Qidirish

02:24 / 2024-02-09 2290 0 Sport

Toshkentda BYD - VI xalqaro marafoni boʻlib oʻtadi

world-news

8-fevral kuni Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida yilning eng kutilgan sport-ommaviy tadbirlaridan biri – BYD - VI Toshkent xalqaro marafoniga tayyorgarlik koʻrishga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. OAV vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Federatsiya Raisi oʻrinbosari Kamoliddin Usmonov va Federatsiya Bosh Kotibi Kamoliddin Roʻzamuhamedov ishtirok etdi.

Toshkent marafoni Oʻzbekistonda World Athletics Label maqomiga ega boʻlgan yagona, halqaro miqyosdagi sport tadbiri boʻlib hisoblanadi. Marafon World Athletics (Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi) xalqaro musobaqalar taqvimiga kiritilgan.

2023-yilda tadbir doirasida Parijda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga reyting ballar oʻynalgan edi, 2022-yilda esa marafon Shanxay xalqaro yarim marafoni bilan hamkorlikda oʻtkazilib, unda 21 ta mamlakatdan sportchilar ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida, ushbu yilda ishtirokchilar geografiyasi ancha keyganganligi va 32 ta mamlakatdan yuguruvchilarning ishtirok etishi kutilayotgani taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan slotlar miqdori koʻpaytirilib, poytaxt anʼanaviy bahorgi ommaviy yugurish doirasida 5,5 mingga yaqin yuguruvchilarni qabul qiladi. Tadbirning dasturiga 42 km klassik marafon masofasi, 21 km yarim marafon masofasi va 3 hamda 10 km masofalari kiritilgan.

Marafon arafasida “Kids Run” ommaviy yugurish musobaqasi va shimolcha yurish boʻyicha musobaqalarning oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilab oʻtilganidek, marafonning mukofot fondi ahamiyatli darajada oshirilgan boʻlib, 2024-yilda u 720 mln soʻmni tashkil qilmoqda.

Ilk marotaba, asosiy mukofotlardan tashqari, trassa boʻyicha rekord uchun erkaklar va ayollar orasida qoʻshimcha bonuslar taqdim etiladi – marafon masofasi uchun 15 mln. soʻm va yarim marafon masofasi uchun 10 mln. soʻm. Taʼkidlash joizki, marafonning mukofot fondining asosiy byudjeti slotlarni sotish hisobiga shakllantiriladi.

Marafon tashkilotchilari sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Oʻzbekiston MOQ, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, Oʻzbekiston Yengil atletika federatsiyasi ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi Markaziy Osiyo Yengil atletika assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oltinchi marotaba ushbu sport tadbirining koordinatorlari sifatida qatnashmoqda.

Har bitta tayyorgarlik bosqichida marafonni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib boriladi: trassaning qoplamasi sifatidan boshlab antidoping nazoratini taʼminlashgacha.

Toshkent xalqaro marafoni trassasi Xalqaro marafonlar va ommaviy yugurish musobaqalari assotsiatsiyasining (AIMS) xalqaro sertifikatiga ega. Tadbir arafasida Toshkentga yugurish marafonini baholash maqsadida xalqaro ekspertlar yetib keladi.

Anʼanaga koʻra, start-finish shaharchasi poytaxtning eng markazida – Afrosiyob va Beshyogʻoch (Humo Arena sport majmuasining maydoni) koʻchalarining kesishish nuqtasida joylashadi, masofalar marshruti esa markaziy koʻchalardan oʻtib, bu ishtirokchilarga shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishib chiqish va yugurayotgan yangi Toshkentning muhitini toʻliq his qilish imkoniyatini beradi
Uchrashuv davomida jurnalistlarga marafonni tashkil etish boʻyicha asosiy maʼlumotlar aks etgan taqdimot namoyish etildi va ishtirokchilarning formasi, medallari va start raqamlarining namunalari koʻrsatildi. Sovrin oʻrinlarining taqsimlanishi haqida batafsil maʼlumot taqdim etilib, masofalar marshruti koʻrsatildi.

BYD - VI Toshkent xalqaro marafonida ishtirok etish uchun https://perfend.com/events/spo... havolasi orqali Perfend.com platformasida roʻyxatdan oʻtiladi. Marafonda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish toʻlovi – 350 ming soʻm, yarim marafonda – 250 ming soʻm, 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasida – 190 ming soʻm, 3 km masofaga – 150 ming soʻm, “Kids Run” (1km) va shimolcha yurish (3 km) musobaqalarida – 150 ming soʻmni tashkil qiladi. Roʻyxatdan oʻtish jarayoni 2024-yil 5-aprelgacha davom etadi.

18-fevraldan boshlab, roʻyxatdan oʻtgan barcha ishtirokchilar Yengil atletika federatsiyasining stadioni hududida, har yakshanba kuni soat 12:00 dan boshlab bepul mashq qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Taʼkidlanganidek, ushbu yili tashkilotchilar tomonidan kumush, oltin va platina ishtirokchi raqamlarini taqdim etish boʻyicha yangi xizmat joriy etilgan. Ushbu start paketi yuguruvchilarga trassani oʻtish translyatsiyasini marafonning telegram-boti orqali onlayn rejimda tomosha qilish imkoniyatini beradi. Uning qiymati tanlangan masofaga bogʻliq holda - 250 ming soʻmdan 1 mln. 200 ming soʻmgacha tashkil etadi.

Ishtirokchining start paketini olish uchun https://perfend.com saytida roʻyxatdan oʻtish va 2024-yil 17-apreldan 19-aprelgacha, soat 10:00 dan 18:00 gacha paketlarni berish punktiga tashrif buyurish va roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchi kodini va/yoki raqamini koʻrsatish zarur. Bu yilda 2024-yil 5-apreldan 12-aprelgacha marafonning sayti yoki telegram-boti orqali qoʻshimcha toʻlov qilgan holda, ishtirokchining paketini yetkazib berish xizmati bilan onlayn roʻyxatdan oʻtish qoʻshimcha xizmati joriy etilgan.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar bunday xalqaro miqyosdagi sport tadbirlarining oʻtkazilishi Oʻzbekiston nufuzini yuksaltirishi, qoʻshni davlatlar bilan sport orqali doʻstona aloqalarni rivojlantirishga, mamlakat ichida esa yugurish madaniyatini rivojlantirishga madaniyat va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Izohlar 0

Fikr bildirish