So`ngi yangiliklar
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Koʻpchilik “storitelling” soʻzi haqida eshitgan boʻlishi mumkin, ammo uning asl mohiyati, tarixi va adabiyotdagi oʻrni haqida koʻproq Gʻarb tadqiqotchilari va olimlari tomonidan tadqiqotlar olib borilgan. Oʻzbek ziyolilari orasida storitelling atamasi nisbatan yaqin yillarda paydo boʻlgan tushuncha hisoblanadi.
Storitelling asli inglizcha soʻz boʻlib “hikoya qilib berish” maʼnosini anglatadi. Demak, storitelling adabiyotga va yanada aniqroq aytsak nasrga bevosita aloqador tushuncha. Ammo, adabiyotdan tashqari, storitelling bugungi kunda psixologiya va marketing sohasida ham mijozlar bilan ishlashda alohida metod sifatida ham qoʻllaniladi.
Bizning maqoladan koʻzlangan maqsad esa storitellingni adabiyot nuqtayi nazaridan oʻrganish va uning ayrim muhim jihatlarini oʻquvchilar bilan boʻlishishdan iborat.
Adabiyotshunoslar fikriga koʻra, storitelling badiiy adabiyotdagi eng qadimiy sanʼat turi hisoblanadi. Aytaylik, insonlar oʻrtasida muloqot boshlanishi bilanoq paydo boʻlgan sanʼat bu storitellingdir, yaʼni hikoya qilib berish sanʼatidir. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzumida yashagan insonlarni olaylik, ular ovchilik va termachilik bilan shugʻullanib kun kechirgan. Kunduzi ov qilgan odamlar kechqurun gulxan atrofiga yigʻilisharkan, ov jarayonida kechgan qiziqarli yoki qoʻrqinchli voqealarni bir birlariga hikoya qilib berishgan. Hikoyalarning hayotiyroq va taʼsirchan boʻlishini taʼminlash maqsadida, oʻzlari anglagan yoki anglamagan holda xayoliy tasvirlarini ham singdirishgan va bu ilk storitelling namunasi sifatida dunyoga kelgan.
Uzoq oʻtmishdan bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Asosiysi, insoniyat tarixining bugungi kunga qadar yetib kelishida va yashab qolishida aynan hikoya qilib berish muhim rol oʻynagan. Tadqiqotchilar fikriga koʻra, aynan hikoya qilib berish qobiliyati insonni hayvonot olamidan ajratib turuvchi muhim belgilardan biri hisoblanadi.
Keyinchalik yozuvning kashf qilinishi natijasida voqealarni hikoya qilib berish kitoblarga koʻchib oʻtgan va roman deb nom olgan adabiyot janri paydo boʻlgan.
Badiiy adabiyot shunisi bilan muhimki, unda faqat tarixiy faktlargina emas, balki insonning turli ruhiy kechinmalari, quvonchli va qaygʻuli kunlari va eng asosiysi, biz anglab yetolmaydigan xayolot mahsuli (fantaziya) ham aks etadi. Shu jihatdan ham adabiyot insoniyat tarixini keng va jonli hikoya qilib beruvchi muhim vositadir. Romanlarni va boshqa janrdagi turli asarlarni oʻqir ekanmiz, ulardan oʻzimizni topganday boʻlamiz, koʻp hollarda oʻzimiz bilmagan holda asar qahramonlarining qaygʻulariga sherik boʻlamiz, ular muvaffaqiyatga erishsa quvonamiz, magʻlub boʻlishsa xafa boʻlamiz. Baʼzida esa bizning oʻrnimizga qahramonlar vafot etganday boʻladi. Qisqasi asarlarni oʻqish davomida qahramonlar bilan birga yashaymiz va estetik zavq olamiz.
Bugun koʻplab aloqa vositalari va gadjetlarning paydo boʻlishi natijasida kitob oʻqishga boʻlgan qiziqish butun dunyoda sezilarli darajada pasaydi. Shunday boʻlsada, kitob oʻqishga targʻib qiluvchilar, davlat tomonidan kitobxonlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar natijasida kitobxonlik muhiti yashab kelmoqda.
Aslida kitob oʻqish va kitobxonlik har bir inson uchun hayotiy zarurat sifatida doimiy yuzaga chiqadigan ehtiyoj. Afsuski, buni koʻp hollarda anglab yetolmaganligimiz natijasida hayotiy qiyinchiliklarga duch kelamiz va ulardan chiqish yoʻllarini topolmay qiynalamiz.
Unutmasligimiz kerakki, biz har qanday kitob sotib olar ekanmiz, u faqatgina 300-400 gramm qogʻozdan iborat emas, balki unda insonlar oʻrtasidagi muhabbat, doʻstlik, yumor, oʻzga yurtlarga va dengizlarga sayohat kabi koʻplab insonlarning hayot tasvirini, yanada aniqroq aytsak, yangi bir hayotiy tajribani sotib olamiz.
