Qidirish

18:51 / 2023-06-20 2112 0 Maqolalar

7 yil avvalgi hayotga qaytishni istamaymiz yoxud ADOVAT VA ADOLAT JANGI...

Effect.uz 2022-yili “Toshturmada kechgan 74 kun” sarlavhasi ostida katta maqola eʼlon qilgandi. Unda hujjatlarni soxtalashtirish va firibgarlikda ayblangan poytaxtlik tadbirkor H.Ahmadjonovning sodir qilmagan jinoyatlari uchun ikki oydan koʻproq umrini hibsxonada oʻtkazgani hikoya qilingan.

world-news

Maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan mazkur ish atrofidagi shubhali holatlarga eʼtibor qaratilgan boʻlib, aynan shu idoralarning saʼy-harakatlari bilan qonun ustuvorligi taʼminlangan va 2021-yil iyulidan tergovma-tergov sarson yurgan, sentyabrda qamoqqa olingan va nihoyat dekabrda aybsizligi isbotlangan tadbirkorga nisbatan ochilgan jinoyat ishi va ayblov tugatilgandi.

Afsuski, oradan bir yarim yilcha vaqt oʻtib, hammasi yana boshidan boshlanyapti chogʻi... Chunki 1-may 2023-yili Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Ortiqova H.Ahmadjonovga nisbatan ochilgan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida 10-dekabr 2021-yili chiqarilgan qarorni bekor qildi va qoʻshimcha tergov harakatlarini oʻtkazishga topshiriq bergan.

Kutilmagan va koʻpchilikni ajablantirgan bu vaziyat yuzasidan tugʻilgan mulohazalarga oʻtishdan avval jinoyat ishi tafsilotlarini eslab oʻtsak.

OʻZI, NIMA BOʻLGAN?

2018-yil yozida tadbirkor Baxtiyor Ikromjonov H.Ahmadjonovga tijoriy taklif bilan chiqadi. U Angren shahrida keramogranit mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod ochgani, Italiyadan lizing asosida zamonaviy uskunalar olib kelgani, lekin faoliyatni boshlashga mablagʻi yetmayotganini aytib, H.Ahmadjonovni hamkorlikka chaqiradi. Muzokaralardan keyin ikki tadbirkor zavodning 60 foiz ulushi B.Ikromjonov, 40 foizi H.Ahmadjonov ixtiyorida boʻlishiga kelishadi.

Ahmadjonovga loyiha yoqqandan soʻng, shuning uchun zavodni tezroq ishga tushirish maqsadida shaxsiy mablagʻlarini ham ayovsiz sarflashga kirishib ketadi. Loyihaning kelajagi va sherigining soʻzlariga shunchalar ishongan ediki, xatto, Nizom jamgʻarmasining B.Ikromjonov shakllantirishi kerak boʻlgan hissasini ham oʻz yonidan toʻldirib boradi. Italiyalik mutaxassislarni taklif qilib, ularga katta miqdorda maosh toʻlab, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga jon-jahdi bilan urinadi.

Afsuski, ish oldiga yurmaydi. Mahsulot sifatsiz chiqib qoladi, uni bozorga ham taklif qilib boʻlmaydigan holat edi. Italiyadan kelgan mutaxassislar bu muammoni bartaraf qilish uchun 5-6 oy talab qilinishini taʼkidlashdan charchashmadi. Ishlab chiqarish jarayoni faqat harajatlardan iborat boʻlib qolgan, kirim esa umuman yoʻq edi. Yevropalik mutaxassislar ham tekinga ishlamaydi. Ustiga ustak, soliq toʻlovlari va lizingdan qarz miqdori oshib borardi.

Bu paytga kelib, H.Ahmadjonov zavodga 2 million 514 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritishga ulgurgandi. Moliyaviy muammolar boshlandi. Sheriklar oʻzaro kelishib, 2019-yili zavodni Olimjon Nabiqulovga 4 million AQSH dollariga sotishadi.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, “Lyuks granit” MCHJ hozirgacha Olimjon Nabiqulovga tegishli boʻlib, korxonaning 100% ulushi uning ixtiyorida.

Sotuvdan tushgan mablagʻning 2 million AQSH dollari korxonaning soliq va boshqa toʻlovlar, shuningdek, lizing shartnomasi boʻyicha qarzlariga oʻtkazildi. 1 million AQSH dollari naqd pul shaklida Baxtiyor Ikromjonovga berildi. 317 ming dollar yana bir hamkor J.Poʻlatovga qarzini yopish uchun ajratiladi. H.Ahmadjonovning aytishicha, zavodni harid qilgan fuqaro yana 169 ming AQSH dollar berishi kerak.

Ikki tadbirkorning boshlagan tijoriy loyihasi ana shunday muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanadi. Biznes olamida zafar va muvaffaqiyatsizlik yonma-yon yurishini koʻp yillik tajribasi orqali yaxshi bilgan H.Ahmadjonov yana odatiy turmush tarziga qaytadi. Lekin u koʻp oʻtmay boshiga oʻzi ham kutmagan tashvishlar tushishini tasavvur ham qilmagandi.

ADOVAT VA ADOLAT JANGI...

7-iyul 2021-yili Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi H.Ahmadjonovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatadi. U “Lyuks-granit” MCHJ taʼsischilari yigʻilishining 07.09.2019-yildagi bayonnomasini soxtalashtirish va qalbakiligini bilib turib, Davlat xizmatlari markaziga taqdim qilish, yaʼni undan foydalanib jinoyat sodir etishda gumonlanadi. 20-avgust 2021-yili jinoyat ishi JKning 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 228-moddaning 2-qismi “b” bandi va 228-modda 3-qismi bilan qaytadan malakalandi. 2021-yilning 10-sentyabr kuni H.Ahmadjonovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllaniladi.

Effect.uz muxbiri 2022-yili tadbirkor va uning advokati Ulugʻbek Turgʻunov bilan suhbatlashgan. Muloqot paytida tadbirkor taraf ushbu jinoyat ishini olib borgan ichki ishlar xodimlari — Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyev H.Ahmadjonovni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga xilof ravishda hibsda ushlab turishgani, hech bir hujjat va dalilsiz jinoyat sodir etganlikda ayblashgani, bosim oʻtkazishgani, haqorat qilishganini aytishadi.

Advokat Ulugʻbek Turgʻunov tergovchilarning noqonuniy hatti-harakatlariga yuqori turuvchi idoralar diqqatini tortishga erishgan. Natijada jinoyat ishi avval Ichki ishlar Vazirligi Tergov departamentiga berilgan. Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas bu ish Bosh Prokuraturaning Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi yurituviga olingan.

BP hammasini yana boshidan boshlab, takroran koʻrsatmalar olgan, tomonlarni yuzlashtirgan, jinoyat ishida yigʻilgan hujjatlarni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqqan.

Nihoyat, 10-dekabr 2021-yili Bosh Prokuraturas Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasining alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchisi B.Karimov fuqaro H.Ahmadjonovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi va ilgari surilgan ayblovni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Adolat zafar qozongan va ish yopilgan.

Bosh prokuratura tomonidan ayblovni tugatish toʻgʻrisida qabul qilingan qarorning birinchi va soʻnggi betlari (hujjatning toʻliq matni tahririyatda mavjud).

2022-yilgi suhbatimizda H.Ahmadjonov oilasi bagʻriga eson-omon qaytgani uchun Ichki ishlar Vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov va Bosh prokuror, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi Nigʻmatilla Yoʻldoshevdan cheksiz minnatdorligini taʼkidlagandi.

GʻAMSIZ OSHIM – DAʼVOSIZ BOSHIM

Lekin shunga qaramasdan, 2023-yilning 1-may kuni Nigʻmatilla Yoʻldoshevning oʻrinbosari Svetlana Ortiqova H.Ahmadjonovga nisbatan ochilgan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish va qoʻshimcha tergov harakatlari oʻtkazish toʻgʻrisida xulosaga keladi.

Bosh prokuror oʻrinbosari imzolagan qarorning birinchi va soʻnggi beti (hujjatning toʻliq matni tahririyatda mavjud)

Kutilmagan qarordan norozo boʻlgan H.Ahmadjonovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yozgan arizasida 8-may 2023-yili Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari biron-bir qaror va asossiz uning xonadoniga bostirib kirishganini ham aytib oʻtgan. Tadbirkorning taʼkidlashicha, tezkor vakillar oʻzi uyda yoʻqligi sababli ukasi Hojimurodni garov sifatida olib ketishgan va faqat himoyachilar aralashuvidan keyin uni ozod qilishga erishilgan.

