So`ngi yangiliklar
“Xatar guruhidagi bolalar va oilalar bilan ishlash boʻyicha ijtimoiy ish amaliyoti” davra suhbati oʻtkazildi
AQSH Ukrainaning “qarzini” uch barobarga kamaytirdi
Andijonda Bobur shahri barpo etiladi
Navoiyda paxta terish xizmatiga ajratilgan subsidiya pullari toʻlab berilmagan. Fermerlar kengashi masʼullarga chora koʻrish boʻyicha Bosh prokuraturaga murojaat kiritdi
Prezidentga modernizatsiya qilinayotgan Andijon xalqaro aeroportining imkoniyatlari haqida axborot berildi
Prezident xalqaro turizm markazining master-rejasini koʻrib chiqdi
Jamiyatimizning koʻrinmas qahramonlari
Xitoyda uch kundan beri boʻron kuzatilmoqda
Oʻzbekistonda soʻz erkinligi, qonun va amaliyot oʻrtasidagi tafovut…
Soʻz erkinligi insonning asosiy huquqlaridan biri boʻlib, uni qonuniy himoya qilish dolzarb masaladir. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi bu huquqni taʼminlash va boshqalarning manfaatlarini himoya qilish oʻrtasida muvozanat topishni talab qiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar, mavjud muammolar va istiqboldagi rivojlanish tendensiyalari tahlil qilinadi.

Mavzuga oid kalit soʻzlar: Soʻz erkinligi, axborot erkinligi, Oʻzbekistonda soʻz erkinligi, demokratik jamiyat, qonun ijrosi, davlatning ochiqligi, fuqarolarning fikr bildirish huquqi, fuqarolar erkinligi, matbuot erkinligi, jamoatchilik nazorati, global reytinglarda oʻrin.
Soʻz erkinligi – inson shaʼni va qadr-qimmatining ifodasi boʻlib, har qanday ochiq va adolatli jamiyatning ajralmas asosidir. Oʻzbekistonda ham soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda sezilarli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda, biroq xalqaro reytinglarda hanuz past oʻrinlarni egallayotganligimiz esa muammolar hozirgacha dolzarb ekanligidan darak beradi.
Soʻz erkinligi masalasi faqatgina qonunlar bilan tartibga solinadigan texnik jarayon emas. Balki bu jamiyatning fikrlash tarzi, insonlarning oʻz fikrini ochiq bayon qilishga boʻlgan ishonchi va davlat organlarining shaffofligi bilan chambarchas bogʻliqdir.
Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash borasida muayyan qadamlar tashlanayotgan boʻlsada, amaliyotda esa jurnalistlar va blogerlar uchun hali ham muayyan toʻsiqlar, qoʻrquv va bosimlar borligi nafaqat koʻzga tashlanadi, balki bu yashayotgan hayotimizda ham yaqqol sezilmoqda.
Sizningcha, Oʻzbekiston soʻz erkinligi borasida dunyo reytingida nechanchi oʻrinda turishi kerak?
Bu savolga javob sifatida, Buyuk Britaniyaning xalqaro soʻz va axborot erkinligini qoʻllab-quvvatlovchi “Article 19” tashkilotining 2024-yil 30-may sanasidagi maʼlumotlariga nazar soladigan boʻlsak, soʻz erkinligi reytingida Oʻzbekiston 132- oʻrinda turibdi.
Yangi eʼlon qilingan hisobotda Oʻzbekistonda soʻz erkinligi vaziyati “inqirozli” deb baholangan. Shuningdek, mamlakatda soʻz erkinligi darajasi Ruanda, Yaman, Burundi, Sudan va Kamboja kabi davlatlar bilan bir xil deb koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, “Freedom House” nodavlat tashkiloti tomonidan taqdim etilgan “Freedom on the Net 2020” hisobotida Oʻzbekiston internetdagi erkinlik boʻyicha ham erkin boʻlmagan mamlakatlar roʻyxatiga kiritilgan.
