So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
Tarixiy xotira: Turonning arablar tomonidan bosib olinishi...
Soʻnggi paytlarda jamiiyatimizda kiyim-kechak va uy arxitekturasidan tortib oziq-ovqatgacha barcha masalalarda xorijiy madaniyat unsurlari, xorijliklarga taqlid qilish tobora ortib bormoqda. Kimdir uy qurmoqchi boʻlsa Gʻarb arxitekturasini, boshqasi arab kiyimlarini, yana biri esa xitoy avtomobillarini afzal koʻradi.
Agar masalaga sof ilmiy nuqtayi nazardan yondashsak, albatta buning hech qanday yomon joyi yoʻq. Tarixdan maʼlumki, turli madaniyatlar oʻrtasida oʻzaro almashish va bir-biridan oʻzlashtirish jarayoni madaniyatni boyitish va tamaddun rivojlanishining muhim omili boʻlib kelgan.
Biroq, asosiy muammo madaniy oʻzgarishlar tarixiy xotiramiz va tarixni anglashimizga taʼsir koʻrsatishni boshlaganda yuzaga keladi. Tarixiy xotiraga begona hikoyalarning kiritilishi va jamiyat tafakkuriga yot talqinlar bilan almashtirilishi tarixiy xotirani zaiflashtirib, milliy oʻzlikni anglashda ziddiyatlarni yuzaga keltiradi.
Darhaqiqat, tarixiy xotira jamiyatni maʼnaviy yangilashda alohida oʻrin tutadi hamda mustaqil davlatning milliy tiklanishi jarayonida ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Tarixiy xotira xalqning milliy oʻziga xosligi va madaniy oʻzini oʻzi anglashining tarkibiy qismidir.
Ushbu maqolada tariximizning muhim qismi – arablarning Markaziy Osiyoni bosib olishiga toʻxtalamiz. Negaki, tarixiy xotiramizga kiritilgan tarixiy voqeliklarning diniy talqinlari va hikoyalari taʼsirida goʻyoki, “arablar bosqinidan oldin bizda hech narsa yoʻq edi”, “arablar bizga oʻzlarining yuksak madaniyatini olib keldi”, “agar arablar boʻlmasa biz tarix chekkasida qolib ketardik” kabi fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda tobora koʻpaymoqda. Bu esa yurtdoshlarimiz va yoshlarimiz oʻrtasida tarixiy xotira buzilgani va hatto asat-sekinlik bilan yoʻqolib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda Turon oʻlkasining arab xalifaligi tomonidan zabt etilishi mavzusi oʻzbek jamiyatida ixtilof va kelishmovchiliklarga sabab boʻlmoqda. Ixtilofning ildizi esa 8-asr voqealarining oʻzi murakkab va qarama-qarshi talqinga ega ekanligi bilan bogʻliq. Bu davrda islom dining tarqalishi bir tomondan oʻzi bilan yangi madaniy qadriyatlarni olib kelgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, Turonning oʻziga xos madaniy kodini oʻzgartirdi.
Arablar istilosi arafasida Baqtriya Amudaryo janubida joylashgan boʻlib, uning tarkibiga hozirgi Afgʻoniston hududi ham kirgan. Amudaryoning shimolida Soʻgʻdiyona boʻlib, u hozirgi Oʻzbekiston va Tojikiston hududlarini qamrab olgan. Soʻgʻdiyonaning gʻarbida hozirgi Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlarida Xorazm joylashgan edi. 7-asrga kelib Baqtriya, Soʻgʻdiyona va Xorazm Turk hoqonligi taʼsirida boʻlib, ularda eroniy va turkiy tilli xalqlar yashagan.
Amudaryoning janubidagi yerlar Sosoniylar davlati davridayoq Xuroson (oʻrta forschada “quyosh chiqadigan joy”) nomi bilan mashhur boʻlgan boʻlsa, Amudaryoning shimolidagi yerlarni esa arablar Movarounnahr (yaʼni “daryoning narigi tomoni”) deb atashgan.
Arablarning Turon oʻlkasiga bostirib kirishga oid batafsil maʼlumotlar Muhammad Tabariyning “Paygʻambarlar va hukmdorlar tarixi” (تاريخ الرسل والملوك) asarida bayon qilingan.
Arab istilosi haqida gapirganda shuni taʼkidlash lozimki, bu boshidanoq bosqinchilik tabiatiga ega boʻlgan. Arab halifaligi tashkil topgan ilk asrlarda mahalliy aholini islom diniga oʻtkazish siyosatini olib bormagan. Arablar Xorazm va Soʻgʻdiyonani oʻz nazoratida ushlagan boʻlsada, halifalik tarkibiga qoʻshib olmaydi. Ular Xuroson oʻrnashgan boʻlib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va unga yaqin viloyatlar boʻyicha siyosati faqatgina talonchilik uyushtirish va soliq toʻlashdan bosh tortgan hukmdorlarni jazolashdan iborat boʻlgan.
Masalan, arablarning Amudaryo shimoliga ilk yurishini xijriy 54-yilda Ubaydulloh ibn Ziyod tashkillashtirgan.[1] Ular daryodan oʻtib Buxoroga hujum qiladi va 2 mingga yaqin buxorolik yosh mohir kamonchilarni oʻlja sifatida olib ketadi. Bu bosqinchilik yurishida diniy eʼtiqodni targʻib qilish va mahalliy aholini islomga kiritish haqida hech qanaqa gap soʻz boʻlmagan.
Keyingi yurish esa 2-yildan soʻng Said ibn Usmon tomonidan amalga oshirilgan. Bu safar arablardan Samarqandliklar jabr koʻradi. Tabariyning yozishicha, arablar garov sifatida Samarqand aslzodalarining oilalaridan 50 nafar yigitni olib ketib, kelishuvga muvofiq yurtiga qaytarish oʻrniga Madinaga joʻnatib yuboradi. Garovga olinganlar oʻz vataniga qayta olmagan. Ushbu yurishlarda mahalliy aholi oʻrtasida dinni yoyishga urinish boʻlmagan.
Arablarning turli guruxlari va qabilalari oʻrtasida oʻzaro toʻqnashuvlar, hokimiyat uchun kurashlar boʻlib turgan. Bunday toʻqnashuvlar arablarda “fitna” deb atalgan. Islomda Birinchi fitna (656–661) toʻgʻri yoʻldagi xalifalar davrining qulashi va ummaviylar sulolasining hokimiyat tepasiga kelishini taʼminlagan. Ikkinchi fitnada esa (taxminan 680-692-yillar) Karbalo dashtida Muhammad (s.a.v) paygʻambarning nabirasi, xalifa Ali ibn Abu Tolibning oʻgʻli imom Husaynning oʻldirilishi voqeasidir. Ushbu voqea islomning shialik va sunniylikka boʻlinib ketishiga olib keldi.
Ikkinchi fitna davrida arab qabilalari oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash Xurosonga ham yoyildi. Bu gʻalayonlar paytida Xurosonning oʻsha paytdagi hokimi Abdulloh ibn Hozim Marvdagi bani tamim qabilasidan boʻlgan odamlarni oʻldirib, katta miqdorda talon-taroj qilgan. Shundan soʻng oʻzi Nishopurga yoʻl oladi, oʻgʻli Musoga esa Amudaryoning shimoliga borishni buyuradi. Muso va uning qabiladoshlari Buxoroga yetib borganlarida buxoroliklar ularga boshpana berishdan bosh tortadi. Shundan soʻng ular Soʻgʻd hukmdori Tarxundan yordam soʻraydi.
Tarxun Samarqandda Muso va uning odamlarini faxriy mehmon sifatida qabul qiladi. Lekin Musoning odamlari oʻz axloqsizligi sabab ularni ziyorat qilishga kelgan soʻgʻdiylar bilan janjal chiqaradi. Bundan gʻazablangan Tarxun arablarni shaharni tark etishga buyuradi va faqat xavfsizlik kafolati boʻyicha bergan vaʼdasini buzmaslik uchun ularni tirik qoldiradi. Samarqanddan quvilgan Muso Termizga borib mustahkam oʻrnashib oladi va yon atrofdagi shahar va qishloqlarga muntazam bosqinlar uyushtiradi.
Muso boylik orttirish maqsadida xalifalik xazinasini chetlab oʻtib soʻgʻdiylarning talon-taroj qilishi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini anglagan xalifalik unga qatʼiy chora koʻradi. Garchi hijriy 85-yilda Muso oʻldirilib, Termizdagi arablarning xalifalikdan mustaqil siyosat yuritishiga chek qoʻyilsada, arablarning Turon oʻlkasiga hujumlari davom etaverdi.
Hijriy 86-yilda Xuroson hokimi lavozimini Turon oʻlkasiga yirik bosqinchilik yurishlari va qirgʻinlarni uyushtirgan Qutayba (669-715) egalladi. Aynan uning hokimlik davrida arablar bizning yerlarimizni bosib oladi.
