Qidirish

20:36 / 2025-03-11 1228 1 Maqolalar

Yana bir necha avlod yoʻqotmaslik uchun ham “Taʼlim – tarbiya” kanalini ochishimiz shart. MTRK uygʻonsin endi!

Dunyo geosiyosiy maydonida keskin oʻzgarishlar boʻlmoqda. Avvalgidek asosan harbiy harakatlar emas, gʻoyaviy kurashlar kuchaymoqda. Tashqi xavflar tobora ortib bormoqda! Bunday vaziyatlarda esa bizni faqatgina TAʼLIM va ILM-FAN islohotlarigina rivojlantiradi va qutqaradi! Dunyodagi har qaysi eng rivojlangan davlatlar avvalo taʼlimga, ilm-fanga sarmoya kiritibgina shu darajaga erishdi, sportchiyu – otarchilariga emas!

world-news

Yangilanayotgan OʻZBEKISTONning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy ravnaqi, uning xalqi va kelajagiga hech qanday foyda keltirmaydigan sportchilari (“Sport” va “Futbol TV” ), sanʼatkor va otarchilari (“Navo” va “FTV”) uchun 2 tadan telekanal faoliyat koʻrsatmoqda ammo Taʼlim-tarbiya va ilm-fanga, uning targʻibotiga kelganda esa...!

Aslida, taʼlim va tarbiyaga munosabat va eʼtiborni boshidan, oʻz milliy dasturimiz asosida yaratishimiz shart. Chunki, sovet hukumati davrida va mustaqillikdan keyingi jarayonlarda biz “ongli ravishda ongsizlashtirilgan” xalqqa aylantirilib bir necha avlodni yoʻqotdik!

Bugungi kunda xususiy_telekanallar koʻp hollarda otarchi-sportchilarni ommalashtirishga xizmat qilmoqda! Fohishabozlik, buzuqchilik, ichkilik, oʻgʻrilik va tarbiyasizlik illatlarini turli film, serial va shoulari orqali targʻib qilayotgan bu kanallarni ayrim ziyolilarimiz unchalik koʻrmas ammo xalqimizning 80-90% vakili afsuski koʻrmoqda.

Achinarlisi, bunday illatlar targʻib qilinayotgan koʻrsatuv va seriallarni 7 yoshdan tortib 70 yoshgacha boʻlgan har bir xonadon vakillari koʻrmoqda va real hayotda ayrimlar oʻsha koʻrganlarini amalda koʻrsatmoqda ham! Otarchining ust-boshidagi kiymini narxini, yashash tarzi va nima yeb-ichishini chiqarayotgan turli telekanal va ayrim sayt jurnalistlari, ijtimoiy tarmoq faollari va keng jamoatchilik vakillari shu savolini oʻqituvchi va olimlarga ham berib koʻrsinchi,…! Otarchini ustidagi kiyimlarini summasi oʻqituvchi va olimlarning yillik daromadidan yuqori darajaga olib chiqqan jamiyatni aynan oʻzimiz yaratdik va bugun ham ommalashtirmoqdamiz! Vaholanki, nimani koʻproq targʻib qilsak, xalqqa koʻrsatsak shunga erishamiz!

Bundan 7-8-yil oldin erkinlik va keng islohotlar davri boshlanganida Taʼlim vazirliklari, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentiligi, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Musulmonlar idorasi umuman olganda yosh-avlodning sifatli taʼlim va tarbiyasiga mutasaddi boʻlgan davlat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligida “bola tarbiyasi va uning psixologiyasi”, “sifatli taʼlim”, “oila muhiti”, “ilm-fan sohasida erishilinayotgan yutuqlar targʻiboti”, “ota-onalarning farzandlariga va farzandlarning oʻz ota-onalariga boʻlgan munosabatlari”, “ustoz martabasi, ularni eʼzozlash”, “yosh avlodning sogʻlom boʻlib shakllanishi”, “yot gʻoyalarga ergashmaslik va islom dinimizning asl mohiyati” shuningdek “taʼlimdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari”ga bagʻishlangan turli xil koʻrsatuvlar, badiiy va ilmiy-ommabop filmlar, tanqidiy va tahliliy mazmunidagi ochiq muloqotlarni efirga uzatadigan “Taʼlim – tarbiya” telekanalini ochishni taklif etganimda oʻylab ham koʻrmasdan iloji yoʻqligini, katta mablagʻ sarflanishini aytishgan edi! Nahotki otarchi-sportchilar faoliyati va targʻiboti uchun topilayotgan, xalq va davlat tomonidan ajratilayotgan mlrdlar ilm-fan va taʼlim-tarbiyaga kelganda topilmasa?

Bugungi taʼlim tizimimiz maktab taʼlimida ishlagan, maktablardagi asl holatdan xabardor va buni ayta oladigan, muammolarning yechimini takliflar asosida tanqidiy-tahlil qila oladigan (tarbiya muhiti va ilm-fan targʻiboti ham) islohotchi-jadidlarga muhtoj! Bugungi Yangi Oʻzbekiston yuz yil oldingi jadidlar singari vatanparvar, “milliy ruh”da shakllangan fidoyi va yurtning faqatgina bugunini emas, kelajagini oʻylaydigan halol kadrlarga muhtoj!

Jadidlar maorif tizimini, tarbiya muhitini va xalqning siyosiy ongini chiroyli soʻzlar bilan emas, uygʻoq qatlamning amaliy harakatlari orqali shakllantirdi, sifatli taʼlim muhitini yarata oldi. Munavvar qori taʼlim va tarbiya masalasi va undagi oʻqituvchining roli va qadr-qimmati haqida soʻzlarkan: “Bolalarga avvalgi beshikdan koʻra, ikkinchi beshik boʻlgan — maktab yaxshiroq va foydaliroqdir. Avvalgi beshikda sut va taom berib boqqan ota va ona qanday doʻst va aziz boʻlsalar, ikkinchi beshikda ilm va odob oʻrgatib, tarbiya qilgan muallim va xalfalar ondin ortugʻroq doʻst va azizdurlar!” deya taʼkidlaydi.

Toʻgʻri, bolajonlar, umuman yosh avlod uchun “Aqlvoy” va “Bolajon” telekanallari faoliyat yuritmoqda. Ammo, bu kanallarda efirga uzatilinayotgan turli dasturlar, multfilm va kinolar bolaning tarbiyasi, maʼnaviyati va dunyoqarashini boyitishga emas balki, shunchaki ularni ushlab turishga, yaʼni vaqt oʻtkazishiga, ularni tinchlantirishga yoʻnaltirgandek. Milliy tariximizni (“Oʻzbekiston tarixi”) va boy maʼnaviyatimizni (“Madaniyat va maʼrifat”) xalqimizga yetkazuvchi targʻibotchi kanallarimiz bor, ularning faoliyati albatta tahsinlarga loyiq, ammo barchasini taʼlim va tarbiyadan boshlashimiz shart!

Aslida esa, butun MTRK tarkibidagi telekanallar faoliyatini qaytadan koʻrib chiqishimiz, xalqning siyosiy ongi, huquqiy tafakkuri va maʼnaviyatini boyituvchi, uygʻotuvchi kontentlar, filmlar va axborotlar berish tizimini shakllantirishimiz kerak deb hisoblayman.

Ayniqsa, “Oʻzbekiston 24” telekanali eng soʻnggi va xolis axborotlarni tezkor va doimiy efirga uzatuvchi, turli siyosiy va bahsli jarayondagi yangiliklarni debat koʻrinishida xalqimizga yetkazuvchi axborot maydoniga aylanishi shart. Mustaqillikdan soʻng kelajak avlod haqida aniq bir dastur asosida faoliyat yuritmadik va natijada necha avlod yoʻqotdik. Nahot haligacha koʻzimiz ochilmadi! Uygʻonaylik! Jamiyatimizdagi barcha muammolarimizning yechimi faqat va faqat “TAʼLIM” va “TARBIYA” da! Barchasiga umummilliy harakat orqaligina erisha olamiz!

Zavqibek Mahmudov. Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti

Izohlar 1

Hamroqulova Sayyora
2025-Mar-13 19:09
Gap yo'q
Fikr bildirish