2019-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻz erkinligi va jamoatchilik nazoratining ahamiyatiga alohida urgʻu berib, davlat idoralarining tanqidiy fikrlar bilan ishlashga ochiq boʻlishi zarurligini taʼkidlagan edi.
Oradan olti yil oʻtsa hamki, negadir xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarga erisholmayapmiz. Xoʻsh, unda rivojlanishning sustlashishi sabablari nimada?
Oʻzbekiston Respublikasida soʻz erkinligi va axborot erkinligi masalasi bugungi kunda oʻta dolzarb boʻlib qolmoqda.
Birinchidan, tizimli islohotlar hali toʻliq amalga oshirilmagan, bu esa rivojlanishning sustlashishiga sabab boʻlmoqda.
Ikkinchidan, yangi qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar xalqaro standartlarga moslashtirilayotgan boʻlsada, ularning amalda samarali ishlashiga hali koʻplab toʻsiqlar mavjud.
Afsuski, qonunlar koʻpincha qogʻozda qolib ketmoqda, ularning ijrosi amalda past va bir xil darajada emas.
Uchinchidan, soʻz erkinligi va axborot erkinligi masalalari jamiyatda toʻgʻri tushunilmagan. Fikrni erkin ifoda etish madaniyati va fikrlash tarzi yetarlicha shakllanmagan. Natijada, bu sohalarda hali jiddiy rivojlanish kuzatilmayapti. Oʻz fikrini erkin bayon etishning toʻliq madaniyati va huquqiy asoslari yaratilmaganligi jamiyatning erkin va ochiq muloqotga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirishga xalaqit beryapti.
Oʻzbekistonda soʻz erkinligi borasidagi muammolarni yoritishda, oddiy fuqarolar boshidan kechirayotgan voqealar ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Shu holatni yanada yaxshiroq tushunish uchun real bir misolga tayanish zarur.
2024-yil 23-dekabr kuni Toshkentdagi metan gaz quyish shoxobchasida sodir boʻlgan holat bunga yaqqol misol boʻla oladi. 46 yoshli Damas haydovchisi Gʻayrat Doʻstov navbatda tuni bilan kutib, gaz quyish shoxobchasida gaz berish toʻxtatilganligi va navbati kelib qolgan Gʻayrat Doʻstov norozilik bildirib, rasmiylarga videomurojaat yoʻllagan edi.
U oʻz murojaatida mamlakatdagi gaz tanqisligidan noroziligini va yer usti shuningdek yer osti tabiiy boyliklaridan xalq foydalana olmasligini ochiq ifoda etdi. Ammo oradan uch kun oʻtib, yaʼni 26-dekabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Bektemir tumani sudi uni mayda bezorilikda ayblab, 15 sutkalik qamoq jazosiga hukm qildi.
Ushbu voqea nafaqat haydovchining taqdiriga, balki umuman jamiyatda soʻz erkinligining qay darajada mavjudligiga oid savollarni keltirib chiqardi. Mazkur vaziyat fonida internetda yuzaga kelgan keskin munozaralar, jamiyatning javobi bu masalaning naqadar dolzarb va ogʻriqli ekanini koʻrsatdi.
Gʻayrat Doʻstovning ushbu voqeada bildirgan fikrlari esa bizni chuqur oʻylantirishga majburladi.
U oʻz murojaatida shunday degan edi: “Oʻzimning tinchligim, bola-chaqam, uch kunlik hayotda yaxshi yashashim uchun oʻzim harakat qilishim kerak, oʻz fikrlarimni aytyapman. Demokratik davlat, soʻz erkinligi, fuqarolar erkinligi, qonun ustuvorligi boʻlganidan keyin mening ham gapirishga haqqim bormi? Nima uchun haqiqatni gapirsam, meni prokuraturaga chaqirasizlar, shunchasi yetmaganidek”.
Shaxsan bu soʻzlardan, odamlarning yuragida toʻplangan norozilikni ochiq aytishga uringan fuqarolarning qanday xavf ostida qolayotganini his qilish mumkin. Agar fuqarolik pozitsiyasini bildirgan oddiy bir haydovchi jazoga tortilsa, unda soʻz erkinligi faqat matnlarda qolayotgan iborami, degan savol oʻz-oʻzidan tugʻilishi tabiiy.
