So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
“Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi”, – Shavkat Mirziyoyev
Bugun, 6-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasida boʻlib oʻtayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq soʻzladi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalambor, goʻzal Bishkek shahrida sammitimiz yuksak darajada tashkil etilgani va koʻrsatilayotgan anʼanaviy mehmondoʻstlik uchun Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarovga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Soʻnggi yillarda Qirgʻizistonda barcha sohalarda olib borilayotgan jadal islohotlar va tub oʻzgarishlarga hammamiz guvoh boʻlib turibmiz. Bugun tadbirimiz oʻtayotgan ushbu muhtasham majmua ham bu soʻzlarimizning yaqqol dalilidir.
Mamlakatda siyosiy-ijtimoiy barqarorlik taʼminlanayotgani, zamonaviy sanoat va infratuzilma obyektlari barpo etilayotgani, davlatning xalqaro obroʻsi va nufuzi oshayotgani yaqin qardosh sifatida bizni cheksiz quvontiradi.
Qirgʻiz tomonining Tashkilotimizda iqtisodiy integratsiya, umumiy taraqqiyot, raqamli kelajak va xavfsizlik yoʻnalishlarida sheriklikni asosiy maqsad etib belgilagan raisligi davri muvaffaqiyatli oʻtishiga tilakdoshman.
Fursatdan foydalanib, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevni ham tuzilmamizda “Turkiy davr!” shiori ostida oʻtgan samarali raisligi bilan chin dildan tabriklayman.
Hurmatli hamkasblar!
Ming afsuski, Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlarimizdan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus oldi. Yetakchi davlatlar oʻrtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush oʻchoqlari koʻpayib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.
Albatta, bularning salbiy taʼsiri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi qoʻshma reja va katta loyihalarimizga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda, desam, bu – ayni haqiqatdir.
Tashkilotimiz doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqib, xalqaro muammolar boʻyicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiqdir.
Bu oʻrinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish boʻyicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.
Mazkur koʻp yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro meʼyoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir.
Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida oʻtadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilamiz.
Xavfsizlik haqida toʻxtalganda, Afgʻoniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida boʻlishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yoʻlga qoʻyish muhimdir.
Afgʻonistondagi oʻtkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam koʻrsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini roʻyobga chiqarish masalalari albatta koʻrib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz.
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Bugun Tashkilotimizning tarixiy hujjati – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz oʻrtasida kuchayib borayotgan koʻpqirrali hamkorlikning yorqin ifodasidir. Aminmanki, biz shu asosda Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeini oshirish, oʻzaro manfaatli va doʻstona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga koʻtarishga erishamiz.
Sammitimiz kun tartibidan kelib chiqib, bir qator ustuvor yoʻnalishlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Birinchidan, davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, Tashkilotimizning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahakamlash tarafdorimiz.
Biz Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshligi toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilishni taklif etamiz. Oʻylaymanki, ushbu keng qamrovli xujjatning ishlab chiqilishi tuzilmamiz faoliyatini yanada yuksak siyosiy pogʻonaga koʻtaradi.
Ikkinchidan, Tashkilotimiz doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish boʻyicha niyatimiz qatʼiydir.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarimizning tashqi tovar aylanmasida oʻzaro savdomiz ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importimizning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu borada vaziyatni keskin oʻzgartirish vaqti keldi.
Eng avvalo, tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish boʻyicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim.
Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini oʻtkazish ayni muddao boʻlar edi.
Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat koʻrgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning oʻzaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qoʻshma dasturini qabul qilishimiz kerak. Bu ustuvor vazifalarni mamlakatlarimizning Bosh vazir oʻrinbosarlari zimmasiga yuklasak, albatta natijasi tezda koʻrinadi.
Uchinchidan, bugungi ogʻir global iqtisodiy sharoitda eng dolzarb muammo – bu investitsiya jarayonlarining uzluksizligini taʼminlashdir.
Jahon moliya bozorida kapitalga boʻlgan talab va uning narxi tobora oshib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlar uchun uzoq muddatli va “yashil” kreditlar ajratish shartlari qiyinlashmoqda.
Biz Tashkilotimiz doirasida moliyaviy instrumentlarni joriy etishga jiddiy eʼtibor qaratishimiz kerak. Turkiy investitsiya jamgʻarmasi ishini faollashtirish, bizning tashabbusimiz boʻlgan Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish masalalarini koʻrib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz.
Mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga xalqaro moliya institutlari va chet el investitsiya kompaniyalarini keng jalb etish ham dolzarb vazifadir. Bu borada Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni taklif qilamiz va uning ilk tadbirini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz.
Toʻrtinchidan, yana bir ustuvor masala – bu transport koridorlaridan samarali foydalanishdir.
Oʻrta koridor boʻylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan oʻtish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qoʻshma operatorlarni yaratish umumiy manfaatlarimizga toʻla javob beradi.
Tashkilotimiz doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga oʻtish va ularni oʻzaro tan olish boʻyicha koʻp tomonlama bitimni imzolashga chaqiramiz.
Bunday dolzarb masalalarni biznes vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini oʻtkazishni taklif etamiz.
Beshinchidan, kelajak iqtisodiyotini keng joriy etishga qaratilgan Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.
Mazkur konsepsiya mamlakatlarimizda toʻplangan ilgʻor tajriba va IT sohasidagi yutuqlarni oʻzaro almashish, innovatsiya, infratuzilma va ilm-fan boʻyicha raqamli tizimlarni, yirik data-markazlarini yaratishga xizmat qiladi.
Oltinchidan, kelgusi hafta Bokuda COP-29 global sammiti oʻz ishini boshlashi bilan Ozarbayjon Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni yana bir bor samimiy tabriklab, katta omadlar tilayman.
Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻtkir ekologik muammolarga yechimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish zarurligini taʼkidlab, uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyorligimizni bildiramiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Qardosh xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining koʻp jildli majmuasini aʼzo mamlakatlar tillarida nashr etsak, manzur ish boʻlar edi.
Bu borada “Turkiy mamlakatlar tarixi” kabi fundamental tadqiqotlarni birgalikda yaratish dolzarb vazifamizdir. Shu bilan birga, turkiy tillardan bevosita tarjima qilishni ragʻbatlantirish, maktablarimizda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va sanʼati haqida fakultativ darslarni yoʻlga qoʻyish lozim, deb oʻylayman.
Shu oʻrinda Oʻzbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasiga toʻlaqonli aʼzo boʻlishga tayyorligini bildiraman.
Qadrli doʻstlar!
Bugun “Turkiy dunyo Oliy ordeni” bilan mukofotlanayotgan Vengriya Bosh vaziri hurmatli Viktor Orban janoblarini qizgʻin tabriklayman.
Soʻzimning yakunida bir fikrni alohida taʼkidlamoqchiman.
Tashkilotimiz doirasidagi amaliy hamkorligimiz shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda oʻz pozitsiyalarimizni mustahkamlash, turli tahdid va yangi xavf-xatarlarning oldini olish, aloqalarimizni yanada chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Aminmanki, bugungi sammitimiz natijalari Turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish borasidagi ulkan rejalarimizga munosib hissa qoʻshadi.