So`ngi yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi
Toshkentda giyohvandlik moddalari muomalasi bilan shug‘ullangan ikki talaba qo‘lga olindi
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Chet eldagi pensionerga ishonchnoma bilan pensiya toʻlanishi tartibi qanday? – Pensiya jamgʻarmasi izoh berdi
Qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan pensiya toʻlanadi. Bu qanday amalga oshiriladi?
Dastlab, fuqaro chet elda boʻlgan vaqtda ishonchnoma rasmiylashtiradi hamda vakolatli davlat organi tomonidan apostil qoʻydiradi. Mazkur jarayonni pensioner chet elga ketgan kundan boshlab 3 oy ichida amalga oshirishi tavsiya etiladi. Aks holda pensiya 3 oydan keyin vaqtincha toʻxtatib turilishi mumkin.
ESLATMA: “Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida“gi Konvensiyaning ishtirokchi davlatlarida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston fuqarolari ishonchnomaga apostil qoʻydirishlari talab etilmaydi.
Nima uchun 3 oylik muddat qoʻyilgan?
Sababi, qonunga koʻra, vafot etgan shaxslarga pensiya toʻlanmaydi. Amaliyotda garchi pensioner vafot etgan boʻlsada, uning yaqin qarindoshlari tomonidan pensiya olib yurish davom etgan holatlari mavjud.
Shuning uchun, byudjet mablagʻlarini toʻgʻri sarflash maqsadida 3 oylik muddat kiritilgan.
- Pensioner ishonchnomaning asl nusxasini ishonchli vakilga topshiradi. Ishonch bildirilgan shaxs ishonchnomani pensioner pensiya olayotgan bankka taqdim qiladi. Qonunchilik talablariga asosan ishonchnomani olgan bankning tegishli boʻlimi tomonidan ishonchnoma nusxasi Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga yuboriladi. Mazkur ishonchnoma bilan ishonchli vakil pensiyani olishni davom ettirishi mumkin.
- Bunda yana shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, ishonchnoma bergan shaxs (pensioner) Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga 1-yilda kamida 1-marta kelib tayinlangan pensiyaga boʻlgan oʻz huquqini tasdiqlashi kerak boʻladi.
Pensionerning pensiyasi toʻxtatib turilgan taqdirda yoki pensioner Oʻzbekistonga kelish imkoniyati boʻlmasa nima qilish lozim?
- Oʻzbekistonga kelish imkoniyatiga ega boʻlmagan holatlarda pensioner Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat etishi mumkin va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek, pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlovchi maʼlumotnomani olishi lozim.
- Olingan mazkur maʼlumotnoma ishonchnomaga ilova qilingan holda ishonchli vakil tomonidan Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga taqdim qilinishi kerak. Shundan soʻng, toʻxtatib turilgan pensiya qayta tiklanadi.
Ishonchnoma bilan pensiya olmoqchi boʻlmagan pensionerlar Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng ham olinmay qolgan oylardagi pensiyalarini belgilangan tartibda olish huquqiga ega. Bunda fuqaroga murojaat etganidan oldingi 2-yil davr uchun pensiya toʻlanadi.
Nima uchun 2-yillik davr oʻrnatilgan?
Sababi, avvalgi tartib boʻyicha 1-yillik davr uchungina pensiya toʻlangan. Fuqarolarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida mazkur muddat ikki barobar uzaytirilgan.
Bugungi kunda, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan fuqaroning pensiyaga boʻlgan huquqini tasdiqlash boʻyicha amaldagi tartibga qoʻshimcha ravishda masofadan identifikatsiya qilish tizimini amaliyotga joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, fuqarolarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida dastlabki bosqichda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali, keyinchalik esa yuzidan tanib olish tizimi (face ID) orqali xizmatni koʻrsatish rejalashtirilmoqda.