Shu sababli ishonch bilan aytmoqchimizki, jamiyatda ochiq fikr bildirishdan qoʻrqmaydigan muhitni yaratish — bu nafaqat huquqiy, balki maʼnaviy majburiyatdir.
Ushbu holat jamiyatda fuqarolarning fikr bildirish huquqi qanday xavf ostida qolayotganini koʻrsatadi. Oʻzbekistonda jurnalistlar va blogerlar uchun qonuniy himoya nazarda tutilgan boʻlsada, amaliyotda bu huquqlarning qay darajada ishlashi jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Aynan shu ziddiyat — qonun bilan berilgan erkinlik va hayotda yuzaga kelayotgan cheklovlar oʻrtasidagi tafovut — soʻz erkinligini faqat huquqiy mezonlar bilan emas, balki ijtimoiy va siyosiy kontekstda ham chuqur tahlil qilish zarurligini koʻrsatadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Oʻzbekistonda soʻz erkinligi va axborot erkinligini mustahkamlash uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar juda koʻp. Bu borada davlat, jamiyat va har bir fuqaroning birgalikdagi harakati muhim.
Ochiqlik – taraqqiyot garovidir. Erkin fikr va soʻz erkinligi yashnagan jamiyatda ijtimoiy adolat, ishonch va farovonlik mustahkam oʻrnashadi. Birinchi oʻrinda, yanada yuqori natijalarga erishish va xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallash uchun tizimli islohotlar zarur. Bu jarayonni faqat qonunlar va normativ hujjatlar bilan cheklashning oʻzi yetarli emas.
Shuning uchun, soʻz erkinligi kafolatlarini mustahkamlovchi huquqiy muhit yaratish, jurnalistlar va blogerlarga erkin faoliyat yuritish imkoniyatlarini taqdim etish juda muhim.
Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati vakillarining erkin ishlashlari uchun huquqiy kafolatlar berilishi kerak. Davlat idoralari va mansabdor shaxslarning faoliyatini oshkora qilish, fuqarolarning fikr bildirish va tanqid qilish huquqlarini toʻliq kafolatlash ham jamiyatni ochiq va demokratik qilishda muhim rol oʻynaydi.
Fuqarolarning fikrini inobatga olish va boshqaruv tizimini shaffof qilish orqali jamiyat bilan davlat oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlashga erishish mumkin. Shu sababli, Oʻzbekistonda soʻz erkinligini mustahkamlash va axborot erkinligini taʼminlash borasidagi islohotlarni izchil davom ettirish zarur. Bu, nafaqat mamlakatning global reytinglardagi oʻrnini yaxshilaydi, balki jamiyatni erkin va shaffof boʻlishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunning eng dolzarb vazifasi – Soʻz erkinligini taʼminlash bu faqat siyosiy islohot emas, balki millatning madaniy va maʼnaviy uygʻonishidir. Bu yoʻlda har birimiz oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz kerak.
Huquqiy, siyosiy va maʼnaviy jihatdan soʻz erkinligini mustahkamlash, jamiyatni yanada ochiq va demokratik qilishdir. Yalpi ijtimoiy barqarorlikka erishish va demokratik qadriyatlarni yanada chuqurlashtirish uchun bunday izchil islohotlarni amalga oshirish juda muhim.
Shunday islohotlar orqali biz nafaqat jamiyatda erkin va adolatli muhitni yaratamiz, balki fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilib, davlat boshqaruvidagi shaffoflikni taʼminlashda katta qadamlar qoʻyamiz. Bu jarayon, oʻz navbatida, mamlakatimizning kelajakdagi rivojlanishida mustahkam poydevor boʻladi, deb umid bildiramiz…
JIDU “Xalqaro huquq” fakulteti 1-kurs talabasi Sherzod Sharipov