Qutaybaning birinchi yirik bosqini hijriy 87-yilda Boykendga uyushtirilgan. Bu shahar aynan boyligi bilan arablarda qiziqish uygʻotgandi. Boykend aholisining aksariyati savdogarlardan iborat boʻlib, oltin va kumush koʻp edi. Qutayba shaharni egallab talon-taroj qilib, qoʻlga kiritilgan oltin buyumlarni eritishni buyuradi. Tabariyning xabar berishicha, eritilgan oltinning umumiy miqdori 150 ming misqol (bugungi hisob-kitoblarga koʻra 52 mln AQSH dollar)ni tashkil qilgan.
Hijriy 93-yilda Qutayba oʻz qoʻshinlari bilan Samarqandga qarab harakatlanib, shaharni qamal qiladi. Bir oyga yaqin davom etgan qamaldan soʻng samarqandliklar Toshkent va Fargʻona hokimlariga xabarchi joʻnatib, arablarga qarshi kurashda yordam soʻraydi, agar bugun samarqandliklar urushda yengilsa, ertaga arablar ularning ham yurtiga bostirib kirishidan ogohlantiradi. Biroq bundan xabar topgan arablar shiddatli hujumlar bilan Samarqandni bosib oladi. Shahar aholisiga har yili 2 million 200 ming dirham va 30 ming sogʻlom qul yetkazib berishni yuklaydi.
Hijriy 94-yilda bir yil avval samarqandliklar ogohlantirganidek, Fargʻona va Toshkentni egallashga kirishdi. Bu ikkisi xoʻjandliklarning yordamiga qaramasdan magʻlub boʻldi. Qutayba Toshkentning bir qismini yoqib yuboradi.
Qutayba koʻpchilik oʻylaganidek, oʻz dinini yuksaltirish uchun jang maydonida oʻlmaydi, balki hokimiyat uchun kurashgani tufayli xijriy 96-yilda askarlari tomonidan oʻldiriladi. Uning kesilgan boshi Damashqqa halifa Sulaymonga yuboriladi. Uning tanasi esa daraxtga osib qoʻyiladi va qushlar va qurtlarga yem boʻladi. Uning 5 nafar ukasi va 4 nafar oʻgʻli ham boshi tanasidan judo qilinib, jasadlari otga bogʻlab koʻchada sudrab oʻtiladi.
Arablarning shimoli sharqqa yurishlari dastlab xalifalikdagi ichki beqarorliklar, keyinchalik esa abbosiylar isyoni va hokimiyatni qoʻlga kiritishi bilan butunlay toʻxtadi.
Arablarning Turon hududida islomni targʻib qilishdan koʻra, oʻz chegaralarini kengaytirish va boylik orttirishga qaratilgan bosqinchilik harakatlari natijasida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan islomdan oldingi qadimiy madaniy yodgorliklarning aksariyati vayron boʻldi.
Vaqt oʻtishi bilan arab qoʻmondonlari hosildor yerlar, boy va iqtisodi rivojlangan hududlar va muhim savdo yoʻllari ustidan nazoratni qoʻlga kiritib, ziravorlar, ipak va metall savdosidan katta daromad koʻra boshladi. Bundan nafaqat bosqinchi qoʻmondonlar boyidi, balki xalifalik mavqeini mustahkamlanishiga ham katta imkoniyat yaratdi.
Arablar bosqini tufayli mahalliy aholining turmush tarzini ogʻirlashtirib, keskin noroziligini keltirib chiqargan yana bir omil bu soliqlar va yigʻimlar boʻlgan. Ayniqsa musulmon boʻlmaganlardan olinadigan jizya soligʻi koʻp norozichilik va qoʻzgʻolonlarni keltirib chiqargan. Chunki aholi oʻzini musulmon yoki xalifalik qoʻshinidan jangda qatnashganini sabab sifatida koʻrsatib, jizya soligʻini toʻlashdan bosh tortgan. Ayrim hokimlar va qoʻmondonlar esa ularning haqiqiy musulmon emasligi, mol-mulkini saqlash, jon kuydirib urishmaganini roʻkach qilib soliq toʻlashga majbur qilishgan.
Bir soʻz bilan aytganda, Turon xalqlarining xalifalik bilan majburan tanishishi tarixi Soʻgʻd, Toxariston va Xorazmning oʻziga xos madaniy kodini abadiy oʻzgartirib yubordi. Shu bilan birga oʻlkaga kelib oʻrnashgan arablar va ular orqali yurtimizda keng tarqalgan islom dini ham mahalliy madaniyat taʼsiriga uchrab singib ketdi.
R.Yu. Tursunova Tarix fanlari doktori, JIDU