So`ngi yangiliklar
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Samarqandlik ota-bolaga IIB xodimlari nega kuch ishlatdi?
Yaxshidan bogʻ, yomondan dogʻ qoladi…
“Vaʼda boshqa, amal boshqa. Mamlakatda jurnalistika, blogosfera butkul oʻlimtik ahvolga keltirildi” – Ilyos Safarov
Vijdon erkinligi...
Xorazmda fuqarolarga soxta diplom olib bergan shaxs ushlandi
“Afsuski, oramizda nafsini jilovlolmay korrupsiyaga qoʻl urayotganlar ham uchramoqda” – Oliy sud raisining sudyalar va sud xodimlariga murojaati
Bugun, 11-mart kuni Oliy sudda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida belgilangan vazifalar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtgan. Yigʻilishda Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov sudyalar va sud xodimlariga murojaat yoʻllab, sud tizimidagi korrupsiyadan butkul qutulish masalasini oʻrtaga tashlagan. Taklif va shikoyatlarni muhokama qilgan.

Hurmatli sudyalar va sud apparati xodimlari! Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyodagi dolzarb muammolardan boʻlgan korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish masalasiga, mamlakatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Joriy yilning 5-mart kuni hurmatli Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishida yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga baho berib, kelgusidagi vazifalarni aniq belgilab berdilar.
Xususan, “Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish – bu odil sudlovga soya solish deb baholanishi” hamda bu boʻyicha soʻrov ham, javobgarlik ham qattiq boʻlishi haqida barchani ogohlantirdilar.
Bundan olti oy avval, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda ham hurmatli Prezidentimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda asosiy eʼtiborni beshta ustuvor yoʻnalishga qaratib, ulardan biri sifatida korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish masalasini davlat siyosati darajasida mustahkamlab qoʻygandilar.
Shu oʻrinda, sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yanada oshirish hamda sud hokimiyati tizimida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishni samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida izchil ishlar olib borilmoqda.
Sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga rioya qilish, sudlarni moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Sudlarni kadrlar bilan taʼminlash hamda ularni joy-joyiga qoʻyishda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida Oliy sud va quyi sudlarda kadrlar zaxirasini shakllantirish, nomzodlarni ochiq tanlash hamda lavozimlarga tayinlash mexanizmlari takomillashtirilib, har bir nomzodni kompleks oʻrganish tartib-taomili yoʻlga qoʻyildi.
Sud tizimini halol, pok kadrlar bilan toʻldirish, ularning malakasini muntazam ravishda oshirib borish hamda sudlarda kadrlar qoʻnimsizligiga barham berish maqsadida respublikaning yuridik kadrlarni tayyorlovchi 13 ta yirik oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Sudya va xodimlarning mehnat huquqlarini toʻlaqonli amalga oshirish va ularning ish yuklamasini normallashtirish maqsadida sudyalar korpusi hamda sud apparatlari uchun qoʻshimcha shtat birliklari ajratilmoqda.
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi va sud xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishdagi faoliyati davomida haq (pora) taklif qilinganligi toʻgʻrisida xabar berish va uni koʻrib chiqish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim hujjat boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur tartibga rioya qilgan sudya va sud apparati xodimlari munosib ragʻbatlantirilmoqda.
Sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va turli suiisteʼmolchiliklarga barham berish, sudlarda ishlarning oʻz vaqtida koʻrilishini nazorat qilishning samarali tizimini yaratish maqsadida sohani raqamlashtirishga eʼtibor qaratilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va inson omilini sezilarli darajada qisqartirishga erishildi.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish orqali sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini taʼminlash, sud ishlarini yuritish sifati va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirish ishlari takomillashtirildi.
Xususan, sudlarda ishlarni roʻyxatga olish, ularning hisobini yuritish, ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik taqsimlash, ijro varaqalarini elektron yuborish, sudlarga elektron shaklda murojaat qilish va boshqa funksiyalarni nazarda tutuvchi qator axborot tizimlari ishga tushirildi.
Bundan tashqari, Oliy sudning rasmiy veb-saytida korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun moʻljallangan aloqa kanallari toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirildi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat guruhiga onlayn xabar yuborish uchun maxsus platforma ishga tushirildi. Sudya va sud apparati xodimlari mazkur axborot tizimlaridan foydalanish hamda qonunlarning mazmun-mohiyati boʻyicha oʻqitildi.
Aziz hamkasblar!
Bugun, davlatimiz rahbari bizning oldimizga “xalqchil va adolatli sud tizimini yaratish” masalasini qatʼiy qoʻymoqdalar.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir inson Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak. Shu bois, har birimiz oʻz faoliyatimizni tanqidiy koʻrib chiqib, tegishli xulosalar qilishimiz zarur.
