Qidirish

15:21 / 2024-08-18 748 0 Maqolalar

Dunyo yangi sinovga tayyormi – Maymunchechak xavfi…

Maymunchechak (mpox virusi) yuqumli kasallik boʻlib, yuqori harorat, limfa tugunlarining kattalashishi va toshma toshishi bilan xarakterlanadi. JSST Afrikada ushbu kasallik epidemiyasini xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb eʼlon qildi.

world-news

Tashkilot mutaxassislari aniqlangan maymunchechak holatlari soni juda koʻpligi va virusning qitʼadan tashqarida faol tarqalishiga imkon berishi mumkinligidan xavotirda.

Kasallik 1980-yildan beri davosi topilgan deb hisoblangan oddiy suvchechakka oʻxshaydi, ammo undan farqli oʻlaroq, yuqish ehtimoli kamroq va osonroq kechadi. Ushbu virusning ikkita shtammi mavjud: Clade I va Clade II. Birinchi shtamm bilan zararlangan har 10 kishidan 1 nafari vafot etishi ehtimoli yuqori. 2022-2023-yillardagi epidemiya Clade II tomonidan qoʻzgʻatilgan boʻlib, u bilan kasallangan bemorlarning 99 foizi omon qoladi.

Maymunchechak ortopoksviruslarni keltirib chiqaradi. Ularni baʼzi kemiruvchilar (masalan, Gambiya xaltali kalamushlari) va hayvonlar tashiydi.

Genetiklarning aniqlashicha, hozirda kasallikning baʼzi namunalari 2017-yilgi epidemiya qoʻzgʻatuvchilariga oʻxshaydi. Bu shuni anglatadiki, maʼlum vaqt davomida virus odamlar orasida aylanib yurgan va sezilmagan.

Kasallik qanday yuqadi va u qanday simptomlarga ega?

JSST chechak odamdan odamga bemor bilan yaqin aloqalar orqali yuqishi haqida ogohlantiradi:

yuzma-yuz — infeksiya havo-tomchi orqali;

teridan teriga — infeksiya bemor terisining zararlangan qismlari bilan teriga tekganda, shu jumladan, jinsiy aloqa paytida;

ogʻizdan ogʻizga — bir-birini oʻpganda yuqadi.

Bundan tashqari, virus maʼlum vaqt kiyim va uy-roʻzgʻor buyumlarida saqlanishi, shuningdek, onadan homilaga oʻtishi mumkin. Odatda kasallik 2 haftadan 4 haftagacha davom etadi.

Dastlabki simptomlar infeksiya yuqqanidan keyin 5—21-kuni paydo boʻladi. Avvaliga simptomlar grippni eslatadi va quyidagicha namoyon boʻladi:

yuqori harorat;

bosh va mushaklardagi ogʻriqlar;

bel ogʻrigʻi;

kattalashgan limfa tugunlari;

qaltirash;

holdan toyish;

1-5 kundan keyin simptomlarga toshma qoʻshiladi. U yuzdan boshlanadi va pastki aʼzolarga tushadi.

Bu sirtdan suvchechakni eslatadi: paydo boʻlgan qizil dogʻlar oʻrnida tiniq yoki sargʻish pufakchalar hosil boʻladi, ular quriydi, keyin esa toʻkiladi.

Maymunchechakni qanday davolasa boʻladi. Undan qanday himoyalanish mumkin?

Odatda kasallik yengil kechadi, aksariyat odamlar davolanmasdan 2-4 hafta ichida tuzalib ketadi. Ammo infeksiya yaqin aloqadan yuqqanligi sababli toshma yoʻqolmaguncha va chandiqlar oʻrnida zararlanmagan teri qatlami hosil boʻlmaguncha, bemor izolyatsiya qilinishi kerak.

Kasallik yengil kechganda bemor uyda davolanishi mumkin. Ammo alomatlar jiddiy boʻlsa yoki ogʻir surunkali kasalliklar bilan kechsa, tuzalgunga qadar shifoxonada boʻlishi lozim.

Hozircha maymunchechakni xavfsiz davolashning isbotlangan usuli mavjud emas. Ammo tajriba modellarida samaradorlikni koʻrsatgan bir nechta dorilar mavjud. Bular — tekovirimat, sitofovir va brinsidofovir kabi virusga qarshi preparatlardir.

Agar sayohat qilishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, ehtiyot choralarini bilishingiz kerak:

Yovvoyi daydi hayvonlar, xususan, kemiruvchilardan ehtiyot boʻling, ayniqsa, ular chechak tarqalgan hududlarda yashasa va nosogʻlom koʻrinishga ega boʻlsa. Ularning murdasiga tegmang va yovvoyi hayvon goʻshtini yemang.

Zararlangan hayvon tegishi mumkin boʻlgan narsalarga yaqinlashmang.

Umumiy choyshab va gigiyena buyumlaridan foydalanmang va imkon qadar bemor odamlar bilan yaqin aloqada boʻlmang.

Gigiyena qoidalariga rioya qiling — qoʻllarni sovunlab yuving yoki spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning.

Agar zararlangan odamlarni parvarish qilsangiz, shaxsiy himoya vositalaridan foydalaning.

Oddiy chechakka qarshi emlashlar ham mavjud boʻlib, ular maymunchechakka qarshi ham qoʻllanadi. Ularni xavf ostida boʻlgan odamlarga: alohida hududlarga sayohat qiluvchilarga yoki kasallanganlar bilan ishlaydigan shifokorlarga qilish tavsiya etiladi.

Dunyo aholisini yangi sinov kutmoqdami?

Afrika Ittifoqining 55 ta davlatidan 13 tasida 2024-yilda 17 mingdan ziyod maymunchechak virusi yuqtirish holatlari aniqlangan. 517 kishi vafot etgan.

«Afsuslar boʻlsinki, maymunchechak butun dunyo boʻylab tarqalmoqda. JSST xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat eʼlon qilib, dunyo aholisini niqob kiyishga chaqirmoqda. Afrikadan tashqari birinchi holatlar Shvetsiya va Pokistonda aniqlangan.

Avstraliyada esa iyun boshidan beri 93 ta holat qayd etilgan. Qoʻshni davlat Qozogʻiston PSR testlarini sotib oldi. Chechak qichima, isitma va ogʻriqli pufakchalar paydo boʻlishiga olib keladi. Unga qarshi samarali dorilar hozircha mavjud emas», deyiladi JAR prezidenti Siril Ramafosaning bayonotida.

Oʻzbekistonda maymunchechak virusidan himoyalanish va unga qarshi kurashish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Oʻzbekiston Sanitariya-epidemologiya xizmati qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Rustamjon Ikromov virusning Oʻzbekistonga chetdan kirib kelishi va tarqalib ketishi oldini olish yuzasidan maʼlum chora-tadbirlar koʻrilayotganini maʼlum qildi.

Unga koʻra, Oʻzbekistonda kasallikka chalinganlikda gumon qilinadigan holatlarda laboratoriya tashxislanishini oʻtkazish uchun bojxonalardagi va virusologiya ilmiy tekshirish institutidagi virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilgan. Shuningdek, maymun chechagi kasalligini tashxislash uchun zarur boʻladigan diagnostika va test sistemalarini olib kelish yuzasidan ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Bundan tashqari, masʼul kasallikka gumon holatini erta aniqlash uchun qabulxona va yuqumli kasalliklar shifoxonalarida teri toshmalarining barcha koʻrinishlari, jumladan, maymun chechagining oʻziga xos belgilarini aniqlash maqsadida shifokorlar bilan oʻquv seminarlari tashkil qilish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish