Qidirish

02:43 / 2024-05-06 10384 0 Maqolalar

Prezident vaʼdasini 200 foizga bajardi, pontom tarixga aylanib, Amudaryoda yangi koʻprik ishga tushdi…

29-fevral – oʻzgacha kun. Qoraqalpogʻiston va Xorazm xalqining ogʻziburchiligi yanada yaqinlashgan soniyalar. Davlat rahbari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida qurilishi uzoq kutilgan yangi koʻprikni ochib berdi. Bu koʻprik doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamligi isbotidir.

Ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshootni prezident 2020-yil 13-dekabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan edi. Shundan soʻng puxta loyiha ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgach, Shavkat Mirziyoyev uning qurilish jarayonini ikki bor kelib, koʻrdi.

Vanihoyat uzoq kutilgan kun keldi, pontom koʻprigi tarixga aylandi. Pontondagi necha yillik ohu-vohlar unutildi.

Shu paytgacha odamlar oʻtgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton koʻprikdan foydalangan. Har bahorda muz erib, daryoda suv koʻpayishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu esa daryoning ikki tomonidagi aholiga juda koʻp qiyinchiliklar tugʻdirar edi.

Yangi koʻprik tufayli bu qiyinchiliklar barham topdi, xalqning uzogʻi yaqin boʻldi. U orqali Qoraqalpogʻiston bilan Xorazmni bogʻlaydigan eng yaqin avtomobil va temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Koʻprikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qoraoʻzak bekatlarini bogʻlaydigan 85 kilometrlik temir yoʻl hamda 3 ta vokzal ham barpo etildi.

Bu inshoot samarasida yoʻlning oʻtkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yoʻlovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz oʻtishi taʼminlanadi.

Koʻprik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlib, bu orqali temir yoʻl masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yoʻl orqali Qozogʻiston va Rossiyaga ham yangi yoʻnalishlar ochiladi.

Shuningdek, Qoraoʻzak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashilishi hisobiga Oroboʻyi mintaqasidagi 4 million aholi va turistlarga xizmat koʻrsatuvchi avtomobil yoʻllari sifatli saqlanadi. Bundan ham aholi, ham tadbirkor va turistlar katta manfaat topadi.

Masalan, avvallari Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qoʻshimcha 180 kilometr yoʻl yurishga toʻgʻri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp koʻprigidan oʻtib kelingan.

Prezident shu kuni dastlab poyezdda va avtomobilda yurib, koʻprik sifatini koʻzdan kechirdi. Jamoatchilik ishtirokidagi yigʻilishda bu loyihaning samaradorligi, aholi hayotidagi ahamiyatini taʼkidladi.

Bundan tashqari, bu yil Buxoro – Urganch – Xiva, kelgusi yildan Miskin – Nukus temir yoʻli elektrlashtiriladi. Natijada Xiva hamda Nukus shaharlariga tezyurar poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu hududlardagi aholining mamlakatimizning boshqa shaharlariga borib-kelishi osonlashadi. Bu loyihalar hisobidan transport xarajatlari 2 barobar qisqarib, yoʻlovchi tashish 30 foizga oshadi.

Umuman, bunday yirik loyihalar Qoraqalpogʻiston va Xorazmning iqtisodiy salohiyati oshishi, investitsiyalar oqimi va ish oʻrinlari koʻpayishi, aholi daromadlari oʻsishiga xizmat qiladi.

Marosimda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz hayotidagi ushbu tarixiy bir voqea munosabati bilan barchani tabriklab, Orolboʻyi rivojiga eʼtibori uchun davlat rahbariga rahmat aytildi.

Prezident ogʻir iqlim sharoitida fidokorona mehnat qilgan mohir quruvchilarga, loyihachi va muhandislarga, koʻprikni barpo etishga munosib hissa qoʻshgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi aytildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish