuratovni yelkasiga oʻtkazib, Joʻqorgʻi Kengesni egallash maqsadida olib borgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish