Qidirish

21:48 / 2023-07-19 7388 0 Maqolalar

Sud yopiq: “Kompromat”ning kompromatlari, “Koʻzgu” blogeri ham jiddiy ayblovga tortilyapti...

Joriy yilning 27-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Qibray tumani Universitet koʻchasi 2-uyda tezkor tadbir tashkil etilib, fuqaro arizasiga asosan, Human.uz internet portali asoschisi Xurshid Daliyev va saytning 4 nafar xodimi jumladan, sayt bosh muharriri Muslimjon Mirzajonov “Telegram” messenjeridagi “Kompromat.uzb” va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib, olib ketilgan edi.

Gumonlanuvchilar mazkur ishga Jinoyat kodeksining 165-moddasi yaʼni tovlamachilik moddasi bilan jalb etilgan.

Maʼlum boʻlishicha, sayt bosh muharriri Muslimjon Mirzajonov va boshqa gumonlanayotgan xodimlar tergov davomida qoʻyib yuborilgan.

Mirzajonovning aytishicha, Human.uz saytining “Kompromatuzb” Telegram-kanaliga mutloq aloqasi boʻlmagan. Keyinchalik tergovga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sobiq matbuot kotibi jurnalist, Mavjuda Mirzayeva hamda sobiq “Oʻzbekneftgaz” raisining matbuot kotibi Siyovush Hoshimovlar jalb etilgan. Ular tergov davomidagi gumonlanuvchi statusidan ayblanuvchiga almashgan.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida Xurshid Daliyevga qarindoshi borligi aytilayotgan Ahmadillo Ahmadjonov nomini ham koʻrish mumkin.

DXX axborotiga koʻra, tergov davomida protsess ishtirokchilari advokat bilan taʼminlangan. Tergov jarayonlarini olib borishda ularning qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklari taʼminlanishi kafolatlangan.

Jinoyat ishi tafsilotlariga keladigan boʻlsak, ish boʻyicha 4 nafar ayblanuvchi, 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy daʼvogar mavjud boʻlib, jinoyat oqibatida jabrlanuvchilarga 5 mlrd 100 mlndan ortiq moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Jabrlanuvchilar qatorida sobiq bandlik vaziri Nozim Husanov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq direktori Afzal Ermatov, Andijon shahar hokimi Gʻofurjon Abdurahmonov va bir qator davlat idoralari xodimlarining nomlari keltirilgan.

Ayblov xulosasiga koʻra, Human.uz asoschisi va muharriri Xurshid Daliyev jinoyat kodeksining 139-modda 2-qismi (Tuhmat), 165-moddaning 3-qismi a-bandi (Tovlamachilik), 184-moddaning 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan ayblangan.

“Oʻzbekneftgaz” matbuot kotibi Siyovush Hoshimov 139-moddaning 2-qismi (Tuhmat), 165-moddaning 3-qismi a-bandi (Tovlamachilik), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda ayblovga tortilgan boʻlsa, fuqaro Ahmadullo Ahmadjonov 139-moddaning 2-qismi (Tuhmat), 165-moddaning 3-qismi a-bandi (Tovlamachilik) jinoyatlarini amalga oshirganlikda ayblangan.

Jurnalist Mavjuda Mirzayevaga 165-moddaning 2-qismi a-b-v bandi, hamda yana bir jiddiy boʻlgan – 113-moddaning 4-qismi yaʼni tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish ayblovi qoʻyilgan. Jamoatchilik mazkur ayblov fuqaroning shaxsiyati bilan bogʻliqligini eʼtiborga olib, Oliy suddan norozi boʻlyapti. Faollar ayblov boʻyicha ochiq maʼlumot berilgani notoʻgʻri boʻlganiga urgʻu qaratishgan. Ish boʻyicha koʻplab eʼtirozlar aynan Mavjuda Mirzayevaning shaxsiyatiga bogʻliq ayblov ochiqlangach, keskin koʻpayib ketdi.

