Qidirish

15:50 / 2025-02-11 955 0 Maqolalar

Tarix takrorlanmasligiga barchamiz masʼulmiz!

Tarixchi olimlar birlashishimiz, xalqni asl milliy tariximiz bilan uygʻotishimiz shart!

world-news

Har qaysi mustamlakachi davlat boshqa bir mustaqil davlatni bosib olmoqchi boʼlsa, avvalo, uning eng oliy qadriyati hisoblangan tilidan, tarixidan va maʼnaviyati (dini, madaniyati,…) dan judo qilishga urinadi. Hech kimga hech qachon qaram boʻlmaslik uchun ham Vatanimiz tarixini bilishimiz, tarix takrorlanmasligi uchun esa yoshlarimizni milliy tariximiz bilan qurollantirishimiz shart!

Tarixan Turkiston zamini bundan sal kam 2 asr oldingidek gegemon davlatlar manfaati toʻqnashgan nuqtaga aylanmasligi lozim. Biroq unutmangki, imperialistik gʻoyalar asosida qurilgan har qanday davlat kun kelib albatta parchalanadi. Tarixning oʻzi bunga hamisha guvoh!

18-yuz yillik, Buxoro xoni Abulfayzxon doimo “Saroyning oldi (yaʼni Registon) tinch boʻlsa boʻlgani“ deb takrorlar, butun dunyoda sanoat va texnika inqilobi amalga oshar, bizda esa toju-taxt uchun kurash kechardi. 18-yuz yillikning birinchi yarmi, “Rossiya imperiyasi “ tomonidan ilm-fanni tatbiq qilish (aslida esa bu hududlardan oʻzi uchun zarur boʻlgan resurslarni oʻrganish va tez orada bosib olishga tayyorlanish) maqsadida turli ekspeditsiyalarni koʻpaytirdi.

Xonlar oʻz xazinasini toʻldirish maqsadida soliqlar miqdorini oshirar yoki yangi soliqlar joriy etar, ogʻir vaziyatlarda xon, mahalliy hukmdor yoki zodagonlar tomonidan oddiy xalqni oʻylash oʻrniga oʻz nafsi yoʻlida narx-navolar sunʼiy tarzda oshirar, oddiy xalq turli majburiy mehnatga jalb etilardi.

1847-yil Rossiya imperiyasi “Turkiston“ zaminini bosib olish maqsadida xonliklarga qarshi harbiy harakatlarni boshlagan bir paytda, Xonliklar birlashish oʻrniga oʻzaro bir-biri bilan zamin talashar, xonlik taxtini saqlab qolish uchun aka-ukalar va hatto farzandlar oʻz otasi bilan toʻqnashar, xonlik taxtini saqlab qolish maqsadida ruslardan yordam soʻrash holatlari kuzatilardi. Hukmdorlar turli bazm va ayshu-ishratdan ortmas, oddiy xalqning ahvoli esa yanada ogʻirlashardi.

Dunyo siyosiy xaritasidagi jarayonlar keskin oʻzgarayotganligi sababli ham, Turkiston zaminini bosib olish orqali oʻz iqtisodiyoti uchun zarur boʻlgan barcha resurs manbalariga mustamlakachilik siyosati asosida erishishni va bu zamindagi xalqlardan arzon ishchi kuchi sifatida foydalanishni maqsad qildi.

1868-yil Qoʻqon Rossiya imperiyasi bilan iqtisodiy, savdo aloqalarida ruslarga toʻlaqonli imtiyoz beradigan (aslida esa qaramlik) shartnomani imzoladi. 1873-yil 12-avgustda Rossiya bilan Xiva oʼrtasida Gandimiyon shartnomasi (xon rus podshosining vassaliga aylandi va mustaqil tashqi siyosat yurgizishdan mahrum etildi), 1873-yil 28-sentabrda Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi oʻrtasida shartnoma imzolandi (shartnomada Buxoro amirligi Rossiya imperiyasining protektorati deb eʼlon qilingan).

