So`ngi yangiliklar
Sharqiy Onado‘lining yashirin xazinalari: qishki sayohatlar uchun betakror manzillar
Ekohududlarda turistik so‘qmoqlarni tashkil etish tartibi belgilandi
“Elektron retsept” tizimi orqali davolash xavfsizligi va dori taqsimoti nazorat qilinadi
Asossiz tekshiruvlarni cheklaydigan yangi tartiblar joriy etildi
O‘zbekistonda IELTS 9 ball olgan abituriyentlar soni 5 yilda 47 barobarga oshdi
2026 yildan savdo va xizmat ko‘rsatuvchilar uchun yagona QR-kodli to‘lov tizimi majburiy bo‘ladi
Naqdsiz to‘lovlar majburiy tartibda kengaytiriladi
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi faoliyati rasman tartibga solindi
Sharqiy Onado‘lining yashirin xazinalari: qishki sayohatlar uchun betakror manzillar
Qishki sayohatlarga qiziqish ortib borayotgan bir paytda, Turkiyaning Sharqiy Onado‘li mintaqasi tarixiy merosi, tabiiy go‘zalliklari va o‘ziga xos madaniy boyligi bilan sayyohlar uchun yanada jozibador manzilga aylanmoqda.
Qishki sayohatlar bugungi zamon sayyohlari orasida tobora ommalashib, ularning sevimli tanloviga aylanib bormoqda. Tripadvisor’ning “Qishki sayohat indeksi”ga ko‘ra, bu mavsumda sayyohlar ancha faollashgan: ularning 60 foizi qishki ta’tilni rejalashtirmoqda, joy band qilish esa o‘tgan yilga nisbatan 45 foizga ortgan.
Turkiya yil davomida betakror sayohat imkoniyatlariga boy bo‘lib, qish mavsumida dam olish va shahar madaniyatini kashf qilish uchun eng jozibali manzillardan biridir. Ayniqsa, mamlakatning Sharqiy Onado‘li qismi tarixiy merosi va o‘ziga xos gastronomik an’analari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Bu hudud qadim tarix ruhini his qilish, nafis taomlardan bahramand bo‘lish, ko‘zni qamashtiruvchi manzaralardan zavq olish va mintaqaning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan samimiy, mehmondo‘st mahalliy aholi bilan tanishish imkonini beradi.
Kars: O‘rta asrlarga sayohat
Kars – Turkiyaning qish mavsumidagi eng jozibali durdonalaridan biri. Shahar mashhur Sharqiy Ekspress yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan bo‘lib, noyob me’morchiligi, boy madaniy merosi va go‘zal manzaralari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Childir ko‘li hamda kristal qorlari bilan dong taratgan Sariqamish tog‘laridagi qishki manzara Karsning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.
Shahar atrofidagi maftunkor manzillardan biri — YUNЕSKO Butunjahon merosiga kirgan Ani majmuasi. U Sharqiy Onado‘lining eng yirik arxeologik hududi va o‘rta asr shaharsozligining yorqin namunasi sifatida tarixiy ahamiyatga ega. “Ming bir cherkov shahri” nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu maskan bir vaqtlar Ipak yo‘li bo‘ylab muhim madaniy, siyosiy va savdo markazi bo‘lgan. Bugun esa uning xarobalari o‘tmishda yashab o‘tgan xristian va musulmon sulolalarining boy merosidan hikoya qiladi.
Shuningdek, Kars Turkiyaning yetakchi pishloq yetishtirish markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda Kars va Gruyere pishloqlaridan tatib ko‘rish, shuningdek, Kars Pishloq muzeyiga tashrif buyurish mumkin.
Ag‘ri: Usmonli ulug‘vorligining timsoli
Ag‘ri shahri tarixiy yodgorliklar va tabiiy go‘zalliklarga boy maskanlardan biri. Shaharni mashhur qilgan inshoot — Is'hoq Posho saroyi. Usmonlilar davriga mansub bu saroy Istanbuldagi Topkapi saroyidan ilhomlanib qurilgan bo‘lib, unda usmonli, fors va saljuq me’morchilik uslublari o‘zaro uyg‘unlashgan.
Saroy haqiqiy majmua sifatida barpo etilgan: unda masjid, madrasa, hammom, oshxona, hatto zindonlar ham mavjud. Uning eng hayratlanarli jihati — markaziy isitish tizimining mavjudligi. Bir vaqtlar pechlarda isitilgan suv quvurlar orqali oqib, butun saroyni sovuq qishlarda isitib turgan.
Saljuqiylar davridan qolgan yodgorliklarni kashf qiling
Bitlis tabiiy go‘zalligi va qadim tarixi bilan ajralib turadi. Van ko‘li bo‘yida joylashgan go‘zal Tatvanda Bitlis asali va mahalliy pishloqlardan tayyorlangan to‘yimli nonushta bilan kunni boshlashning zavqi bo‘lakcha. Ahlat shahri tarixi Urartu davriga borib taqalsa-da, uning eng nodir merosi — Saljuqiylar davriga oid mozor toshlaridir. Bu yodgorliklar Onado‘lidagi ilk turkiy davrning eng ajoyib namunalaridan bo‘lib, o‘sha davr bezak san’ati va tosh o‘ymakorligini yaqindan o‘rganish uchun bebaho manba hisoblanadi.
Akdamar oroli va Akdamar cherkovi: Van ko‘lining noyob marvaridlari
Van shahri — Turkiyaning eng katta ko‘li bo‘lmish Van ko‘li sohilida joylashgan bo‘lib, bir vaqtlar Urartu podsholigining poytaxti bo‘lgan. Keyinchalik fors va Usmonlilar kabi ko‘plab sivilizatsiyalarga mezbonlik qilgan.
Van ko‘lidagi eng yirik to‘rtta oroldan biri Akdamarda ajoyib cherkov saqlanib qolgan. Toshli qoyalar bag‘rida joylashgan Akdamar cherkovi Vaspurakan qirollari uchun palatin cherkov sifatida qurilgan va o‘rta asrlarning katta diniy markazi bo‘lgan. Bugun bu yodgorlik nafis tosh o‘ymakorligi va rang-barang freskalari bilan millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.