So`ngi yangiliklar
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Samarqandlik ota-bolaga IIB xodimlari nega kuch ishlatdi?
Oʻzbekiston Malayziya bilan strategik sheriklikni rivojlantirish yoʻlida dadil odimlamoqda – Aktam Xaitov
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan puxta oʻylangan tashqi siyosat nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki uzoq xorijdagi mamlakatlar bilan ham oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Oʻzbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan diplomatik aloqalari joʻgʻrofiyasi izchil kengayib borayotgani buning yorqin dalilidir.

Fikrimizcha, Oʻzbekiston bilan doʻstona aloqalar oʻrnatgan Malayziya bilan har tomonlama hamkorlik qilish masalalari alohida eʼtibor talab qiladi.
Malayziya dunyo davlatlari orasida birinchilardan boʻlib 1992-yilda Oʻzbekiston mustaqilligini tan oldi. Oʻtgan oʻn yilliklar davomida har ikki davlat ham geografik jihatdan uzoq joylashganiga qaramay, muntazam hamkorlikning siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yoʻnalishlarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni izlab kelmoqda.
Bu ezgu ishga mamlakatimiz Oliy Majlisi ham qonun ijodkorligi sohasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va tajriba almashishga koʻmaklashuvchi “Oʻzbekiston – Malayziya” parlamentlararo doʻstlik guruhi doirasida oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Turizm sohasida ham katta salohiyat mavjud. Islom sivilizatsiyasining tarixiy markazlaridan biri boʻlgan yurtimizga ziyorat sayohatlari musulmon mamlakatlari fuqarolari orasida katta qiziqish uygʻotmoqda. Masalan, 2018-yil boshida vizasiz rejim joriy etildi, bu yesa musulmonlar mamlakat aholisining yarmidan koʻpini tashkil etuvchi Malayziyadan sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshishiga turtki boʻldi.
Oʻz navbatida, sayyohlik kompaniyalari uchun yuqori ishonchlilik reytingi va soliq imtiyozlari, sifatli mehmonxona xizmatlari, yuqori tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar va puxta oʻylangan koʻngilochar dasturlar Malayziya turizm industriyasini sayyohlar uchun yanada jozibador qiladi. Janubi-Sharqiy Osiyodagi ushbu mamlakatning ilgʻor turizm industriyasi oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun keng istiqbollarni ochmoqda.
Oʻzaro hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari haqida soʻz borar ekan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida oʻzaro aloqalar faollashayotgani bilan ifodalanayotganini alohida taʼkidlash joiz. 2017-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,6 barobar oshdi. Bu koʻrsatkichlar ikki davlatning oʻzaro savdoni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolatdir. 2024-yilda Oʻzbekiston eksportining 41 foizini oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, sabzavot, dukkakli don ekinlari va mevalar, 55 foizini esa kimyoviy moddalar, xususan, oʻgʻitlar tashkil etdi.
Umuman olganda, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjud. Ikki davlatning oʻzaro savdo va sarmoyaga boʻlgan qiziqishi ortib borayotgani iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida aloqalarni mustahkamlash imkonini bermoqda. Bu iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi turmush darajasini oshirish imkonini beradi.
Yuqoridagi fikrlarning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim taklifiga binoan fevral oyida ushbu mamlakatga amalga oshirilgan rasmiy tashrifining umumiy mazmuni hisoblanadi. Muloqot chogʻida parlament orqali faol hamkorlik va almashinuvlarni yanada faollashtirish, mavjud doʻstlik guruhlarining oʻzaro tashriflari va tadbirlarini tashkil etish, qonun ijodkorligi faoliyati masalalarida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, muhim sarmoyaviy, infratuzilmaviy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tashrif doirasida bir qancha muhim tadbirlar oʻtkazildi, ulardan biri qoʻshma biznes-forum boʻlib, unda ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari, sarmoyaviy va bank-moliya institutlarining 200dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Biznes-forumda Oʻzbekiston rahbari ham soʻzga chiqdi. U oliy darajadagi samarali muzokaralar davomida Oʻzbekiston-Malayziya sherikligining ikki yillik innovatsion rivojlantirish davrini boshlash boʻyicha kelishuvga erishilgani, amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olinganini alohida taʼkidladi. Muzokaralar davomida mavjud zaxiralar puxta tahlil qilinib, koʻp qirrali hamkorlikning yangi oʻsish nuqtalari aniqlangani alohida tilga olindi.
Savdo hajmini bir necha barobar oshirish, imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish, oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Qoʻshma loyihalarning mustahkam portfeli shakllantirildi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqildi. Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida katta imkoniyatlar qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, aqlli qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va “halol” standartlarini qoʻllash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
Shubhasiz, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun oliy taʼlim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusidagi birinchi Oʻzbekiston-Malayziya taʼlim forumi yana bir muhim voqea boʻldi. Ikki mamlakat oliy taʼlim vazirlari ishtirok etgan forumda oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, akademik mobillik dasturlarini ishlab chiqish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Fikrimizcha, ilm-fan va taʼlim sohasi vakillarining hamkorligi diplomatiyaning yangi, chuqurroq va samarali formatini yaratadi. Bu xalqaro hamkorlikning ilmiy bazasini mustahkamlash, uzoq muddatli strategik loyihalarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Natijada hamkorlikda xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yangi texnologiya va innovatsiyalarni oʻrganish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish imkoniyatlari yuzaga keladi va bu mamlakatlarning har tomonlama rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Umuman olganda, Kuala-Lumpurdagi rasmiy muzokaralar yakunlari boʻyicha Kuala-Lumpur shahrida boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Strategik sheriklik yoʻlida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonot imzoladi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, taʼlim, madaniyat va huquqiy sohalarni oʻz ichiga olgan qator kelishuvlar tuzdi. Mazkur hujjatlar mahsulotni standartlashtirish, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash, shuningdek, sud-ekspertiza faoliyati va korrupsiyaga qarshi kurashda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Xulosa oʻrnida Oʻzbekiston va Malayziya haqiqatdan ham oʻzaro hamkorlikning koʻplab sohalarida manfaatlari mos kelayotgan uzoq muddatli hamkorlarga aylanib borayotganini ishonch bilan qayd etish mumkin. Ishonchim komilki, Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda tub oʻzgarishlarni amalga oshirish imkonini beruvchi qulay shart-sharoitlar yaratib, bu esa oʻz navbatida munosabatlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishda muhim platforma vazifasini oʻtaydi.