Xuddi shu kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudi sudyasi Sh.Shermatov ajrimiga koʻra, H.Ahmadjonovning qaynisi J.Poʻlatov va uning hamkori D.Xoshimovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. 6-7-may kunlari uyidan olib ketilgan bu shaxslar 1-tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudining Davron Xoshimovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ajrimi.

Aytib oʻtish joizki, Davron Xoshimovga nisbatan 2021-yilda ham aylovlar ilgari surilgan va Bosh prokuratura tergovchisi B.Karimovning 24-noyabrdagi qarori bilan u ham qamoqdan ozod qilingan, jinoyat ishi va ayblov 10-dekabr kuni tugatilgandi.

H.Ahmadjonov va Davron Xoshimov himoyachilari Svetlana Ortiqova qarorini notoʻgʻri deb hisoblashadi. Chunki Bosh prokuror oʻrinbosarining qoʻshimcha tergov oʻtkazish uchun asos sifatida keltirayotgan sabablari 2021-yildayoq Ichki ishlar Vazirligi Tergov departamenti, keyinroq Bosh prokuratura tergovchisi tomonidan atroflicha va chuqur oʻrganilgan. Nufuzli ekspertiza markazlarining xulosalari jinoyat ishi boʻyicha toʻplangan hujjatlarda mavjud.

Advokatlar S.Ergashev va U.Turgʻunovni yana bir masala xavotirga solyapti. Svetlana Ortiqova qarorida ushbu jinoyat ishi boʻyicha qoʻshimcha tergov harakatlarini amalga oshirish Bosh prokuraturaning alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchisi J.Xayitboyev zimmasiga yuklatilgani aytilgan. Lekin nima uchundir bu masala bilan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi shugʻullanyapti. Himoyachilar jinoyat ishining qanday qilib ichki ishlar boshqarmasi yurituviga oʻtib qolganini tushunishmayapti.

(Bosh prokuror oʻrinbosari qarorining yakuniy qismi)

Chunki 2021-yilda ham H.Ahmadjonov ishini shu idora tergovchisi Ulugʻbek Madaliyev va uning bevosita boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov olib borgan. Ular tadbirkorni soxta ayblovlar bilan 74 kun hibsxonada saqlashgan, ruhiy bosimlar oʻtkazishgan.

Ozodlikka chiqqandan keyin H.Ahmadjonov ularning xatti-harakatiga qonuniy baho berilishini soʻrab, Bosh prokuraturaga murojaat qilgan. Ichki ishlar Vazirligining shaxsiy tarkib bilan ishlash inspeksiyasi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan va Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyev egallab turgan lavozimidan ozod qilingan hamda tergov bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazilgan.

Shu bois himoyachilar Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasining bu ishga xolis, begʻaraz yondashishiga shuha bildirishmoqda. Mazkur jinoyat ishi Ichki ishlar Vazirligi Tergov departamenti yoki Toshkent viloyat IIB Tergov boshqarmasi yurituviga oʻtkazilishini istashmoqda.

Ularning fikricha, jinoyat ishi Oliy Sud Plenumining “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida” 11-oktyabr 2017-yilda qabul qilingan qarori talablari hamda Jinoyat-protsessual Kodeksning 83-moddasi 2-bandi, yaʼni “qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmagani uchun” tugatilishi kerak.

XULOSA OʻRNIDA

Bir necha yil oldin juda qoʻrqinchli raqamlar eʼlon qilingandi. Maʼlum boʻlishicha, 1991-2016-yillar oraligʻida, yaʼni 25 yil (!!!) ichida mamlakatimiz sudlari tomonidan faqat BIR KISHI oqlangan ekan. Oliy Sud axborotiga koʻra, 2017-yildan boshlab 2020-yilga qadar respublika boʻyicha oqlanganlar soni 2360 (!!!) nafarga yetgan. Oʻrtada farqni tasavvur qilyapsizmi?

Chorak asrda faqat bir fuqaro shaʼni oqlangan, uch yilda esa ular soni ikki mingdan oshgan. Bu 2016-yilgacha necha minglab insonlar soxta ayblovlar, tuhmat bilan qamalgan deganidir. Bu kimning ustidan asosli-asossiz ariza tushsa kifoya, u albatta jazoga tortilgan deganidir. Qamalgan, urilgan, surilgan demakdir. Biz esa 2016-yildan avvalgi hayotga qaytishni istamaymiz.

Izohlar 0

Fikr bildirish