Qidirish

19:45 / 2024-11-11 130 0 Siyosat

“Oʻzbekiston urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekiston shifoxonalarida begʻaraz davolashga tayyor” – Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq soʻzladi.

world-news

Bismillahir rahmonir rahim!

Hurmatli rais janoblari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Global siyosat kun tartibidagi eng oʻtkir va ogʻriqli masala – Falastin muammosiga bagʻishlangan bugungi muhim sammitimizni tashkil etganlari uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud Aʼlo Hazratlariga hamda Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud Hazrati Oliylariga alohida minnatdorlik bildiraman.

Ming afsuski, 2023-yili Ar-Riyod shahridagi tarixiy yigʻilishdan keyin oʻtgan vaqt mobaynida ushbu adolatsiz va qonli urush koʻlami yanada kengaydi.

Dunyo hamjamiyatining qatʼiy harakat va chaqiriqlariga qaramasdan, xalqaro meʼyorlar va rezolyutsiyalarning qoʻpol ravishda buzilishi davom etmoqda. Urush olovi endilikda Livan hududini ham qamrab olgani barchamizni qattiq larzaga solmoqda.

Hamkasblarim oʻz nutqlarida aytib oʻtganlaridek, ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar oʻlimiga sabab boʻlayotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda.

Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yoʻq qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum boʻlayotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas.

Eng yomoni, hammamiz guvoh boʻlayotganimizdek, ushbu fojiaga nisbatan xalqaro maydonda ikki xil standartlar asosida yondashilmoqda. Bu esa urushning keng yoyilib ketish ehtimolini keskin oshirmoqda, xalqaro xavfsizlikka jiddiy raxna solmoqda.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Oʻzbekiston Falastin – Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yoʻli bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

Bu borada bugungi sammitimizda umumiy siyosiy iroda va birdamlikni namoyon etib, global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqib, hayotga tezroq joriy etilishiga ishonamiz.

Gap, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining mazkur koʻp yillik nizoni hal etishdagi oʻrni va taʼsirini tubdan oshirish haqida bormoqda.

Harbiy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, xavfsiz gumanitar yoʻlaklarni taʼminlash va eng asosiysi – tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari bu universal xalqaro tuzilmaning doimiy eʼtibor markazida turishi maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, 15-noyabr kuni jafokash Falastin xalqi oʻz milliy bayrami – Falastin Davlati eʼlon qilingan kunni nishonlaydi.

Aminmanki, bu qadimiy va boy tarixga ega xalq 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga toʻla haqlidir. Bu borada biz Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyatini har tomonlama maʼqullaymiz.

Uchinchidan, Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida davlatlarimiz tomonidan hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida yordam koʻlamini kengaytirishimiz lozim.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining katta tajribaga ega boʻlgan Maxsus agentligi va boshqa institutlari faoliyatiga zaruriy koʻmakni oshirish tarafdorimiz.

Shu oʻrinda biz urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekiston shifoxonalarida begʻaraz davolashga tayyorligimizni bildiramiz.

Biz Falastin xalqiga amaliy yordam koʻrsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda oʻtadigan “Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyatidamiz.

Toʻrtinchidan, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini taʼminlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga katta eʼtibor qaratishimiz lozim.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugungi favqulodda uchrashuvimiz Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam boʻladi, deb umid qilaman.

Alloh taolodan jahonda tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik neʼmatini ziyoda etishini va ummatimiz ahilligini yanada mustahkam qilishini soʻrab qolaman.

Izohlar 0

Fikr bildirish