Barchasi mustamlakachilarning ssenariyasi asosida kechayotgan bir paytda yuksak vatanparvarlik gʻoyalari va amaliy harakatlari asosida “siyosiy harakat“ vakillari—jadid namoyondalarimiz siyosat maydoniga chiqishdi. Aholining asosan oʻrtahol va kambagʻal qatlami jadidlarni qoʻllab-quvvatlashi, eskilik tarafdorlari va xonlarning oʻz taxtini oʻylab jadidlarni toʻliq qoʻllamasligi ham maʼlum darajada mustamlakachilarning manfaatiga xizmat qildi. Shuning uchun ham, dastlab Qoʻqon (1876), soʻngra Buxoro va Xiva (1920) xonliklarini bosib olgandan soʻng boshlangan milliy ozodlik harakatlarigina sovet hukumatining jadidlarga nisbatan qonli siyosatini kechiktirilishiga sabab boʻldi. Sovetlarning 1938-yilgi qatagʻon siyosati ilm-fanimiz, umuman madaniyatimizni yoʻq qilishga qaratilgan, hech qachon kechirib boʻlmas qonli harakat edi. Sovet hukumatining qatagʼon siyosati milliy mustaqilligimizning qaytadan qoʼlga kiritilguniga qadar davom etdi. Afsuski, milliy ziyolilarimizning qatagʼon siyosati mustaqillikdan keyin ham davom etdi.

Mustaqillikdan soʻng tashqi siyosatimizdagi eng katta xatolarimizdan biri bu bizga qoʻshni, chegaradosh turkiy xalqlarga mansub davlatlar bilan diplomatik munosabatlarimizni toʻgʻri yoʻlga qoʻya olmaganimiz boʻldi. Aslida bu, sovet hukumati tomonidan ishlab chiqilgan siyosiy nayranglar edi va bu jarayon mustaqillikdan keyin ham davom etdi. Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan Buyuk Turon—Turkiston zaminida bir tanu bir jon boʻlib yashayotgan qoʻshnilarimiz bilan aloqalarimizni mustaqillikning ilk kunidan tiklashimiz shart edi.

Eng achinarlisi esa, Taʼlim tizimimizni toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi va taʼlimdagi korrupsiya illatining keng tomir yoyganligi sababli ilmdan yiroq va til bilmaydigan yosh avlodni asosan Rossiyaga oddiy ishchi sifatida ketishiga zamin yaratdik. Millionlab fuqarolarimiz oʻz yurtidan ish topa olmaganligi, ish topilsa ham Rossiyadan oladigan oyligidan 4-5 barobar kamligi uchun ham migrant sifatida chiqib ketishdi.

Davlat byudjetiga foyda, har yili milliardlab dollar pullar ular tomonidan yurtimizga joʻnatilyapti deb oʻzimizni oqladik va oʻsha tizimdagi mavjud muammolarning bardavomligi sababli yetarlicha ilmga ega boʻlmagan va til bilmagan yosh avlodning oddiy ishchi, mehnat muhojirlari sifatida ketishiga sharoitlarni bardavom qilib yaratdik, qaysidir kasb-hunar turini oʻrgatishni ham taʼminlab bera olmadik.

“Ruslar bizning birodarimiz“ qabilida ish tutib 20-yildan ortiq davr mobaynida “Rossiya Oʻzbekistonsiz, Oʻzbekiston esa Rossiyasiz yashay olmaydi“ deb oʻzimizni aldab, ularga Rossiya imperiyasi va sovet davridagi sharoitni qaytadan yaratib bera boshladik. Rossiya esa oʻzining ich-ichidan chirib borayotgan gegemonlik siyosatini qaytadan oʻrnatish, ogʻir ahvoldagi iqtisodiyotini tiklash uchun zarur boʻlgan barcha tabiiy resurslarni Markaziy Osiyo davlatlaridan olishni maqsad qilib turli yoʻllarni axtarmoqda, harakat qilmoqda. Xuddiki, AQSHdagi fuqarolik urushi natijasida Rossiyaning paxtaga nisbatan ehtiyojini qondirish maqsadida xonliklarga nisbatan (nafaqat paxta, bu hududdagi barcha resurslarni egallash yoʻlida genotsid siyosatini amalga oshirib boʻlsa ham) harbiy harakatlarini kuchaytirishga oʻxshab.

Unutmaylik, har zamon va har makonda biz uchun eng ishonchli doʻst va hamkor tarixan Buyuk Turon diyorida bir tanu bir jon boʻlib birga yashab kelayotgan turkiy xalqlar, davlatlargina boʻla oladi. Toʻgʻri, birdaniga amalga oshirib boʻlmaydi dermiz, mustaqillikning ilk kunlari singari biroz qiynalarmiz, ammo buyuk Turon—Turkiston zaminidagi xalqlar hech qachon qayta bunaqa muammoga duch kelmaymiz!

Tarixchi Zavqibek Mahmudov

Izohlar 0

Fikr bildirish