Qidirish

19:00 / 2024-08-28 4127 0 Maqolalar

Oʻzbekiston yosh tarixchilarning 3-yozgi oʻqishlari bo‘lib o‘tdi

Tarix instituti tashabbusi, Yoshlar ishlari agentligi va Fanlar akademiyasi birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan "Yosh tarixchilarning 3-yozgi oʻqishlari" boʻlib oʻtdi. Unda yurtimizning turli viloyatlaridan OTM talabalari va maktabda Tarix fani o‘qituvchilari bo‘lgan 100 ga yaqin yosh tarixchilar, Turkiyaning Pamukqalʼa universiteti rektori boshchiligidagi tadqiqotchilar va Najmiddin Erbaqon universitetining tadqiqotchilari ishtirok etdi.

world-news

Yozgi oʻqishlar yuz ochdisida soʻzga chiqqan Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo mazkur yozgi oʻqishlardan koʻzlangan bosh maqsad, yurtimizdagi yosh tarixchilarni birlashtirib Oʻzbek davlatchiligi tarixini tadqiq etishni yangi bosqichga olib chiqish va yosh avlodni vatanparvar qilib tarbiyalashda tarixning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Shundan soʻng, Pamukqalʼa universiteti rektori, professor Ahmet Qutluhon soʻzga chiqib, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini qoʻllab-quvvatlash, ikki davlat tarixchi olimlari ishtirokida ilmiy loyihalarni yanada kengaytirish haqida fikr bildirdi.

"Yosh tarixchilarning 3-yozgi oʻqishlari" doirasida tarixchi-olimlar tomonidan har kuni kunning birinchi qismida yosh tarixchilar uchun mahorat darslari tashkil etilib, unda O‘zbek davlatchiligi tarixida eng dolzarb va kengroq tadqiq etilishi kerak bo‘lgan, nafaqat tarixchi olimlarm, yosh tadqiqotchilar balki, butun xalqimiz bilishi shart bo‘lgan mavzular tanlangan edi. Yozgi oʻqishlardagi ilk mahorat darsi tarix fanlari doktori, professor Shopo‘lat Shaydullayev tomonidan "O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixining arxeologiyasi" mavzusida boʻlib, maʼruzada professor Shopoʻlat Shaydullayev arxeologiya sohasida amalda qilingan va qilinayotgan ishlar, muammo va uning yechimlari, bu davrning Oʻzbek davlatchiligi tarixida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi.

Shuningdek, Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov "Milliy-ozodlik harakatlari va qatag‘onlar tarixi" (unda Rossiya imperiyasi va sovet hukumatining mustamlakachilik siyosati, Turkiston muxtoriyatining tuzilishi va uning agʻdarilishi, bolsheviklarning Turkistondagi genotsid siyosati, Sovet hukumatiga qarshi Milliy ozodlik harakatlari va qatagʻon siyosati haqida),  Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Muhayyo Isoqova va tarix fanlari doktori Feruz Boboyev "Sovet hokimiyatining o‘zbek xalqiga qarshi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy nayranglari" (unda Rossiya imperiyasi va sovet hukumatining oʻzbek xalqiga nisbatan mustamlakachilik siyosati, iqtisodiy va ijtimoiy nayranglari, taʼlim siyosati tarixi haqida batafsil maʼlumotlar berilib, ushbu mahorat darsida yosh tarixchilarning bu davr tarixiga oid maʼlumotlarni qay darajada bilishligi, ularning tanqidiy-tahliliy fikrlashini aniqlash maqsadida noanʼanaviy usullardan foydalanildi), Tarix instituti Harbiy tarixni oʻrganish markazi boshligʻi, tarix fanlari doktori Feruz Boboyev va institut katta ilmiy xodimi Nizomiddin Gulboyev "Milliy harb ishi tarixi" (maʼruza davomida olimlar tomonidan Oʻzbek davlatchiligi tarixida harb ishi tarixining ahamiyati, harbiy sarkardalar va ulardagi qoʻshinning tuzilishi, qurol-yarogʻlar va bosqinchilik yurishlari haqida), Sharjadagi Amerika universiteti professori Alisher Xoliyorov va AQShdagi Ohayo universiteti doktoranti Henry Misa tomonidan "Turon – Turkistondagi iqtisodiy o‘zgarishlarga atrof-muhitning ta’siri (10 – 19-yuzyilliklar)" va Tarix Instituti  ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova "Jadidchilik milliy harakati: maqsadi, kechmishi, saboqlari" (jadidchilik milliy harakatining ahamiyati, jadidlarimizning istak va maqsadlari, harakat mohiyati, sovet hukumatining jadidlarimizga nisbatan munosabati va yuritgan siyosati, qatagʻoni haqida batafsil maʼlumotlar berdi.