Oradan qariyb 6 oy oʻtgach, ish sud muhokamasiga yuborilgan boʻlsa, 18-iyul kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tumani sudida boshlangan dastlabki sud muhokamasi Xurshid Daliyev va Mavjuda Mirzayevaning iltimosiga koʻra yopiq formatda oʻtkazildi.

“Amerika Ovozi” jurnalisti Navbahor Imomova Muslim Mirzajonov bilan suhbatda ayrim tafsilotlarni ochiqlagan.

Eʼtiborlisi, media xodimlaridan jabrlanganlar qatorida bir qator mansabdorlar nomini uchratish mumkin. Masalan, sobiq bandlik vaziri Nozim Husanov vazirlikda Mavjuda Mirzayeva bilan birga ishlagan. Mirzayeva 2021-yilning aprelidan, vazirlikda faoliyatini boshlab, qamoqqa olingunga qadar yaʼni 2023-yilning yanvarigacha ishladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq direktori Afzal Ermatov hamda Andijon shahrining amaldagi hokimi Gʻofurjon Abdurahmonov, “Oʻzbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodovning ishga qanday aloqasi borligi yoki qanday holatda jabrlangani jamoatchilikka juda-juda ham qiziq.

Shuningdek, roʻyxatda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Mirzo Sharipov,

 
Buxoro muhandislik-texnologiya institutining sobiq rektori texnika fanlari doktori, dotsent Nusratillo Barakayev,

CIBGROUP kompaniyasi direktori Uygʻun Tursunxoʻjayev,

“BIG AUTO SERVICE 145” MCHJ taʼsischisi Shamsiddin Roʻzmetov. Samarqand viloyati hokimining matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev,

Qashqadaryo Teleradiokompaniyasi direktori Jahongir Toʻychiyev,

Daryo.uz jurnalisti Otabek Qoʻldoshev kabi jabrlanganlarni koʻrish mumkin.

Yuqorida nomi keltirilgan 11 nafar jabrlanuvchining shaxsiga va ish joyiga aniqlik kiritgan boʻlsa, qolgan 8 nafari jumladan, Umid Roʻziyev, Humora Mirzaahmedova, Gulruh Toʻlayeva, Bahromjon Qoʻchqorov, Ulugʻbek Hoshimov, Madinabonu Roʻziboyeva, Hosiyatxon Saʼdullayeva, Zafar Abdurahimov haqida maʼlumot topishning deyarli imkoni boʻlmadi.

Avvalroq bir qator ommaviy axborot vositalarida “Kompromat ishi”ga aloqadorligi aytilib, qamoqqa olingan Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi sobiq bosh maslahatchisi Husan Ravshanov rafiqasining Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshevga qilgan murojaatidan soʻng ozodlikka chiqarilgan. Ravshanovning “Kompromat” ishiga aloqadorligi tasdiqlanmadi.

“Kompromat”chilardan keyin fevralda hibsga olingan “Koʻzgu” yutub kanali muallifi Abduqodir Moʻminov ishi boʻyicha ham va nihoyat rasmiy maʼlumot berildi.

Oliy sud maʼlumotiga koʻra, Moʻminovning tergov ishi yakunlangan, ish sudga uzatilish jarayonida. Sud jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida joriy yilning 25-iyul kuni soat 15:00 da boshlanadi. Moʻminov Jinoyat Kodeksining 5 ta moddasi boʻyicha ayblanmoqda. Moʻminov qoʻlga olinganda dastlab bu ayblov 2 tani tashkil qilar edi.

Oliy sudning qayd etishicha, bloger jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga koʻra mazkur jinoyat ishi boʻyicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud boʻlib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Maʼlumot oʻrnida, Abduqodir Moʻminov 1990-yil Surxondaryo viloyatida tugʻilgan, “Oynaga qarang” MCHJ rahbari, muqaddam sudlanmagan.

Voqealar rivojini Effect.uz bilan kuzatib boring.

Izohlar 0

Fikr bildirish