Qidirish

21:58 / 2025-04-08 697 2 Maqolalar

Iqtisodiyotdagi tebranishlar goʻsht narxiga taʼsir qiladi...

Keyingi yillarda goʻsht narxi oshishi global miqyosda kuzatilmoqda. Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining izohlarida bu holat shunday sharhlangan:

world-news

– Buning bir nechta omillari mavjud.

Birinchidan, dunyoda goʻsht ishlab chiqarish hajmi sekinlashmoqda.

Ikkinchidan, yirik import qiluvchi davlatlarda talab yuqori. Shuningdek, ozuqa xomashyosi va transport xarajatlarining oshishi ham narxlarga taʼsir qilmoqda.

Masalan, Rossiyada tovuq goʻshti narxi yil boshidan buyon 9,7 foizga oshgan boʻlsa, Qozogʻistonda 4,7 foizga koʻtarildi. Umuman olganda Oʻzbekistonda goʻsht narxi mintaqaviy tendensiyalar doirasida saqlanib turibdi. Global bozor tebranishlariga nisbatan barqarorligini koʻrsatmoqda.

Mustaqil tadqiqotchilarning oʻrganishlariga koʻra, ayni paytda Oʻzbekistondagi bozorlarining arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qoʻy goʻshti oʻrtacha 65-75 ming, tadbirkorlar rastasida 90-95 ming, savdo markazlari (supermarketlar) da 95-100 ming soʻmdan sotilmoqda.

Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalardagi 65-75 ming soʻmlik goʻshtning bir kundagi sotilishi jami xaridorlarning 15-18 foizini, tadbirkorlar rastasidagi 90-95 ming soʻmlik roʻzgʻorbop goʻsht xarid qiluvchilarning 82-85 foizini, 110-130 ming soʻmlik suyaksiz (lahm) goʻsht 1-2 foizni tashkil etadi.

Shuningdek, poytaxt bozorlarida goʻshtni aholining xarid qobiliyatiga mos ravishda qismlarga boʻlib sotish ham yoʻlga qoʻyilgan.

Yaʼni, goʻshti ajratilgan suyak (ragu) 25-30 ming soʻm, qovurgʻa 85-95 ming soʻm, suyaksiz goʻsht (lahm) 110-130 ming soʻmdan sotilmoqda.

Taqqoslaydigan boʻlsak, Rossiyada 1 kg mol goʻshti 10-12 dollar, Belorusda 6-8 dollar, Qozogʻistonda 7-11 dollar, Tojikistonda 8-10 dollar, Gruziyada 9,5-12 dollar, Ajarbayjonda 9,5-12,5 dollar, Turkiyada 12-14 dollar, shuningdek iqtisodiyoti rivojlangan Shvetsiyada 46,2 dollar, Islandiyada 38,86 dollar, Janubiy Koreya 28 dollar atrofida sotilmoqda.

Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston dunyoning goʻsht eng arzon sotiladigan davlatlari qatoriga kiradi.

Agar-iqtisodiy masalalarni yoritadigan xorijiy saytlar maʼlumotlariga koʻra, goʻsht yetishtirish va goʻsht narxining ichki isteʼmoldagi barqarorligini saqlab qolish maqsadida turli davlatlarda turli xil imtiyozlar beriladi.

Masalan, Qozogʻistonda goʻshtning tannarxini pasaytirish maqsadida davlat tomonidan qoramolning 1 kilogramm tirik vazni uchun 5 ming 296 soʻm (200 tenge), qayta ishlashga moʻljallangan 1 kilo goʻsht uchun 4 ming 615 soʻm (175 tenge) subsidiya beriladi.

Shuningdek, goʻsht yoʻnalishidagi mahalliy 1 bosh nasldor buqa sotib olish uchun davlat tomonidan 4 mln soʻm (150 ming tenge), MDH davlatlaridan olib kelingan 1 bosh sigirga yaʼni 6 mln soʻm (225 ming tenge), Avstraliya, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa davlatlaridan import qilingan 1 bosh naslli sigirga 8 mln soʻm (300 ming tenge) subsidiya ajratiladi.

Eronda chorvachilik davlat tomonidan taqdim etiladigan begʻaraz moliyaviy koʻmaklar hisobiga qoʻllab-quvvatlanadi.

Chorvachilik sektorini qoʻllash uchun davlat byudjetidan subsidiya mablagʻlari ajratiladi. Masalan, 2024-yilda chorvachilik sektorini quvvatlash uchun 20 mlrd dollar begʻaraz sarmoya ajratilgan.

Har yili fermerlarga 10 mlrd dollarga yaqin mablagʻ chorva mollariga ozuqalar bilan taʼminlash uchun taqsimlanadi.

Bundan tashqari, chorva kasalliklarining oldini olish va hayvonlar sogʻligini taʼminlashga yiliga 500 mln dollardan 1 mlrd dollargacha mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Davlat tomonidan har yili chorvachilik sohasida zamonaviy texnikalarni xarid qilish uchun 2 mlrd dollar ajratiladi. Fermerlarning malakasini oshirish, yangi usul va texnologiyalarni joriy qilish uchun taʼlim va treninglar tashkil qilish maqsadida 100 mln dollar sarflanadi.

Fransiya hukumati chorvachilik sohasini rivojlantirish va fermerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator moliyaviy yordam va subsidiyalar dasturlarini amalga oshirmoqda.

Davlat tomonidan ajratilgan mablagʻlar:

2024-yilda Fransiya hukumati chorvachilik fermerlarini qoʻllab-quvvatlash uchun har yili 250 mln yevrogacha mablagʻ ajratiladi. Bu mablagʻ fermerlarning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.

Yevropa Komissiyasi 2023-yilda Fransiyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 500 mln yevrolik davlat yordam beriladi.

Bu dastur 2029-yilgacha amal qiladi va fermerlarga turli moliyaviy yordam shaklida taqdim etadi.

Tahlillar vaziyatni oydinlashtiradi

Oʻtgan yillar davomida yurtimizda goʻsht narxiga taʼsir qiluvchi davlat preferensiyalarining sarmaradorligini tahlil qilsak vaziyat yanada oydinlashadi.

Fermerlarning aytishicha, birinchidan ishlab chiqarilib, sotilgan goʻsht uchun ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan davlat subsidiyalari 2024-yil 1-yanvardan bekor qilingan.

Ikkinchidan, goʻshtni (mol goʻshtini, qoʻy goʻshtini) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek importda qoʻshilgan qiymat soligʻi joriy etilgan.

Oʻtgan yillar mobaynida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” gi 05.05.2022-yildagi qonunga muvofiq 2023-yil 1-yanvarga qadar mol va qoʻy goʻshtini realizatsiya qilishda aylanma, olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan edi.

Uchinchidan, statistik hisobotlarga koʻra, 2025-yilning mart oyida goʻsht ishlab chiqarish bilan bogʻliq harajatlar, jumladan, yem-oziqa, elektr energiyasi, yoqilgʻi-moylash materiallari narxlari keskin oshdi.

Masalan, 2024-yilning dekabr oyidagi qiymatga solishtirganda bugungi kunda shrot narxi 3 ming soʻmdan 7 ming soʻmga, sheluxa 2 ming 800 soʻmdan 4 ming soʻmga, omuxta yem 2 ming 900 soʻmdan 3 ming 700 soʻmga, bugʻdoy 2 ming soʻmdan 3 ming soʻmga, makka silosi 500 soʻmdan 900-1000 soʻmga, somon 15 ming soʻmdan 25 ming soʻmga, beda 25 ming soʻmdan 45 ming soʻmga koʻtarildi.

Eʼtiborlisi, goʻsht yetishtirishda Oʻzbekiston baʼzi davlatlardan mol bosh soni koʻpligi, lekin ekin maydonlari kamligi bilan keskin farqlanadi.

Xorijiy mamlakatlarda mavjud chorva mollari bosh soni, umumiy ekin maydonlari, ozuqa uchun ajratilgan ekin maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumot.

Toʻrtinchidan, tahlillarga koʻra goʻsht import qilinadigan mamlakatlarda xususan, Belorusiyada goʻsht ishlab chiqarish 1 kilosining tannarxi 6-10 ming soʻmgacha koʻtarildi.

Qozogʻiston va Qirgʻiz respublikasidan soʻyish uchun keltirilayotgan mollarning narxi tirik vaznda kilosiga 5-10 ming soʻmgacha qimmatlashdi va keltirish harajatlari bir bosh qoramolga nisbatan 100-150 dollarga qimmatlashdi.

Beshinchidan, boʻrdoqini soʻyish uchun viloyatlardan Toshkent shahriga keltirish yoki goʻshtni tashishdagi transport harajatlari, yaʼni ichki ichki logistika (yoqilgʻi moylash) harajatlari 150 foizgacha koʻtarildi.

Oltinchidan, goʻsht oldi-sotdisida betartib chayqovchilik faoliyati mavjud.

Masalan, Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonalari (zamonaviy kushxonalar) da soʻyilgan chorva goʻshti isteʼmol bozori peshtaxtalarida kilosiga 20-25 ming soʻm, ayrim bozorlarda 25-30 ming soʻmgacha ustama qoʻyib sotilayotganligi aniqlandi.

Xulosa shuki...

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, goʻsht narxi oshishi quyidagi ikki holatga bogʻliq: birinchisi, goʻsht ishlab chiqarishda taqchillik (defitsit holat) yuzaga kelsa yoki goʻshtning tannarxi oshsa.

Bugun chorvachilik va uning tarmoqlaridagi strategik rejalashtirish asosidagi islohotlar tufayli isteʼmol bozorida goʻsht taqchilligi (defitsit holat) kuzatilayotgani yoʻq. Goʻsht ishlab chiqarish talabni toʻliq taʼminlayapti.

Izohlar 0

Fikr bildirish