Asarlarda tasvirlangan xayolot ummoniga gʻarq boʻlar ekanmiz, oʻzimizni reallikdan uzilganday his qilamiz. Ammo, bu bizga kundalik muammolardan qutulishimiz uchun vaqtinchalik boshpana yoki faqatgina zavq olish emas, aksincha unda bizga mutlaqo yangi boʻlgan muammoli vaziyatlar va qaygʻuli kechinmalarni his qilamiz. Bu paradoksni ilk bor Aristotel oʻzining “Poetika” asarida tasvirlab, badiiy xayolot olami insonga zavq berish bilan birga, unga koʻplab koʻngilsizliklar: oʻlim, qiyin vaziyatda qolib ketish va tashvish singari vaziyatlarni his qildirishini taʼkidlaydi. Badiiy asar bizni ideal hayotda yashashga emas, balki turli tashvishlarga toʻla boʻlgan real hayotga yanada yaqin boʻlishga va qaysidir maʼnoda unga tayyorlashga xizmat qiladi.
Amerikalik adabiyotshunos olim Jonatan Gotshall “Storitelling bizni qanday odam qildi” nomli kitobida badiiy asarlar va toʻqima hikoyalarning umumiy grammatikasi bor degan gʻoyani ilgari suradi. Uning fikricha, xalq ogʻzaki ijodi va bolalar ertaklaridan tortib zamonaviy dramalardagi barcha voqealar muammolar atrofida qurilishini taʼkidlaydi. Shu oʻrinda, adabiyotshunos harbiy samolyot uchuvchilarining mahoratini taʼriflab, 23 tonnalik samolyotni 55-60 km tezlik bilan harakatlanib borayotgan kemaning 150 metrlik maydoniga qoʻndirish eng mashaqqatli ishlardan biri ekanligini tasvirlaydi. Uchuvchilar kema harakatiga taʼsir oʻtkazayotgan okean toʻlqinlari kuchini, kemadagi minglab odamlarning hayoti, katta miqdordagi portlovchi raketalar va yadro reaktorining mavjudligini inobatga olishi bilan bir qatorda, mutlaqo qorongʻuliqda qoʻna olish koʻnikmalariga ega boʻlishi talab etilishini taʼkidlaydi. Olimning fikricha, hayotda ham ulovlarni toʻgʻri ola bilish va ehtimoliy muvaffaqiyatsizlikning oqibatlari ham harbiy uchuvchining koʻnikmalaridan kam boʻlmagan mahoratni talab qiladi. Misol uchun, odamlarning maʼlum guruhi bir joyga yigʻilsa, ular doʻstona va yaqin munosabatlarga kirishishlari yoki boʻlmasa oʻzaro dushmanga aylanishlari mumkin.
Sportchilar musobaqalarda, musiqachilar konsert zallarida oʻzlarini erkin tutishlari uchun va kuchli hayajonlanish holatlarida ham oʻzlarini boshqara olishlari uchun doimiy mashgʻulotlar oʻtkazganiday, insonlar ham oʻzlarining ijtimoiy koʻnikmalarini rivojlantirishi va yaxshilashi uchun koʻproq badiiy adabiyotga murojaat qilishlari lozim.
Amerikalik yozuvchi Janet Berrouey fikriga koʻra, adabiyot bizga hech qanday toʻlovlarsiz va hech narsa yoʻqotmagan holda, sevgi, ayblov, eʼtirof, umid, qoʻrquv va nafratni his qilishga imkon beradi. Psixolog va yozuvchi Keyt Oatli esa hikoyalar va asarlardagi voqealarni “odatiy hayot uchun trenajyorlar” deb ataydi. Shunday qilib biz badiiy hikoyalarni faqatgina bizga yoqqani uchun emas, balki bunga qoʻshimcha ravishda xayoliy voqealar bilan tanishish orqali muammolarni modellashtirishimiz va ularga yechim topishga urinishimiz mumkin.
Buni amalga oshirish mexanizmini ham Jonatan Gotshall Sherlok Xolmas sindromi yordamida tushuntirib berishga harakat qilgan. Maʼlumki, Ser Artur Konan Doylning qahramoni Sherlok Xolms faktlar va voqealar zanjirini bir butun holda koʻra olish orqali jinoyatlarni fosh etadi. Sherlokning izquvarlik qobiliyatlari yozuvchining xayolot va fantaziyasi mahsuli boʻlgani uchun real hayotda umuman ishlamasligi mumkindir, ammo uning yondashuvlari bizni ham koʻrgan va tushungan voqea hamda hodisalardan xulosa chiqarishga undaydi. Gotshall taʼkidlaganiday, evolyutsiya bizga “ichki Xolms”ni hadya qilgan. Chunki, hayot intrigalardan, kutilmagan burilishlar va sabab-oqibat zanjirlariga asoslangan syujetlar bilan toʻla. Shunday ekan, xayolot olamining mahsuli boʻlgan hikoyalarni oʻqish orqali oʻzimizning shaxsiy hayotimizni tartibga solishimiz osonlashadi.
Adabiyotni mutolaa qilish orqali inson oʻzini tarbiyalab boradi. Adabiyot yaxshilikning mukofotlanishi va yomonlikning qoralanishi kabi inson axloqining asosiy ustunlari hisoblangan qarashlarni tasvirlabgina qolmasdan ularning oʻquvchilarda yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Shu boisdan ham, jamiyatdagi axloq masalalariga kelganda, shoirlar va yozuvchilarni dunyoning tan olinmagan qonun chiqaruvchilari deb bekorga aytishmaydi.
Murodjon Mustafoyev,
Mustaqil tadqiqotchi