So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Surxondaryo yana prokuror boshqaruviga oʻtdi. Avvalgisi Prezident ishonchini oqlamagan edi
Prezident bu safar Surxon havosini yaxshi biladigan, hokimlikda ham tajribasi bor va eng asosiysi qonun himoyachisi boʻlgan shaxsni hokimlikka tayinladi. Bizga maʼlum boʻlishicha, Qosimov OAVga ochiq va oʻta tartibli inson.
26-dekabr kuni Surxondaryo viloyati hokimligida viloyat faollari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Prezident Adminstratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etgan.
Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan 2019-yildan buyon Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Toʻra Bobolov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Bobolov oʻrniga Toshkent shahri prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ulugʻbek Berdiqobilovich Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Hokimlikning maʼlum qilishicha, yigʻilishda soʻzga chiqqanlar faollar voha ahli yangi rahbar atrofida jipslashib, keyingi yillarda qoʻlga kiritilgan yutuq va natijalarni yanada yuksaltirish, barcha soha va tarmoqlar boʻyicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish yoʻlida astoyidil mehnat qilishlarini taʼkidlashgan.
Bosh Vazir Abdulla Aripovning Surxondaryoga kelib, Toʻra Bobolovni ishdan olishi 2018-yildagi voqeani eslatib yubordi. Gap shundaki, 2018-yil iyul oyining 13 kunida hokimlar “rokirovkasi” boʻlgan edi.
(Foto. Samarqand viloyati sobiq hokimi Turobjon Joʻrayev — Erkinjon Turdimov (Samarqand viloyatining amaldagi hokimi)
Yaʼni Samarqand viloyati hokimi boʻlgan Turobjon Joʻrayev oʻz oʻrindigʻini Surxondaryoni 2016-yildan beri boshqarib kelgan Erkinjon Turdimovga boʻshatib bergan edi.
(Foto. Bahodir Poʻlatov — Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi)
Surxon hududi oʻsha vaqtda Toshkent viloyati prokurori boʻlgan Bahodir Poʻlatovga ishonib topshirilgan, oʻsha vaqtda Toʻra Bobolov hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari edi.
Prezident siyosatini Surxondaryoda tatbiq etishni oʻz oldiga maqsad qilgan Poʻlatovning “poʻlat” irodasi koʻpga bardosh bermadi. 2019-yilning 1-aprelida “ishida yoʻl qoʻygan kamchiliklari sabab” Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrnini 2017-yil hokimlikka kelgan Toʻra Bobolov egalladi.
(Foto. 2019-yil. Toʻra Bobolov Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi)
2019-yil dekabr oylarida ijtimoiy tarmoqlarda Bahodir Poʻlatov sogʻligʻi yomonlashgani sababli Moskvada davolanib qaytgani aytildi.
Norasmiy manbalar, Bahodir Poʻlatov sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayevga oid jinoyat ishi boʻyicha tergovga chaqirilganidan soʻng qattiq betob boʻlib qolganini yozishgan edi.
(Foto. “Bolalar” guruhi». Bahodir Poʻlatov (oʻng tomondan ikkinchisi)
Bahodir Poʻlatov “Bolalar” guruhi solisti sifatida tanilgan. Katta siyosatda faoliyatini poytaxtning Yakkasaroy tuman prokuraturasida prokuror yordamchisi sifatida boshlagan.
Keyinchalik Shayxontohur tumani prokurorligiga tayinlangan. Undan soʻng, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida prokuror lavozimida ishlagan.
(Foto. Bosh vazir Abdulla Aripov)
3 yil oʻtgach, Bosh vazir Abdulla Aripov yana Surxondaryoga keldi va 2021-yil Toshkent shahar prokurori etib tayinlangan Ulugʻbek Qosimovga masʼuliyatli vazifa topshirilganini eʼlon qildi.
Ulugʻbek Qosimov 1983-yilda tugʻilgan, maʼlumoti oliy, huquqshunos. 2005-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan.
Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2005-yilda Denov tuman prokuraturasida boshlab, Surxondaryo viloyat prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2011-yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, Qumqoʻrgʻon tuman prokurori, Surxondaryo viloyati Muzrabot va Denov tumanlarida hokim lavozimida ishlagan.
(Foto. Ulugʻbek Qosimov)
Prezident bu safar Surxon havosini yaxshi biladigan, hokimlikda ham tajribasi bor va eng asosiysi qonun himoyachisi boʻlgan shaxsni hokimlikka tayinladi.
Bizga maʼlum boʻlishicha, Qosimov OAVga ochiq va oʻta tartibli inson. Umid qilamizki, u taxminlarni oqlab, viloyatda yillar davomida hal etilmagan muammolarga eʼtibor qaratadi. Asosiysi OAV, xususan Effect.uz bilan hamkorlikda birga ishlaydi.
(Foto. Toʻra Bobolov)
Shu oʻrinda aytish joiz, sobiq hokim Toʻra Bobolov ham Effect.uz va bundan tashqari OAV bilan ijobiy ishlay oldi. Unga nisbatan sentyabrda Prezident qarori bilan oʻz faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qoʻyiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilganligi va bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab boʻlgani uchun jarima intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan edi.
Toʻra Bobolov 2019-yilning mayida Surxondaryoga hokim etib tayinlangan. Surxonni qariyb toʻrt yil davomida boshqargan hokim 1970-yil Angor tumanida tugʻilgan.
1992-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, 1994-yildan 2003-yilgacha Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan, 2003-2004-yillarda Surxondaryo viloyati Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi, 2004-2016-yillarda Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi, 2016-2017-yillarda Surxondaryo hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yigʻma boshqarmasi boshligʻi boʻlgan.
U 2017-yildan 2019-yil apreliga qadar Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari edi. 2019-yil 1-may kuni Toʻra Bobolov viloyat hokimi etib tasdiqlangan. Ungacha Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat koʻrsatib kelgan Bahodir Poʻlatov ishdan olinib, uning oʻrniga Toʻra Bobolov vaqtincha rahbar etib tayinlangan. Keyinchalik, 2020-yil yanvarida hokim lavozimiga rasman tasdiqlangan.
Abror Eshonxonov tayyorladi