Qidirish

00:38 / 2025-01-12 40 0 Maqolalar

Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?

Aydarkoʻlda baliqchilik qachon rivojlanadi?! Oʻtgan asrning 70- yillaridan boshlab QIZILQUM bagʻridagi Tuzkon koʻli Qozogʻistonning Chordara suv omboridagi suv tashlamalarining koʻpayishidan borib-borib bugungi kunda Oʻzbekistondagi Orol dengizidan keyingi eng katta shoʻr koʻlga aylangan.

world-news

Xalq orasida Aydarkoʻl deb ataluvchi Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining koʻl yuzasi hozirda 4000 kv. metrni tashkil etadi. Oʻtgan yillar davomida koʻlning nafaqat flora va faunasi boyidi balki baliqchilik ham rivojlandi.

Maʼlumotlarga koʻra Aydarkoʻl hozirda ham Oʻzbekiston aholisining 3/1 qismini baliq bilan taʼminlaydi. Jizzax viloyati hududlaridan to Navoiy viloyatining Nurota tumaniga qadar choʻzilgan 200 kmlik masofada mavjlanayotgan koʻldan shu kunlarda Jizzax viloyatining Arnasoy, Zafarobod, Forish tumani va Navoiy viloyatining Nurota tumanida yashovchilarning bir qismi baliqchilik orqasidan roʻzgʻor tebratishadi. Baliqchilarga koʻra keyingi paytlarda Aydarkoʻlda baliq yetishtirish sezilarli kamaygan.

Ustiga—ustak Aydarkoʻlni rivojlantirish boʻyicha Prezident tomonidan chiqarilayotgan farmon va qarorlarning ijrosi amalda bajarilmayotgani kun koʻrishi bevosita shu koʻlga bogʻliq baliqchilar va baliqchilik bilan shugʻullanadigan tadbirkorlarni xavotirga solmoqda. Jumladan tadbirkorlarning murojaatida shunday soʻzlar bor «Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi 2017-yil mart oyiga qadar Jizzax viloyati hokimligi qishloq xoʻjaligiga qarashli tashkilot edi.

Prezidentning 2017-yil martdagi 124- sonli qaroriga binoan Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi unitar korxonasi tashkil etilib keyingi oʻrinda Davlat unitar korxonasi (DUK) deb nomlanishi koʻzda tutiladi va Respublika soliq qoʻmitasi boshqaruviga beriladi.

2017-yil 26-aprel kuni Jizzax viloyati soliq boshqarmasi idorasida DUK uchastkalarini baliq ovlash va yetishtirish uchun ochiq tender asosida 10-yil muddatga ijaraga berish maqsad qilib qoʻyildi. tenderga qatnashgan brigadalardan 137 nafari 10-yil muddatga ijaraga yer olib har bir kontur uchun 2017-yil hisobiga 11 million soʻmdan ijara haqqi toʻlash majburiyati bilan ish faoliyatini boshlaydi. Tadbirkorlarning ushbu tenderda yutib olgan uchastkalari shartnomaga koʻra 2027-yil 15-iyungacha huquqiy kuchga egaligi koʻrsatib oʻtilgan.

Mazkur shartnoma tomonlarning kelishuviga binoan qoʻshimcha oʻzgartirishlar ham kiritilishini koʻzda tutadi. Lekin nomaʼlum sabablarga koʻra 2018- yil uchun ijara toʻlovi 43 million soʻmga oshirib yuborildi. Natijada 31 nafar brigada ijara haqi keskin oshib ketganligi sababli xarajatlarni qoplay olmasdan brigadalarni yopishga majbur boʻlishadi. 2019- yilga kelib esa 1 kontur uchun 122 million soʻm ijara haqi belgilandi. natijada 136 brigadadan 30 ta brigada qoladi xalos.

2020-yilga kelib DUK boshqaruv organlarining tajribasizligimi yoki ataylab DUK ni bankrot qilish rejasi ishlab chiqilganligi boʻyicha gumon paydo boʻladi. Ayni shu davrda qoʻlda noqonuniy baliq ovlash holatlari avj oladi.

2021-yilda DUK direktori oʻzgaradi va brigadirlarga bitta kontur uchun ijara toʻlovi 33 “oʻttiz uch million soʻm”dan taklif etiladi. Ijara haqining tushirilgani bois 64 ta brigada yana ishga qaytadi. Brigadalarning har biri 2000 gektar yerni ijaraga olishib 10-15 kishini ish bilan taʼminlab 70–100 tonnadan baliq mahsulotlarini xalq dasturxoniga tortiq qilib kelishayotgan edi.

2022-yilning 22-fevralida Prezidentning “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimini boshqaruvini takomillashtirish chora- tadbirlari toʻgʻrisidagi” 141-sonli qarori chiqadi. Qarorda koʻrsatilishicha 2017- yilga nisbatan baliq ovlash koʻrsatkichlari 45 foizga tushib ketganligi, noqonuniy baliq ovlash holatlar avj olishiga yoʻl qoʻyib berilgani uchun Soliq qoʻmitasi huzuridagi Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi DUKni Suv xoʻjaligi vazirligi tarkibidagi “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi” MCHJ sifatida qayta tashkil etish koʻzda tutiladi va katta ishlarni katta loyihalarni amalga oshirishni belgilab beradi.

Afsuski oradan 3-yilga yaqin vaqt oʻtishiga qaramasdan yangi kelganlar ham murojaatchilarga koʻra biron yangilik qilmagan. Aksincha, eski hammom eski tosligicha qolib faqat oʻz manfaatlari uchun ishlayotganligini iddao qilishmoqda.

Baliqchilarga yangidan — yangi soliqlarni joriy etayotgan“ Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi” MCHJ va uning 2023-yilning 22-mayida 100 foizlik ishonchli boshqaruvini investitsiya kiritish sharti bilan qoʻlga kiritgan «PRO FISH LINE» MCHJ ish yurituvidan baliqchi tadbirkorlar keskin norozi boʻlishmoqda. Murojaatchi tadbirkorlarga koʻra ularning eʼtirozlariga salkam ikki yildan buyon hech bir idora jiddiy yondashmayotganligi ularning noroziligini oshirmoqda.

Bir necha marta Jizzax viloyati hokimining qabulida ham boʻlishgan. Hatto 2024-yilning 21- sentyabr kuni Arnasoy tumani hokimligida Jizzax viloyatining sobiq hokimi Ergash Saliyev boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham “PRO FISH LINE”ning noqonuniy talablari va nohaqliklariga chek qoʻyilishini talab qilishgan. Biroq na hokim va na boshqasi shuncha vaqt oʻtsada ularga yordam bera olishmagan.

Yaqinda bir guruh baliqchi tadbirkorlar Jizzax viloyati hokimligiga yangi rahbardan najot izlab kelishdi.

Tegishli masʼullar va Viloyat hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Zafar Roʻziyev ularning muammolarini tinglagach, dushanba kuni yaʼni 13-yanvar – Forish tumani hokimligida uchrashib masalaga yechim topishga kelishib olishdi.

EFFECT.UZ voqealar rivojini kuzatib boradi. Tez kunlarda ushbu murojaat yuzasidan tayyorlangan katta videoreportaj eʼtiboringizga havola etiladi.

Aʼzam Xoʻjaqulov

Izohlar 0

Fikr bildirish