So`ngi yangiliklar
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Uygʻongani rost boʻlsin! Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatiga oid takliflar...
2024-yilda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi qaytadan tashkil etildi deb ayta olaman! Tashkilot juda katta vakolat va imtiyozlarga ega boʻlsada yaqingacha ishlatmas, tizimli faoliyat yuritmas edi.

2-3-yil oldin oʻzim ham Taʼlim tizimining ayni shu yoʻnalishida ishlaganimda yoshlarning maʼnaviyati bilan bogʻliq koʻplab tanqidiy-tahliliy maqolalar yozib, yangi takliflar bildirgan edim. Afsuski, bari befoyda edi.
2024-yil fevral oyidan boshlab Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining yangi rahbari sifatida faoliyatini boshlagan, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov oʻtgan bir yil davomida tizimdagi ishlar va tashkilot faoliyatini yuz foiz uygʻotdi, koʻplab yangi loyihalar amalga oshira oldi.
Bunga davlat tiliga oid amalga oshirilinayotgan loyihalar, olimlarimizni xalq bilan yaqinlashtirish yoʻlidagi amaliy harakatlar, siyosiy savodxonlik, barcha davlat tashkilotlaridagi maʼnaviy muhitni jonlantirish yoʻlidagi amaliy harakat va hamkorliklar singari qator misollarni keltirishimiz mumkin. Shuningdek, markaz tasarrufidagi Oyina.uz ham toʻlaqonli jonlandi va saytdagi ilmiy-ommabop maqolalar hajmi koʻpaydi.
Eng asosiysi, Oyina.uz platformasida berilayotgan ilmiy maqolalar soha olimlari tomonidan yozilgan boʻlib, maqolalar mazmuni bugungi kunda xalqimizning maʼnaviyatini boyitish va ayrim gʻoyaviy boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, barcha ilmiy-ommabop maqolalarning mualliflariga moddiy ragʻbat tizimi ham amalga oshirilib kelinmoqda
Markaz faoliyatini toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlagan holda uni yanada rivojlanishiga oid quyidagi oʻz takliflarimni bildirmoqchiman:
- Markazning “Oʻzbekiston tarixi” telekanali bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “10 ta fakt” loyihasining 2025-yildagi sonlarida “jadidlar” va “milliy qoʻrboshilar” yoritilib, har bir yangi sonini katta auditoriyalarga ega ijtimoiy tarmoqlarda, barcha turdagi jamoat transportlarida va xususiy telekanallarda yoritib borilsa;
- Prezidentimizning Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash va #Oyina_uz faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida OYINA jurnalini qaytadan tashkil etib, undagi maqolalar mazmuni Behbudiy davridagidek yoritib borilsa;
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda maktablardagi MMIB direktor oʻrinbosarlari ish dasturi va faoliyati mezonlarini qaytadan tuzilsa (oʻzim ham shu tizimda ishlaganman, asl holat juda ham achinarli);
- Xalqning maʼnaviy va siyosiy dunyoqarashini yanada boyitish maqsadida Markaz mediasida olimlar bilan hamkorlikda tarix va siyosat masalalarida doimiy kontentlar yaratilsa;
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Tarbiya” fani darsliklari va uni oʻqitish metodikasini butunlay boshqattan koʻrib chiqilsa (2015-yilda “Vatan tuygʻusi”, “Milliy istiqlol gʻoyasi” va “Maʼnaviyat asoslari” fanlari oʻrniga Tarbiya fanini joriy etish (boshlangʻich sinfda “Ijtimoiy odoblar”, yuqori sinfda “milliy ruh” asosida milliy tarbiya berish,.. ) taklifini bildirgan edim). Amaldagi Tarbiya fani darsliklari, oʻqitish metodikasi va umuman bu fan tizimi hech qanday sifat natijasini bermayapti deb hisoblayman.
Xulosa sifatida, maʼnaviyatga qancha koʻp eʼtibor berilsa va tizimdagilar oʻz faoliyatini vijdonan amalga oshirsa xalqning nafaqat maʼnaviy, siyosiy va huquqiy dunyo qarashi rivojlanadi, oilalardagi tarbiya muhiti yaxshilanadi va eng asosiysi xalq boʻlib shakllanish jarayoniga erishadi!
Bugun yuqoridagi maqsadlar yoʻlida amaliy harakatlar qilinmoqda deb ayta olaman. Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuzilishidan keyingi bugungi davrgacha boʻlgan faoliyatini tahlil qiladigan boʻlsak, markaz 2024-yildan boshlabgina oʻzining asl faoliyatini amalga oshira oldi deb ayta olaman va kelgusi faoliyatida yanada yangi tashabbus va loyihalarni tilayman!
Zavqibek Mahmudov. Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti



