Qidirish

19:55 / 2025-04-07 655 0 Maqolalar

Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar mohiyati nimadan iborat?

Davlat rahbari oʻz nutqi davomida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

world-news

Toshkent birinchi bor 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmadan iborat Parlamentlararo Ittifoqning 150-yillik Assambleyasiga mezbonlik qilyapti. Buni Oʻzbekistonning jahon siyosiy sahnasidagi mavqeyini namoyon etuvchi ramziy qadam desa boʻladi.

Bu shunchaki raqamlar emas

Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjumandagi nutqi shunchaki rasmiy bayonot emas, balki unda tinchlik istagi va taraqqiyotga boʻlgan ishonch aks etdi. Bu soʻzlar nafaqat dunyo deputatlariga, balki butun insoniyatga qaratildi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan bu galgi Assambleya bejizga “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida oʻtkazilmayapti. Jahonda yalpi ichki mahsulot 4,5 barobarga oshgan bir paytda, kambagʻallar soni kamayish oʻrniga, yanada koʻpaymoqda. 2030-yilgacha 575 million kishi qashshoqlikda yashashi kutilyapti. Bu shunchaki raqamlar emas — millionlab orzusi singan insonlar, taʼlim va tibbiyotdan mahrum, ochlikka mahkum bolalar taqdiri demakdir.

Bu muammo parlamentlar zimmasidagi umumiy masʼuliyatni oshiradi. Chunki zamonaviy parlament — bu faqat qonun qabul qiluvchi organ emas. U — xalq dardini eshitadigan, muammolariga yechim taklif etadigan, javobgarlik hissi bilan harakat qiluvchi institutdir.

Ziddiyatlarga yagona yechim

Prezident dunyodagi koʻplab nizolarni tilga olib, Oʻzbekistonning prinsipial pozitsiyasini bildirdi: har qanday muammo faqat tinch muzokaralar orqali hal qilinishi kerak. Bunday masalalarda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston BMTni universal va muqobili yoʻq yagona global tuzilma sifatida eʼtirof etadi.

Bu fikrlar – XXI asrda hamon kuch qoʻllanilayotgan, zoʻravonlik tufayli millionlab odamlar qochqinga aylanayotgan dunyoga qarata aytilgan qatʼiy, ogʻriqli, ammo chin haqiqatdir.

Besh tashabbus

Davlat rahbari oʻz nutqi davomida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi:

Birinchidan, davlatlarning iqlim siyosati boʻyicha ilgʻor tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil” texnologiyalarga oʻtishni ragʻbatlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylanib, iqlim oʻzgarishi mavzusi Assambleyaning kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida doimiy oʻrin olishi kerakligi;

Ikkinchidan, xotin-qizlar huquqlarini qatʼiy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biri ekanligi;

Uchinchidan, Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning taʼsis forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish;

Toʻrtinchidan, joriy yil sentyabr oyida yurtimizda boʻlib oʻtadigan kambagʻallikni qisqartirishga bagʻishlangan xalqaro konferensiya ishida Parlamentlararo ittifoq parlamentlari vakillarining faol ishtirok etishi;

Beshinchidan, sunʼiy intellektdan foydalanish etikasi boʻyicha namunaviy qonun ishlab chiqish.

Toshkentda yangragan ovoz

Toshkentda yangragan bu ovoz – tinchlik, barqarorlik, adolat va taraqqiyot sadosidir. U insonlarni birlashtiradigan, millatlar oʻrtasida koʻprik boʻladigan ovozdir. Va bu chaqiriqlarga jahon parlamentlari, dunyo hamjamiyati jim qarab turmasligi kerak.

Anvarjon Mirkomilov,  “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi

Izohlar 0

Fikr bildirish