Shundan so‘ng, Tarix instituti tayanch doktoranti Daler Mirzayev yosh tarixchilar va turkiyalik olimlarga Tarix instituti xodimlari tomonidan yaratilgan Jadidlarimiz.uz platformasi haqida maʼlumot berdi) mavzularida maʼruza qildilar. Mahorat darslari davomida yosh tarixchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar berib, javoblar olishdi va faol boʻlgan yosh tarixchilarga ma’ruzachi olimlar tomonidan kitoblar sovgʻa qilindi.

"Yosh tarixchilarning 3-yozgi oʻqishlari" dasturida avvalgi yozgi o‘qishlardan farqli o‘laroq, mahorat darslari bilan birga kunning ikkinchi qismida Tarix instituti yosh tadqiqotchilari tomonidan “Yoshlar minbari”da o‘z tadqiqot mavzulari doirasida ma’ruzalar oʻtilishi ham belgilangan edi. Tarix instituti tayanch doktoranti Ubaydulla Ismoilov "Iloqning qadimgi va oʻrta asrlar shaharlari tarixi" mavzusida fikr bildirdi. Tadqiqotchi maʼruza davomida arxeolog olimlar va ustozlari bilan birgalikda Toshkent viloyatida olib borgan qazishma ishlari va topilmalar, arxeologik topilmalarni saqlash, qaysi davrga tegishliligini aniqlash haqida batafsil maʼlumotlar berdi.

Shuningdek, Tarix instituti tayanch doktoranti Asadulla Hasanov "Turkistonda milliy siyosiy uyushmalar tarixi" (Turkistonda tuzilgan siyosiy uyushmalarning tuzilishi, faoliyati va vazifalari, xorij bilan hamkorlik aloqalari va safarlari, "Shoʻroyi Islomiya", "Milliy Ittihod", "Turon" singari barcha uyushmalar haqida), Tarix instituti tayanch doktoranti Daler Mirzayev "Turkiston viloyatining gazeti — tarixiy manba sifatida" ("Turkiston viloyatining gazeti", uning chop etilishi, undagi maqolalar tahlili haqida batafsil maʼlumotlar berib, yosh tarixchilarning gazeta haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishlari uchun gazetada chop etilgan maqolalar nusxalaridan namunalar keltirdi), Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Zavqibek Mahmudov "Maktablarda tarix fanining o‘qitilishi, darsliklardagi muammolar va uning yechimlari" (unda sinflar kesimida OʻZBEKISTON TARIXI fani, darsliklari va oʻqitish metodikasi boʻyicha yozgi oʻqishlar qatnashchilari ishtirokida tanqidiy va tahliliy bahs-munozaralar boʻlib, yosh tarixchilar O‘zbekiston tarixi darsliklari va uni o‘qitish metodikasi bo‘yicha oʻz fikr va takliflarini bildirib oʻtdilar) mavzularida chiqish qildilar.

"Yosh tarixchilarning 3-yozgi oʻqishlari"ning avvalgilaridan yana bir farqli jihati bu yilgi yozgi o‘qishlarda turkiyalik tarixchi olimlar va yosh tadqiqotchilar ham ishtirok etib, “Mahorat darsi” va “Yoshlar minbari”da ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Dastlab, Turkiyaning Denizli shahrida joylashgan Pamukqalʼa universiteti Inson va jamiyat fakulteti Tarix boʻlimi dekani, professor Yasemin Bayazid boshchiligidagi yosh tadqiqotchi olimlar chiqish qildilar. Professor Yasemin Bayazid yosh tarixchilarning 3-yozgi oʻqishlari ishtirokchilariga Pamukqalʼa universiteti va unda amalga oshirilgan loyihalar, tarix yoʻnalishlari va oʻqitilishi, tarix boʻlimi xodimlarining ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil maʼlumotlar berdi.

Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo tashabbusi bilan davlat miqyosida yosh tarixchi olimlarni bir joyga jamlovchi mazkur loyihani va Tarix instituti tashabbusi bilan amalga oshirilinayotgan boshqa loyihalar haqida ham alohida fikr bildirib, ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy hamkorliklarning yanada kengayishini tarafdori ekanligini taʼkidladi. Shundan so‘ng, universiteti doktori Coşkun Kumru "Germaniya arxiv hujjatlarida Oʻzbekiston" mavzusida maʼruza qilib, unda maʼrifatparvar ziyolilarning siyosiy harakatlari, ikkinchi jahon urushi va Turkiston legioni haqida fikr bildirgan boʻlsa, universitet tadqiqotchisi Yunus Emre "Usmonli arxivlari bilan ishlash, metod va usullar" mavzusida maʼruza qilib, Turkiyadagi arxiv manbalari va ulardan foydalanish, Turkiya arxivlarida o‘zbek davlatchiligi tarixiga oid manbalar, tadqiqot metodlari va manbalarni oʻqish uchun tadqiqotchilarga bilishi kerak boʻlgan masalalar haqida fikr bildirdi.

Turkiyaning Koʻnya shahridagi Najmiddin Erbakan universiteti professor tadqiqotchilari ham yozgi o‘qishlarda faol qatnashdilar. Universitetning Ijtimoiy gumanitar fanlar fakulteti Tarix boʻlimi Umumiy Turk tarixi kafedrasi professori Kemal O'zjan dastlab universitet haqida umumiy maʼlumotlar berib, Tarix yoʻnalishida amalga oshirilgan loyihalar va ilmiy tadqiqotlar haqida fikr bildirdi.

Shundan soʻng, Dr. Fatih Cholak "Hozirgi O'zbekiston hududida Germaniya imperiyasining tijoriy faoliyatlari", Dr. Hande Gündüz "Qirim turklarining Milliy harakatlarida O'zbekistonning o'rni va ahamiyati" va universitet doktaranti Jem Unju "Katta o'yin kontekstida Angliya va Chor Rossiyasining XIX asrdagi Turkiston-Afgʻoniston siyosati" mavzularidagi ilmiy maʼruzalari bilan qatnashdilar. Ma’ruzalar so‘ngida, Turkiyaning Pamukqalʼa universiteti va Najmiddin Erbakan universiteti professor va tadqiqotchilari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev tomonidan taqdim etilgan "YORLIQ"lar va Tarix institutining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Bu yilgi yozgi o‘qishlar davomida, mahorat darslari va yoshlar minbari bilan bir qatorda har kuni sport o‘yinlari va madaniy hordiq tadbirlari ham o‘tkazildi. Xususan, Oʻzbekiston yosh tarixchilarining 3-yozgi oʻqishlarida Zakovat oʻyini ham oʻtkazildi. 13 ta jamoa ishtirokida oʻtkazilgan Zakovat oʻyinining 2-bosqichidan soʻng "Narshaxiy" va "Fitrat" jamoalari soʻnggi, 3-bosqichda bellashdi.

Yakuniy hisobga koʻra "Narshaxiy" jamoasi 1-oʻrinni egalladi. Tarix instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Dilnoza Jamolova gʻolib jamoalarni tabriklab, Zakovat oʻyinida 1-oʻrinni egallagan "Narshaxiy" jamoasining har bir ishtirokchisiga 1 milliondan (jami 5 million) pul mukofoti topshirilishini taʼkidladi.

Yozgi oʻqishlar yakuniy tadbirida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev tomonidan taqdim etilgan "YORLIQ"lar Oʻzbekiston yosh tarixchilarining 3-yozgi oʻqishlari qatnashchilariga topshirildi. Yopilish tadbirida soʻzga chiqqan Tarix instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Dilnoza Jamolova Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyoning bu galgi yozgi oʻqishlar avvalgilaridan koʻra tashkiliy va maʼnaviy jihatdan koʻtarinki ruhda oʻtganligi haqidagi fikrlari va yozgi oʻqish qatnashchilariga yoʻllagan tabrigini yetkazdi. Soʻnggi soʻz oʻrnida Tarix instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Dilnoza Jamolova barcha qatnashchilarni yana bir bora tabriklab, tez orada Tarix instituti direktori Azamat Ziyo tashabbusi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda "Oʻzbekiston yosh tarixchilar uyushmasi" tuzilishini maʼlum qildi.

Zavqibek Mahmudov. Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

Izohlar 0

Fikr bildirish