So`ngi yangiliklar
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Bilmaganga boʻlishma! – Huquqshunos “huquq faollar”ini oʻzlari qonunlarni bilmaslikda aybladi
Yaqinda huquq himoyachisi Tashanovning bitta fikriga qonunlar asosida aniq tushuntirish yozgandim, meni gaplarimni mohiyatini tushunmabdilar shekilli, “men baribir gʻolibman” deb izoh qoldiribdilar.

Toʻgʻrisi, bu darajadagi oʻz fikridan oʻzgalar fikriga loqaydlik darajasi boʻlishi mumkinligiga ishonmagandim, “gʻolib boʻldim, kimdir yutqazdi” deb oʻtirgan odam, gap nimadaligini, soʻz masʼuliyati va qonunlardagi talabni afsuski umuman tushunmagan koʻrinadi.
Shu tushuntirishimni qoʻllab 100 lab odamlar oʻz munosabatini bildirishdi. Yaqin kunlarda inson huquqlari boʻyicha “faol”ning ijtimoiy tarmoqlardagi yana bir chiqishini menga yuborishdi. Unda fuqarolarning murojaat qilish huquqi Oliy sud tomonidan buzilayotganligi iddao qilingan va bu mahkama nega kerak degan juda balandparvoz gaplar yozilgan.
Yana bir marta taʼkidlash joizki, har qanday inson huquqlari himoyachisining xulosalari avvalo, amaldagi qonunchilikka muvofiq boʻlishi lozim. Aks holda, ular yuzaki boʻlib, bunday xulosalar bergan shaxsning nufuzi va obroʻsiga putur yetkazishi mumkin.
Eng avvalo, fuqarolarning murojaat qilish huquqi bilan protsessual tartibda shikoyat qilish huquqini farqlab olish lozim. Jumladan, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” Qonunning 1-moddasiga asosan, ushbu Qonun jinoyat-protsessual qonunchiligi va boshqa qonun hujjatlari bilan koʻrib chiqishi belgilangan murojaatlarga tatbiq etilmaydi.
Fuqarolar jinoyat ishlari boʻyicha protsessual tartibda shikoyat qilish huquqi esa, mazkur jarayon faqatgina Jinoyat-protsessual kodeksi bilan tartibga solinadi. Shu oʻrinda oʻrtoq Tashanov tomonidan ushbu tushunchalarni chalkashtirish nima sababdan qilingani nafaqat biz huquqshunoslar uchun, balki matnni oʻqigan oddiy oʻquvchi uchun ham tushunarsiz boʻlsa kerak.
“Faolning” chiqishida Oliy sud tomonidan taftish instansiyasiga shikoyatlar qabul qilinmayotgani qayd etilgan. Qayd etish joizki, har qanday shikoyat sudlar tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinishi shart. Bunday tartib JPKda batafsil reglamentatsiya qilingan. Xususan, JPKning 521-10-moddasiga asosan, taftish tartibida berilgan shikoyat Oliy sudning sudyasi tomonidan oʻrganib chiqiladi, deb belgilangan.
Faqat eʼtibor berilishi kerak boʻlgan jihati shunda-ki, taftish tartibida berilgan shikoyat qachonki uni koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud boʻlsagina Oliy sudning tegishli sudlov hayʼati tomonidan koʻrib chiqiladi, asoslar boʻlmasa koʻrib chiqish rad etiladi.
Shu bois, JPKning 521-10-moddasiga asosan sudya taftish tartibida berilgan shikoyatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi yoki shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oliy sudning
Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqidagi ajrimlardan birini chiqaradi.
Shuni ham esdan chiqarmaslik kerak-ki, rad qilish ajrimi ham uzil-kesil hisoblanmaydi, uni ustidan ham shikoyat qilish imkoniyati bor. Jumladan, JPKning 521-11-moddasiga koʻra, bu ajrim ustidan Oliy sud raisiga yoki uning oʻrinbosariga shikoyat qilinishi mumkin. Bunday shikoyat berishning muddati qonunda cheklanmaganligini alohida eslatib oʻtgan boʻlardim.
Shunday ekan, Oliy sud tomonidan shikoyatlar qabul qilinmayotganligi toʻgʻrisidagi vajlar mutlaqo asossiz ekanligini aytish oʻrinlidir.
Ikkinchi masala, “faol”ning Oliy sudni oʻziga moslab qonunlarni qabul qilishi haqidagi fikrga ham qoʻshilmayman. Taftish tartibi amaliyotga kirganiga 1-yil boʻlib, uni qabul qilish bir qator amaliyotdagi “ogʻriqli” masalalarni hal qilishga qaratilgan edi. Avvallari, jinoyat ishini jaydari aytganda “futbol qilish” holatlari uchraganligi sir emas. Boshqacha aytganda, na tuman, na viloyat, na Oliy sud ish boʻyicha oxirgi nuqtani qoʻyishni istamagan. Bu yangi qonun bilan esa, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning va ayniqsa, Oliy sudning oʻziga shunday masʼuliyatni olishi odamlarning uzoq yillik eʼtirozlarini hal etishga qaratilgan edi. Endilikda mazkur sudlar ishni “pastga” joʻnatmay, soʻnggi nuqtani qoʻyishga majburdirlar.
Ish taftish instansiyasida koʻrilguncha, tuman (shahar), viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda ham bir necha marta koʻriladi. Bu hamma davlatlarda bor tartib boʻlib, mazkur tartib qonunchilikka bekorga kiritilmagan. Uni Oliy sud oʻziga moslagan degan iddao, yosh bolaning yigʻisiga oʻxshaydi.
Shu oʻrinda, Oliy sudning 2024-yilda amalga oshirgan ishlari boʻyicha rasmiy axborotini axtardim. Unga koʻra, Oliy sudning taftish instansiyasida 3 834 ta ish koʻrilgan boʻlib, ularning 96 foizi boʻyicha “yakuniy” nuqta qoʻyilgan. Bu ushbu instansiya amalda ishlayapti degani. Yoki bu ishlar “faolimiz” uchun muhim emasmi, axir har bir ishda odamlar va mulkiy huquqlar taqdiri hal boʻladi yoki faqat Tashanov koʻtargan ish hal boʻlishi kerakmi, shunda hisobmi?
Postda qayd etilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi haqidagi ajrimni olgan 20 dan ortiq shaxslarga qoʻshimcha tavsiya berishim mumkinki, bunday ajrimni olib, bemalol Oliy sud raisi yoki oʻrinbosari nomiga shikoyat yozishlari mumkin. Xuddi shu tartib qolgan maʼmuriy, fuqarolik va iqtisodiy protsesslarda ham mavjud.
Nazarimda, hamma oʻzini ishini qilish kerak yoki inson huquqlarini himoya qilishga masʼul faollar yuridik bilimlari boʻlmasa, masalani sal qonun tomonini oʻrganmasdan asossiz ayu-xannos solishni bas qilishlari kerakda.
Albatta sud tizimida muammolar mavjud, uni hech kim inkor eta olmaydi. Lekin tanqid asosli boʻlishi kerakmasmi.
Oxirida aytar soʻzim bor!!!
Huquq sohasida fikr bildirish populistlarga qoldimi? Huquq normalarini, oddiy prinsiplarni bilmaydigan “bilmasvoylar”ga nahotki yuristlar tushuntirib qoʻyishmaydi, yetkazishmaydi, joyini koʻrsatishmaydi?
Nega achchiq boʻlsada bunday gapiryapman, chunki bunga jiddiy sabab bor deb bilaman. Bu meni ushbu ekspertning postlari boʻyicha yozgan ikkinchi raddiyam boʻlib, ekspertning ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi Oʻzbekiston aholisining 0,1 %ini tashkil etmasada, uning postlari “chin haqiqat” (aksioma) sifatida ulashilib, keng jamoatchilikda salbiy fikrlar uygʻotishga sabab boʻlmoqda.
Fikrimcha, populistlar, sohani va qonunlarni tushunmaydigan, bilmaydigan soxta piyarchilar odamlar fikrlarini bu kabi buzishga urinishlarga yoʻl qoʻymaslik kerak. Bu uchun nima qilish kerak ? Bu uchun xolis, aqlli, ilmli va masʼuliyatli huquqshunoslar populistlarni fikrlari va postlariga beeʼtibor boʻlmay soha kesimida raddiyalar bildirib, ilmiy hamda qonuniy asoslantirilgan tahlillarni nashr etib borish lozim.
Shuning uchun ziyolilarimizga murojaat qilib, ularni oʻzlarining tegishli sohalarida aktivroq boʻlishga chaqirib, maydonni piarchi va xaypchi populistlarga berib qoʻyish notoʻgʻriligi, muhokamalar, tanqidlar va fikrlar bildirish konstruktiv, obyektiv va amaldagi qonunlarni eʼtiborga olgan holda boʻlishi jamiyat rivoji uchun oʻta muhimligini eslatmoqchiman.
Razzoq Altiyev



