Qidirish

17:12 / 2023-03-17 310 0 Dunyo

Global geoiqtisodiy hodisalar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qanday taʼsir oʻtkazdi?

Soʻnggi 3 yilda davlat ulushi mavjud banklarning xalqaro tijorat banklari, taraqqiyot banklari va xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan qarzlari miqdori koʻpaydi.

world-news

Global miqyosda oziq-ovqat va energiya narxlarining keskin koʻtarilishi natijasida rivojlangan davlatlar (iyun oyida AQSHda 9,1%, Buyuk Britaniyada 8,2%, Kanadada 8,1%), shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham (Turkiyada 78,6%, Argentinada 63,9%, Estoniyada 21,8%) yuqori inflyatsiya koʻrsatkichlari kuzatildi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti maʼlum qildi.

Soʻnggi 40 yildagi eng yuqori inflyatsiyaga duch kelgan rivojlangan davlatlar markaziy banklari asosiy foiz stavkalarini bir necha marta koʻtarishga majbur boʻldi.

AQSHda ochiq bozorlar boʻyicha federal qoʻmita (FOMC) federal stavkani yil boshidagi 0-0,25% oraligʻidan 2,25-2,5% gacha (2,25 foiz punktiga, qatorasiga 4-marta) oshirishga qaror qildi.

Angliya banki Pul-kredit siyosati qoʻmitasi tomonidan asosiy stavka 0,25% dan 1,75% gacha (qatorasiga 5-marta) koʻtarildi. Asosiy stavkalarning oshirilishi ortidan moliya va kapital bozorlarida foiz stavkalari ham sezilarli darajada oshib bordi.

Natijada, ushbu tendensiya rivojlanayotgan mamlakatlardan kapital oqib chiqib ketishiga, valyutalarining qadrsizlanishiga, qarz yukining ortishiga olib keldi.

Xalqaro moliya instituti (IIF) va Reuters xalqaro agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning iyun oyida rivojlanayotgan davlatlardan 4 milliard dollar, may oyida 5,1 milliard dollar, aprel oyida 4 milliard dollar va mart oyida 9,8 milliard dollar miqdorida kapital chiqib ketgan.

Hozirgi sharoitda rivojlangan mamlakatlarda foiz stavkalarining oshirilishi Oʻzbekiston iqtisodiyotiga asosan bozor shartlarida olingan tashqi qarz (masalan, suveren yevrobondlar va tijorat banklari yevrobondlari) kanallari orqali taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Soʻnggi 3 yilda davlat ulushi mavjud banklarning xalqaro tijorat banklari, taraqqiyot banklari va xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan qarzlari miqdori koʻpaydi.

Bu esa bank sektori tashqi qarzini 2018-yildagi YAIMning salkam 2% i miqdoridan 2021-yilda YAIMning qariyb 10,5% igacha oshirdi.

Hozirgi geoiqtisodiy hodisalar shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston global inqirozlar davrida tashqi omillarning iqtisodiyotimizga taʼsirini kamaytirish va iqtisodiy oʻsishni moliyalashtirishda “yashirin” ichki imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha islohotlarni davom ettirishi lozim.

Keng koʻlamli islohotlar doirasida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi:

– kapital bozorini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va bunda institutsional investorlar, yaʼni pensiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari va oʻzaro fondlar faoliyatini takomillashtirish va iqtisodiyotdagi uzoq muddatli jamgʻarmalarni jalb qilish orqali mahalliy kapital bozorida talabni yuzaga keltirishni nazarda tutish; mahalliy kapital bozorlari kompaniyalarga milliy valyutada ichki qarz olish imkoniyatlarini oshirib, valyuta nomuvofiqligi va tizimli risklarni kamaytirishga imkon beradi.

– moliya sektorini isloh qilish (jumladan, banklarni xususiylashtirish) jarayonini jadallashtirish orqali xususiy sektor jamgʻarmalari hajmini oshirish, xususan, aholidan jalb qilingan depozitlarning bank tizimi majburiyatlaridagi ulushini 2025-yilga qadar 50% ga yetkazish lozim. 2022-yilning 1-iyul holatiga koʻra, koʻrsatkich 11,7% ga teng.

Izohlar 0

Fikr bildirish