Qidirish

22:15 / 2024-08-10 1028 0 Maqolalar

“Xodim oʻgʻri boʻlsa dardimizni kimga aytamiz?” yoxud Bahodir Gʻulomov ishi nimadan boshlangan edi?

Oʻzbekistonda olamshumul korrupsiya holatlaridan biri 15-yillik qamoq jazosi bilan yakun topdi.

Oʻzbekistonda olamshumul korrupsiya holatlaridan biri 15-yillik qamoq jazosi bilan yakun topdi. 2024-yilning 13-fevral kuni Buxoro viloyatining Kogon tumani prokurori Bahodir Gʻulomov 90 ming AQSH dollarni pora sifatida olayotganda DXX xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Ish hujjatlariga koʻra, u katta miqdordagi pullarni qidiruvdagi shaxsga qoʻllangan qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va jinoyat ishi boʻyicha yengillik qilib berish evaziga olgan.

Sud hujjatlarida yoritilishicha, keyinchalik sobiq prokuror firibgarlik va juda koʻp miqdorda pora berish jinoyatlarini sodir qilganlikda ham aybli deb topilib, jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudi tomonidan 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Fevralda sodir boʻlgan holatdan soʻng 16-fevral kuni Andijon viloyatida oʻtgan yigʻilishda prezident Shavkat Mirziyoyev pora bilan qoʻlga tushgan Bahodir Gʻulomov haqida toʻxtalib oʻtgandi. Davlat rahbari oʻshanda bu ish ertaga suddan qaytmasligi kerakligini taʼkidlab, jinoyat tafsilotlari haqida toʻliq maʼlumotlarni ochiqlagan. Shavkat Mirziyoyev holat haqida gapirar ekan, Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshevni tanqid qilib, oʻzi kurashchi boʻlib, xodimi oʻgʻri boʻlsa, dardimizni kimga aytaylik deya xalqqa yuzlangan edi.

Sud sobiq prokurorni firibgarlik va juda koʻp miqdorda pora berish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topgan. Shuningdek, hukm bilan Gʻulomovning jinoiy sheriklari Najmiddin Noʻmonov 11-yil muddatga, Zafar Odilov esa 12-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ular prokurorning qoʻliga pora pullari kelishida oʻrtadagi vositachi vazifasini bajargan. Jabrlanuvchi esa “Kogon yogʻ-ekstraksiya zavodi” aksionerlik jamiyati taʼsischilaridan biri Ismadjonov Bahodir Gʻulomov kelishilgan puldan qisman olib hech qanday yordam bermaganligi sabab Oʻzbekiston Respublikasi DXX raisi nomiga ariza bilan murojaat qilishga majbur boʻlgan. U prokuror bilan oʻrtalarida boʻlib suhbatlar audiosini isbot sifatida DXXga topshirgan. Effect.uzʻda mavjud sud hujjatida Bahodir Gʻulomov goʻyoki ishni Buxoro viloyati prokurorining birinchi oʻrinbosari Kamolov orqali hal qilishga uringani koʻrinadi. Ajablanarlisi, ish hujjatida hatto Bosh prokuraturaning yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorlari haqida ham soʻz borgan boʻlib, Gʻulomovning jinoiy sherigi Odilov jinoyat ishini Bosh prokuratura yurituviga oʻtkazish orqali tugatib berishni vaʼda qilib, jabrlanuvchidan 700 ming keyinchalik esa 300 ming dollar pora soʻragan.

Sud hukmida keltirilishicha, Bahodir Gʻulomov Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelib firibgarlik yoʻli bilan oʻzganing juda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini qoʻlga kiritish maqsadida 2024-yil yanvar oyi boshlarida N.Noʻmonov va xavfli retsidivist boʻlgan Z.Odilov bilan jinoiy til biriktirgan.

Ular Buxoro viloyat prokuraturasi oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boʻlimi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yogʻ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha jamiyat taʼsischilaridan birining ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov eʼlon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSH dollari miqdorida pora soʻrashgan.

Shundan soʻng, amaldagi prokuror Bahodir Gʻulomov 2024-yil 15-yanvar kuni Buxoro shahrida joylashgan “Turon” mehmonxonasi oldida 100 ming AQSH dollarini jinoiy sherigi N.Noʻmonov orqali olgan. Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, “Kogon yogʻ – ekstraksiya zavodi” AJga aloqador shaxslarni Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga takroran 100 ming AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan hamda firibgarlik yoʻli bilan 44 ming AQSH dollarini qoʻlga kiritgan.

Shundan 10 ming AQSH dollarini Z.Odilov olib, qolgan 34 ming AQSH dollarini N.Noʻmonov kelgusida Bahodir Gʻulomovga berish uchun oʻzida saqlagan.

2024-yil 13-fevral kuni Buxoro shahar markaziy kasalxonasi yonida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bahodir Gʻulomov Noʻmonov orqali 56 ming AQSH dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davomida sudlanuvchi N.Noʻmonovning Cobalt mashinasidan “Kogon yogʻ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha jamiyatga aloqador toʻrt nafar shaxslarni tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga soʻralgan 100 ming AQSH dollari hisobidan 34 ming AQSH dollari mavjudligi aniqlanib, tegishli tartibda bayonnoma asosida olingan.

Sud majlisida sobiq prokuror aybiga iqrorlik bildirmasdan, soʻzining oxirida qisman aybini tan olib, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon ekanligini, davlat rahbaridan kechirim soʻrashini aytgan hamda suddan oʻziga nisbatan qonuniy yengillik berishni soʻragan.

Sud hukmi bilan Bahodir Gʻulomov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi juda koʻp miqdorda firibgarlik, 28 orqali 211-moddaning 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan juda koʻp miqdorda pora berishda ishtirokchilik jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan. Sud unga 3-yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Maʼlumot oʻrnida, Bahodir Gʻulomov 1984-yil Buxoro viloyatida tugʻilgan, toʻrt nafar farzandi bor, u Kogon tumani prokurori lavozimiga 2022-yil aprelda tayinlangan. Gʻulomov Kogonda ish boshlagunga qadar Buxoro viloyati prokuraturasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlagan.

Gʻulomovning korrupsiyaviy ishiga oʻxshash yana bir holat boʻyicha sud hukmi oʻqildi. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi boshligʻi mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxsga sudya tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, soʻralgan pul mablagʻidan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur mansabdor shaxs muqaddam oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, hibsxonada saqlanayotgan ushbu fuqaroning oila-aʼzolari bilan uchrashishi hamda uyidan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishi uchun ruxsat berish evaziga 400 AQSH dollari ham olgan.

Holat yuzasidan sud ishi JIB Forish tumani sudida koʻrib chiqilib, sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi Jinoyat Kodeksining bir nechta moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 2-yil 6 oy muddatga IIV tizimidagi mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6,5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Oʻzbekistonda jinoyatlarga qarshi kurashadigan ularni fosh qiladigan tashkilot xodimlari yuqoridagi ikki holatdan oʻzlariga yetarlicha xulosa chiqarishlari kerak. Axir aytishgan-ku, qingʻir ishning qiyigʻi 40-yilda ham chiqadi. Hurmatli davlat idoralari xodimlari, hurmatli fuqarolar nafsingizni koʻp pul bilan qondiraman deya, oʻzingizni jinoyat qurboniga aylantirmang. Zero, toʻrt devor ichiga kirganda keyin kechirim soʻrashga ancha kech boʻladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish