Qidirish

21:08 / 2025-04-07 656 0 Maqolalar

Ekologiya va atrof muhit muhofazasi: Konstitutsiyada dolzarb muammo haqida qanday yechimlar keltirilgan?

Siz oʻqiydigan maqola hozirgi kunda eng dolzarb mavzuga aylanayotgan Ekologiya va atrof muhit muhofazasi va uning Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ushbu dolzarb muammo haqida qanday yechimlar keltirilganligi koʻrib chiqiladi.

world-news

Shuningdek, ekologik huquqlar, davlat va jamiyatning ushbu sohadagi majburiyatlari hamda fuqarolarning ekologik xabardorligi va masʼuliyati yuzasidan kiritilgan yangiliklar tahlil qilinadi. Maqolada ushbu oʻzgarishlarning ahamiyati va ularni amaliyotga tatbiq etish istiqbollari haqida fikr yuritiladi.

Hozirgi vaqtda Ekologiya vazirligi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni tiklash sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Ekologik masalalarga ustuvor eʼtibor qaratilayotganining yorqin dalili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishidir. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha milliy strategiyani ishlab chiqish hamda ushbu yoʻnalishda yagona davlat siyosatini shakllantirish.

– Vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi va Parij bitimidan kelib chiqadigan Oʻzbekiston majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish.

– Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash.

– Ekologiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlar bazasini takomillashtirish.

Maʼlumki, konstitutsiyaviy normalarning ekologik siyosatni amalga oshirishdagi oʻrni va ahamiyati beqiyos. Aynan asosiy qonunda davlat organlari va jamoat birlashmalarining ekologik faoliyatini shakllantirish boʻyicha asosiy prinsiplari mustahkamlanadi, fuqarolarning ekologik burchlari belgilanadi, jamiyatning ekologik barqaror rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari oʻrnatiladi va h.k.

Konstitutsiyaviy normalar tizimi jamiyat va tabiatning oʻzaro aloqasi chogʻida yuzaga keladigan va tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tavsifidan kelib chiqib, shartli ravishda ikki qismga – umumiy va maxsus ekologik normalarga boʻlinishi mumkin.Umumiy konstitutsiyaviy normalar demokratik-huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini tashkil etishning asosiy prinsiplarini belgilashda, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini kafolatlashda, ekologik huquq-tartibotni mustahkamlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Konstitutsining 10-bobi inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlariga bagʻishlangan boʻlib, unda davlatning fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan (shu jumladan ekologik) huquqlarini kafolatlashi belgilangan.

Shuningdek, Asosiy Qomusimizning beshinchi boʻlimida davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy qoidalari belgilangan boʻlib, ushbu normalar ekologik qonunchilikning shakllanishi va shu sohadagi davlat organlarining tashkil etilishida muhim huquqiy negiz boʻlib xizmat qiladi.

Yuqoridagilardan tashqari Konstitutsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining vakolatlari ham belgilangan boʻlib, ushbu normalar mazkur organlarning ekologiya sohasidagi vakolatlarining huquqiy maqomini belgilovchi milliy qonun hujjatlarining rivojlanishi uchun asos boʻladi.

“Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan qabul qilingan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar doirasida ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda davlat rahbarining tashabbuslari bilan mintaqada global tus olayotgan ekologik muammolarni xalqaro hamjamiyat hamkorligida hal etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar soʻzsiz oʻz samarasini bermoqda.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasida davlat ekologik siyosatining umumiy konstitutsiyaviy normalarning mustahkamlanganligi, mamlakatimizda barqaror rivojlanishni taʼminlash, atrof muhit musaffoligini taʼminlash va muhofaza qilish hamda aholi salomatligini himoya qilishning kafolati ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Konstitutsiyaning bir nechta moddalarida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bilan bogʻliq ekologik-huquqiy normalar mustahkamlangan. Jumladan, Konstitutsiyaning 62-moddasiga muvofiq, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar. Bu oʻz navbatida, fuqarolarning er, suv, oʻrmon, er osti boyliklari, hayvonot, oʻsimliklar dunyosi va boshqa tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanishini, ularni tiklash, muhofaza qilishni hamda ushbu majburiyatni oʻz vaqtida bajarishni taqozo etadi.

Konstitutsiyaning 41-moddasida mulkdor oʻz mulkiga oʻz xohishicha egalik qilish, undan foydalanishi va tasarruf etishi taʼkidlanib, shu bilan birga, mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shartligi belgilab qoʻyilgan.

Shundan kelib chiqib, mulkdor oʻz mulkiga oʻz xohishicha egalik qilish, undan foydalanishi va tasarruf etishi huquqi bilan birgalikda, mulkdor har qanday faoliyatni amalga oshirish atrof muhitning ifloslanishiga, oʻzlariga foydalanishga berilgan tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solmaslik majburiyati ham yuzaga keladi.

Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarning inson salomatligiga salbiy taʼsiri oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barqaror rivojlanish kafolati boʻlmoqda. Bu islohotlarning huquqiy asoslari esa Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgan

Bosh qomusimizning 62,66 va baʼzi boshqa moddalarida esa yuridik va jismoniy shaxslarga atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari aks etgan. Birgina 66-moddada tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqi mazmunini belgilovchi mulkdor vakolatlari tartibga solingan hamda bunday xoʻjalik va ishlab chiqarish faoliyati atrof tabiiy muhitga zarar etkazmasligi mustahkamlangan.Davlat ekologik siyosatining asoslari 68-moddada oʻz aksini topgan boʻlib, unga koʻra, er, er osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylik ekanligi, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidaligi belgilangan. Ushbu konstitutsiyaviy meʼyorlar asosida mamlakatimizda ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida oʻttizdan ziyod qonun, uch yuzga yaqin qonun osti hujjatlari qabul qilindi. Oʻndan ortiq xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi.

Ammo Konstitutsiyaning atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yoʻnalishidagi ushbu tarqoq normalari bugun yuzaga kelgan global ekologik muammolar hamda mamlakatda ekologik muhitga taʼsir bilan bogʻliq ishlab chiqarishning shiddatli rivojlanish jarayonlarida “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ekologik siyosatning huquqiy asoslarini taʼminlash imkonini bermasligi ayon boʻlib qoldi.

Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29-yilligiga bagʻishlangan bayram tabrigida hozirgi vaqtda koʻplab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global oʻzgarishlarni hisobga olgan holda oʻz Konstitutsiyalariga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritilganini, Bosh qomusimizda ushbu yoʻnalishga doir huquqiy normalar ustuvor oʻrin egallashi lozimligini taʼkidlanganlari ham bejiz emas. Zero, Konstitutsiyada ekologik huquqlari toʻgʻrisidagi moddalarning kiritilishi “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish imkonini yaratadi.

Sir emaski, iqtisodiy oʻsishning anʼanaviy modelidan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish nafaqat alohida milliy iqtisodiyotni, balki butun sayyora barqarorligini belgilaydigan global tendensiyadir. Shu bois, “yashil oʻsish” koʻplab davlatlarning maqsadi global ekologik muammolarni hal qilishning muhim vositasi sifatida Konstitutsiyasida aks ettirilgan.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston “yashil” iqtisodiyotni taʼminlash uchun innovatsion “yashil” investitsiyalarni ragʻbatlantirish, iqtisodiyotga ekologik toza texnologiyalarni, xususan, “yashil” energetika, “yashil” texnologiyalarni, “aqlli” shahar va qishloq xoʻjaligi printsiplarini toʻliq joriy etish kabi ekologik masalalarni ilgari surmoqda.

Bu jarayonda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada aholining qulay atrof-muhitga ega boʻlish huquqlarini ishonchli himoya qilishni aks ettirish maqsadga muvofiqdir.

Shu bilan birga, atrof-muhit muhofazasiga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda butun dunyo hamjamiyati tan olgan milliy tashabbuslarni tatbiq etish jarayonlarini yanada kuchaytirish boʻyicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qoʻyish lozim. Chunki konstitutsiyaviy normalarning ekologik siyosatni amalga oshirishdagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

Umuman olganda, Konstitutsiya mamlakatimizda insonning qulay atrof tabiiy muhitga ega boʻlish va mamlakatning ekologik xavfsizligini kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanishi kerak. Zotan, unda ekologiya sohasidagi konstitutsiyaviy va xalqaro talablarni mustahkamlash nafaqat mamlakatda, balki mintaqa mamlakatlari ekologik xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirmoqda: Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashuvda vazir ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidlab, KEITI (Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti) bilan Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshma loyiha muvaffaqiyatli yakunlanganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, “Sejin G&E Co. Ltd” kompaniyasi bilan maishiy chiqindi poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan qoʻshma loyihani amalga oshirish istiqbollari ham qayd etildi.

Gruziyaning Oʻzbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili David Kotaria bilan oʻtkazilgan ikki tomonlama uchrashuv doirasida amaldagi qonunchilikni oʻrganish sohasida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash mexanizmlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish va ekoturizmni rivojlantirish, Orxus markazini yaratish uchun xalqaro talablarni oʻrganish borasidagi hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ekologiya sohasida oliy taʼlim borasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Bu yoʻnalishda Gruziya tomoniga Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) hamda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida maʼruzalar, seminarlar va treninglar oʻtkazish uchun oʻqituvchi va professorlarni jalb qilish taklif etildi. Mamlakatimizda oʻz missiyasini yakunlayotgan Misrning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmi bilan xayrlashuv uchrashuvida Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ekologik muammolarga qarshi kurashish boʻyicha qator ekologik tashabbuslar, jumladan, Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo etish, “Yashil makon” milliy loyihasini amalga oshirish, Prezident huzurida iqlim markazini tashkil etish va boshqa tashabbuslar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi ekologiya sohasidagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirilib, ekologik loyihalarni amalga oshirishda tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi. Oʻtkazilgan barcha uchrashuvlar Oʻzbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish istagini namoyon etdi. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish, ekologik loyihalarni amalga oshirish va ilgʻor tajriba almashish mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash va mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Xulosa

Konstitutsiyaning yangi tahriri ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga oid qator muhim yangiliklarni oʻz ichiga olgan. Asosiy qonun ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish borasidagi davlat siyosatini huquqiy jihatdan mustahkamlab berdi. Xususan, yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi umummilliy boylik sifatida eʼtirof etilib, ulardan oqilona foydalanish va ularni asrash har bir fuqaroning burchi sifatida belgilandi.

Umuman olganda, konstitutsiyaviy oʻzgarishlar ekologik barqaror rivojlanishning huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan birga, Oʻzbekistonning yashil iqtisodiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Endilikda bu huquqiy asoslarni hayotga tatbiq etish va fuqarolarning ekologik madaniyatini yuksaltirish muhim vazifalardan biri boʻlib qoladi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti 1-bosqich talabasi Yoʻldoshev Jahongir Oʻtkir Oʻgʻli

Izohlar 0

Fikr bildirish