Sudya avvalo, oʻz xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishi, sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obroʻsiga putur yetkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va begʻarazligiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakatlardan oʻzini tiyishi shart.
Sudyalarning daxlsizligi, mustaqilligi Konstitutsiya va qonun bilan mustahkamlangan boʻlib, ular faqat Konstitutsiya hamda qonunga boʻysungan holda faoliyat yuritishi, odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yoʻl qoʻymasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishini bilishlari, bu kabi salbiy holatlarga toqatsiz boʻlishlari talab etiladi.
Sudya daxlsizlik huquqini imtiyoz deb emas, balki oʻzining jamiyat oldidagi ulkan masʼuliyati deb tushunishi kerak.
Sudyalar odobi kodeksi qoidalariga, jamiyatda va turmushda yurish-turish, odob-axloq meʼyorlariga qatʼiy rioya etish sudya odob-axloqining ajralmas qismidir.
Afsuski, oramizda nafsini jilovlolmay korrupsiyaga qoʻl urayotganlar ham uchramoqda.
Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun aybdor shaxslarga hukm chiqaradigan sudyaning oʻzi shunday jinoyatlarga qoʻl urushi barchamizni chuqur xavotirga solishi kerak.
Biz bunday holatlarni mutlaqo qabul qilmaymiz va qoralaymiz. Aksincha, bir jamoa boʻlib, ushbu illatga qarshi ayovsiz kurashib, birgalikda oldimizga qoʻyilgan vazifalarni halollik bilan amalga oshirishga qodirmiz deb, hisoblayman. Zero, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir.
Taʼkidlash joizki, korrupsiya illati nafaqat davlatlarni jar yoqasiga olib keladi, balki jamiyat taraqqiyotining asosiga zarba berib, unga qoʻl urgan inson taqdirini parokanda qiladi.
Korrupsiyaga yoʻl qoʻygan har bir shaxs ongli ravishda oʻz Vatani, oilasi, yaqinlari, qolaversa, fuqarolik va insoniy burchiga xiyonat qiladi.
Binobarin, har birimiz taqdirimizni qonun ustuvorligini taʼminlash va jamiyatda adolatni qaror toptirish bilan bogʻlar ekanmiz, oʻzimizning fidoyi mehnatimiz bilan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi sari sidqidildan xizmat qilishimiz lozim.
Korrupsiyaga oid jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini eʼtiborga olib, qatʼiyatlik bilan jazo muqarrarligini taʼminlashimiz;
sudlarda koʻriladigan korrupsiyaviy jinoyatlar, davlat xaridlari, yer munosabatlari va boshqa ishlar boʻyicha chiqariladigan xususiy ajrimlarning taʼsirchanligini oshirish, bu toifadagi ishlarni chuqur tahlil qilib, hududiy kengashlarga muntazam ravishda axborot kiritib borishimiz;
sudlarni raqamlashtirishni jadallashtirib, sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish, ishlarni yuritishning qogʻoz shaklidan toʻliq voz kechib, inson omilini keskin kamaytirish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olishimiz;
korrupsiyaning ildizi boʻlmish – ortiqcha hashamat va dabdabaga barham berish, halollik bilan roʻzgʻor tebratish hamda sud hokimiyati vakili sifatida oʻzimizning kamtarona turmush tarzimiz bilan barchaga namuna boʻlishimiz shart va zarur.
Qadrli hamkasblar!
2025-yilga moʻljallangan davlat dasturida sudyalarning maqomi va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asosini, sud tizimini moliyalashtirish uchun mablagʻlar ajratishda ushbu hamjamiyatning ishtirok etish kafolatlarini alohida qonun darajasida mustahkamlash boʻyicha topshiriqlar belgilandi.
Bu, oʻz navbatida, zimmamizga yanada koʻproq masʼuliyat yuklashi hamda tizimda olib borilayotgan islohotlar kun tartibini yangi mazmun bilan boyitishi hech kimga sir emas.
Kasbimiz ulkan aql-idrok va koʻp yillik hayotiy tajribani, xolislik va begʻarazlikni, intizom va halollikni taqozo qiladigan oʻta masʼuliyatli, murakkab, shu bilan birga, sharafli kasb ekanligini zinhor unutmasligimiz kerak. Vaholanki, har bir qarorimiz inson taqdiri, kerak boʻlsa, uning hayoti bilan chambarchas bogʻliqdir.
Bu borada, davlatimiz rahbarining “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron boʻlishi kerak”, degan gaplari barchamiz uchun hayotiy dasturulamal boʻlmogʻi lozim.
Shu bois, barchangizni sudyalik qasamyodi va kasbiy odob-axloqqa sodiq boʻlgan holda jamiyatimizda adolatni qaror toptirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda faol boʻlib, “Odil sudlov – jamiyat farovonligining poydevori” degan gʻoya asosida birlashishga chaqiraman.
Baxtiyor Islomov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi



