Qidirish

19:41 / 2025-02-15 3492 1 Maqolalar

Xolmoʻmin Yodgorovga savollar bor…

Sudyalar Oliy Kengashi raisi Xolmoʻmin Yodgorov nazarida jurnalistlar “yolgʻonchi” asoslanmagan maʼlumot tarqatuvchi. Xoʻsh, nima uchun deysizmi, marhamat ushbu maqola davomida batafsil fikr bildirishga harakat qilamiz.

world-news

Bundan bir hafta oldin Effect.uz tahririyatiga kelib tushgan maʼlumotlar yuzasidan “Sudyalarning nafsi hakalak otganmi yohud Yodgorov va Islomov tizginni yoʻqotdimi?” nomli maqola eʼlon qilingan edi.

Mazkur maqola Sudyalar Oliy kengashi raisi Xolmoʻmin Yodgorovning jigʻiga tekkan koʻrinadi, yoki maqolada bitilgan tanqidiy maʼlumotlar ogʻir botgandek? Chunki ushbu maqolaga nisbatan Sudyalar oliy kengashi tezkor va “boshqacha” munosabat bildirdi. Biz esa shoirona yozilgan raddiyaga yuridik javob qaytarishni joiz deb bilamiz.

Munosabatga koʻra, maqolada keltirilgan vajlar mutlaqo asossiz va yolgʻon. Yozilishicha, sudyalikka nomzodlar birinchi viloyat sudlari malaka hayʼatlari tomonidan oʻtkazilib, keyin Oliy sudning Oliy malaka hayʼatida koʻrib chiqiladi. Oxirgi bosqich – Kengash va Sudyalar oliy malaka hayʼatining ochiq tanlov shaklidagi qoʻshma yigʻilishi boʻlib, uning yakuni boʻyicha tegishli qaror kollegial qabul qilinadi.

Hurmatli, Xolmoʻmin Buvraboyevich Sudyalar oliy kengashi saytida eʼlon qilingan tayinlovlar haqidagi xabarlar va bizga yetib kelgan maʼlumotlarga qaraganda Oliy sud Sudyalar Oliy malaka hayʼatining xulosasi bilan sudyalik lavozimiga tavsiya etishga noloyiq deb topilgan bir qancha nomzodlar Sudyalar Oliy kengashi tomonidan sudyalik lavozimiga loyiq deb topilib, turli darajadagi sudyalik lavozimlariga tayinlangan va ular hozirgi kunda sudyalik vakolatlarini davom ettirmoqda.

Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy malaka hayʼatining xulosasi bilan sudyalik lavozimiga tavsiya etishga noloyiq deb topilgan Boybilov Abduhofiz Ibragimovich Sudyalar Oliy kengashining 2021-yil qarori bilan jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudi sudyasi lavozimiga, Turdiyev Shavkat Toʻlqinovich 2022-yilda jinoyat ishlari boʻyicha Yakkabogʻ tuman sudi raisi lavozimiga, Kenjayev Rustam Valiyevich 2022-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha Qorakoʻl tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, Sorabekov Botir Zokirovichni 2022-yilda jinoyat ishlari boʻyicha Guliston tuman sudi raisi lavozimiga (maʼlumot uchun B.Sorabekov va X.Yodgorov bir tumandan, yaʼni Jizzax viloyati Forish tumanidan boʻlib ular Sirdaryo viloyatida birga ishlagan oʻzaro yaqin hamkasb) Abdurahmonov Oʻtkirbek Abduhalilovich 2023-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, Abdurahmonova Saida Madiyarovna 2023-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo-Ulugʻbek tumanlararo sudi sudyasi lavozimiga, Soliyev Nabijon Raxmatullayevich 2023-yilda Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi lavozimiga loyiq deb topilib, rasman ishga tayinlangan. Roʻyxatni yana davom ettirish mumkin: chunki lavozimga tayinlangan yana bir qancha sudyalar va sud raislari haqida tahririyat ixtiyorida yetarlicha maʼlumotlar bor.

Mazkur holatlar boʻyicha kengash raisi qanday munosabat bildiradi?

Achinarlisi, ushbu sudyalardan ayrimlari muqaddam sudyalik ish faoliyatida qoʻpol kamchiliklarga va qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygani uchun muddatidan ilgari sudyalik lavozimidan ozod qilingan yoki keyingi muddatga oʻtmagan sudyalar hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy sud sudyasi Sh.Boliyevning bankda ishlagan turmush oʻrtogʻi boshqa fuqarolarning pasportlaridan foydalanib, ularning nomiga noqonuniy ravishda kredit rasmiylashtirib, oʻzlashtirgani va keyinchalik ushbu kredit toʻlovlarini Sh.Boliyevning shaxsiy plastik kartasidan toʻlab kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan sudya Sh.Boliyevning turmush oʻrtogʻiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Aynan Boliyevning lavozimga tayinlanishi haqida ham Yodgorovning hissasi borligi haqida soxadan uzoq boʻlmagan bir qator tirik manbalarda gap-soʻzlar urchigan.

Boliyevning tayinlovi boʻyicha Yodgorovda fikr bormi? EFFECT.UZ bu borada Kengash raisiga minbar berishga tayyor…

Prezident Shavkat Mirziyoyev sud huquq sohasida jon kuydirib keng islohotlarni amalga oshirib, borayotgan bir paytda davlat rahbariga koʻmakchi boʻlish oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy malaka hayʼatining xulosasi bilan sudyalik lavozimiga tavsiya etishga noloyiq deb topilgan ayrim nomunosib shaxslar nomaʼlum sabablarga koʻra sudyalik lavozimlariga “munosib” deb topilib, turli sudyalik lavozimlariga tayinlanishi “sud tizimi”ni botqoqqa botirmoqda.

El orasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan hukm oʻqiydigan ammo qonunga emas balki shaxslarning xohishi yoki moddiy ahvoli, qiziqishlaridan kelib chiqib, qaror qabul qiladigan sudyalardan noroziliklar yetarlicha jamlangan. Bu Yangi Oʻzbekiston uchun sharmandali holat ekanligi hech kimga sir emas…

Mavzuga qaytishimiz uchun Effect.uzʼda yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlib, oʻylaymizki, kelgusida jamoatchilik ixtiyoriga havola qilinadigan bu toʻplam orqali kimningdir dili ogʻrib qolmaydi, nozik koʻngli ranjimaydi.

Izohlar 1

Абдуллаев Алишер
2025-Feb-16 04:19
Хакикий журналистик суриштирув. Менимча мана шундай ишлаш керак. Мана шундай журналистлар купайса жамиятга фойдаси тегади Омад тилайман.
Fikr bildirish